Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:11

Rossiya Bojxona ittifoqiga kirishi uchun Qirg‘izistonga 500 million dollar beradi


Rossiya mazkur mablag‘ Qirg‘izistonning Moskva yetakchiligidagi Bojxona ittifoqiga kirishiga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni uchun sarflanishiga umid qilmoqda. Rossiya avval ham Qirg‘izistonga Bojxona ittifqiga kirsa 1 milliard dollar berishni va‘da qilgan, biroq shu kungacha bu va‘da faqat so‘zligicha qolib kelmoqda.

Rossiya Qirg‘izistonga Bojxona ittifoqiga kirishi uchun 500 million dollar berishni va‘da qilgani Putin va Atambayev 11 avgust kuni Sochida uchrashganidan so‘ng ma‘lum bo‘ldi. Bu uchrashuvda Qirg‘iziston prezidenti Atambayev hamkasbi Putinga Qirg‘iziston shu yilning oxirigacha Bojxona ittifoqiga kirishga tayyorligini aytib, buning uchun Kreml Bishkekni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi kerakligiga shama qilgan:

-Qirg‘iziston strategik hamkori Rossiya bilan munosabatlarni mustahkamlashdan manfaatdor. Albatta, shu yilning oxirigacha Qirg‘iziston Bojxona ittifoqiga, Yevrosiyo iqtisodiy hamkorligiga qo‘shilishga tayyor. Bu borada o‘zaro qiziqish, real yordam bo‘lsa. Qirg‘iziston bu yo‘nalishda faol ishlayapti, -dedi Atambayev.

Rossiya va Qirg‘iziston prezidentlari uchrashuvidan ko‘p o‘tmay, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov matbuot anjumani o‘tkazib, Kreml Qirg‘izistonning Bojxona ittifoqi bazasida tashkil qilingan Yevrosiyo iqtisodiy hamkorligiga qo‘shilish harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million dollar qarz berishga tayyor ekanini bildirdi:

-Bu mablag‘ Qirg‘izistoning Yevrosiyo iqtisodiy hamkorligiga kirish jarayonini yengillashtirish uchun Rossiyaning hissasi, Rossiyaning qo‘llovi desak bo‘ladi, - dedi Lavrov.

Rossiya Qirg‘izistonni Bojxona ittifoqiga kirishini qo‘llab –quvvatlash maqsadida bundan oldin 1 millard dollar mablag‘ga ega bo‘lgan qirg‘iz-rus jamg‘armasini tuzishga ham va‘da bergan edi. Qirg‘iziston hukumatining bildirishicha, bu mablag‘ shu kungacha berilgan emas, biroq Rossiya bu pulni ikki yil ichida Bishkekka o‘tkazib berishini ma‘lum qilgan.

Ayni paytda Qirg‘iziston muxolifati Rossiyadan olinadigan qarzlar unumli ishlatilmasligi va hukumat amaldorlari tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilishini iddao qilmoqda. Qirg‘iziston parlamentidagi muxolifatchi deputat Ravshan Jeenbekov Qirg‘iziston tarixida Rossiya va‘da qilgan loyihalarning birortasi amalga oshmaganini aytdi:

- Rossiyadan berilgan qarzlar bizning tariximizda biror marta samarali foydalanilgan emas. Masalan, Bakiyev davrida Rossiya 300 million dollar bergan. Bu pulning 100-150 millionga yaqini Qambarota GESini qurishga ishlatilgan. Qolgan 150-200 million dollari qayerga yo‘qolganini shu kungacha qidirib topa olmayapmiz. Rossiya berishni va‘da qilgan 500 million dollarning ham asosiy qismi o‘g‘irlanadi, -dedi Ravshan Jeenbekov.

Rossiya bundan tashqari Qirg‘izistonga Qambarota-1 va Norin GES kaskadlarini hamkorlikda qurish, bu qurilishlarga pul ajratish haqida va‘da bergan. Mazkur yo‘nalishda imzolangan shartnomalarga muvofiq, GESlarni qurish shu yilning bahorida boshlanishi kerak edi. Biroq bu loyihalarni amalga oshirish shu kungacha boshlangan emas.

O‘tgan yili Rossiya Qirg‘iziston armiyasini 1 milliard dollarlik qurol bilan ta‘minlashga va‘da bergan. Bu va‘da ham va‘daligicha qolib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG