Линклар

logo-print

13 avgust kuni sotuvga chiqarilgan benzin viloyatda kamida bir haftadan beri kuzatilayotgan yonilg‘i taqchilligini biroz yumshatishi mumkin, lekin xorazmlik iste‘molchilarning benzinga ehtiyoji qachon to‘la qondirilishi noma‘lum qolmoqda.

Xorazm viloyatida benzin bir haftadan beri yo‘qligi to‘g‘risida Ozodlik tinglovchilaridan kelgan bir necha xabarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish Davlat inspektsiyasining Xorazm viloyatidagi hududiy boshqarmasidagi manba tasdiqladi.

- Xorazmda chindan ham benzin taqchil edi. Lekin sababi nimada ekanligini ayta olmayman. Neft bazalariga benzin kelmayapti. Lekin bugun benzin chiqarildi. 70 tonna benzin tarqatildi, dedi manba.

Uning aytishicha, "sotuvga chiqarilgan 70 tonnalik benzin butun viloyat uchun, albatta, ozdir, chunki bir kunlik ehtiyoj - 200 tonna".

Inspektsiyadagi Ozodlik manbasi kuniga 200 tonnalik me‘yorga qachon yetilishi mumkinligini ayta olmadi.

"So‘nggi bor qachon bu me‘yorda benzin sotilgan Xorazmda?" degan savolga javoban manba, “Ancha bo‘ldi, o‘tgan yillari”, deb javob berdi.

Ozodlik Xorazm Neft bazasi bilan ham bog‘landi, lekin u yerdan vaziyatni tushuntirib berishi mumkin bo‘lgan mutasaddi topilmadi.

Ozodlikning Xorazm viloyatidagi tinglovchilarining xabar qilishicha, kamida bir haftadan beri viloyatdagi yonilg‘i qo‘yish shahobchalarida benzin yo‘q.

Masalan, To‘rtko‘l tumanidan kelgan xabarda aytilishicha, tumandagi AYoQShlar yopiq, lekin benzinni qo‘ldan topish mumkin: 1 litri 5000 so‘m.

Bu xabarni tekshirish uchun boshqa bir to‘rtko‘llik bilan bog‘landik. Uning aytishicha, benzinning bir haftadan beri yo‘q ekanligi - bor gap gap, lekin qo‘ldagi narxlar hali 5000 so‘mga ko‘tarilgani yo‘q.

- Roppa-rosa 6 kundan beri zapravkalarda benzin yo‘q. Qo‘lda bor. Narxi har-xil: 3500 so‘mligi bor, 3200 dan ham olsa bo‘ladi. Har joyda har-xil. Bir hafta oldin zapravkalarda benzin bor edi, shuning uchun qo‘ldagisi narxi qanday bo‘lganini bilmayman, dedi to‘rtko‘llik.

Joriy yil boshidan O‘zbekistonda benzin narxi oshgan, natijada Ai-80 markali bir litr benzinning yangi narxi 1670 so‘m, Ai-91 niki 1835 so‘m, Ai-95 niki esa 2020 so‘m qilib belgilab qo‘yilgan edi.

Xorazmda kuzatilayotgan yonilg‘i taqchilligi keyingi yillarda butun mamlakatda kuzatilayotgan holatdir.

Quyida muammo manzarasi aks etgan bir necha materialimizning sarlavhalarinigina keltiramiz: "Benzin taqchilligi davom etmoqda", "O‘zbekistonda yoqilg‘i bo‘hroni davom etmoqda", "O‘zbekistonda yana yonilg‘i taqchilligi kuzatilmoqda", “O‘zneftmahsulot” benzin taqchilligida “nopok kimsalar”ni aybladi"

XS
SM
MD
LG