Линклар

logo-print

Rossiyadagi Yahudiylar muxtor viloyatida avtohalokatda nobud bo‘lgan o‘zbekistonlik 2 muhojir jasadi hujjat yo‘qligi bois aeroportdan chiqarilmayapti. Mahalliy o‘zbeklardan yig‘ilgan pul bilan marhumlarni O‘zbekistonga jo‘natmoqchi bo‘lgan faollar muammoni hal qilolmay qiynalmoqda.

“Chita-Xabarovsk” yo‘lining Yahudiylar muxtor viloyatidan o‘tuvchi qismida 11 avgust kuni sodir bo‘lgan avtohalokatda o‘lgan 5 nafar mehnat muhojiri jasadini O‘zbekistonga jo‘natishda muammo paydo bo‘ldi.

Namangan viloyatining Chust tumanidan ekani aniqlangan marhumlardan 2 nafari 8 yildan buyon hujjatsiz Rossiyada yashab kelgani aniqlangan.

O‘zbekistonlik mehnat muhojiri Adhamjonning Ozodlikka aytishicha, marhum muhojirlarning hammasi Xabarovsk o‘lkasidagi qurilishlarda dallollik qilgan.

- Ismlarini bilmadimu, o‘lganlar ichida bitta o‘zbek xotin ham bo‘lgan. Kecha rasm chiqartirishibdi yaqinlari. Havo kirmasligi uchun kley qilib yopiladigan tobut bor ekan. Nechta odam bo‘lsa shularni tanib olish uchun hammasiga yopishtirish kerak ekan. Tanib bo‘lmaydigan bo‘lib ketgan: qo‘l-oyoqlari, bellari uzilib ketganlari bor ekan. Urilgan mashinada o‘rislardan ikkitasi o‘lgan. Hozir o‘liklar aeroportda, ertalab soat 9da O‘zbekistonga jo‘natvorishar ekan, - deydi Adhamjon.

O‘zbekistonlik bu yigit mahalliy o‘zbek jamoasi o‘lganlarni o‘likxonadan olib chiqish va jo‘natishga qisman pul yig‘ib bergan.

Muhojirning aytishicha, o‘liklarni jo‘natishda aeroportda muammo vujudga kelgan. Jo‘natilayotgan ikki shaxsning mutlaqo hujjati yo‘qligi bois aeroportning bojxona xizmati O‘zbekistondan ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat keltirishni so‘ragan.

- Ikkitasining mutlaqo dokumenti bo‘lmagan ekan: 8 yildan beri shu yerda ekan hujjatsiz. Dokumentsiz umuman jo‘natmas ekan. Pasportlarini qayergadir yashirgan bo‘lsa, hech kim topa olmayapti. Mana men ham bu yerga kelganimga 3 yil bo‘ldi – bez dokument yuribman, pasportni tseyfga solib qo‘yganman. O‘liklarning ikkitasini umuman hozir samolyotga chiqarmayapti, "Hujjati yo‘q", deb. Aeroport muzlatgichida saqlash uchun ham 3 ming rubl kuniga so‘rayapti, - deydi suhbatdosh.

O‘zbekistonlik muhojirning guvohlik berishicha, Birobidjanga ketaverishdagi trassada nobud bo‘lganlar asli Namangan viloyatining Chust shahridan bo‘lgan. Ular Xabarovsk o‘lkasida qurilish ob‘ektlarini pudratga olib, Shimoliy koreyalik noqonuniy mehnat muhojirlarini ishlatib kelish hisobiga yashagan.

Adhamjon o‘lgan chustliklar Birabidjanga pudratga olmoqchi bo‘lgan ish ob‘ektini ko‘rgani borgan va qaytayotganda avtohalokatga uchragan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Yahudiylar muxtor viloyatidan o‘tuvchi “Chita-Xabarovsk” yo‘lining 2133 kilometrida 11 avgust kuni sodir bo‘lgan avtomobil halokatida nobud bo‘lgan yetti kishidan besh nafari O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlandi.

Politsiyaning aniqlashicha, mashinalardan biri katta tezlikda yo‘lning qarama-qarshi qatnov qismiga chiqib ketgani bois halokat yuz bergan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG