Линклар

O‘zbekistonda 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar chiqish vizasini olish uchun mahalliy hokimiyatdan tavsiyanoma olishga majburlanmoqda. Huquq-tartibot organlaridagi manbalar birinchi avgustdan boshlangan bu tartib chetga chiquvchi muhojirlar oqimini bo‘g‘ish va fohishalikning oldini olishga qaratilganini aytmoqda.

Ayollarning xorijga chiqishi yanada cheklandi

O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligidagi Ozodlik manbasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarga chiqish vizasi berilishi jarayonida ilgaridan mavjud bo‘lgan cheklov 1 avgustdan boshlab yanada kuchaytirilgan:

“Aslida, odam savdosi va fohishalikni oldini olish maqsadida 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar pasportiga chiqish vizasi qo‘yish uchun uning turmush o‘rtog‘idan notarius tasdiqlagan ruxsatnoma talab qilinadi. Agar qizning boshi ochiq bo‘lsa, ota-onasi ruxsatnoma berishi shart. Ayol ajrashgan yoki eri o‘lgan bo‘lsa, bu haqda maxsus guvohnomaning notarius tasdiqlagan nusxasi topshiriladi. Birinchi avgustdan boshlab, tuman hokimiyatidan ham tavsiyanoma lozim qilib qo‘yildi”, deydi Ozodlik manbasi.

Ozodlik manbasining aytishicha, ayollarning chetga chiqishi ikki holatda nazorat qilinadi:

“MDH mamlakatlariga chiqish vizasi bo‘lmagan holda sayohat qilinishi mumkinligi e‘tiborga olinib, 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarning pasportiga yumaloq muhr bosishdan oldin ular jiddiy tekshiriladi. Asos topilsa, yumaloq muhr urilmay turiladi. Yumaloq muhr urilgandan keyin pasportiga OVIR stikeri qo‘ydirmoqchi bo‘lganda yana tekshiriladi va albatta, tuman hokimligi tavsiyasi bo‘lishi shart”, dedi Ozodlik manbasi.

Bu mulozim yumaloq muhr urilmasligi uchun mavjud asoslar nimalardan iborat ekanini ochiqlamadi.

Ammo Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, 35 yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol-qizlar avval biror xorij davlatidan deport qilingan bo‘lsa, O‘zbekiston ichkarisida jarimaga tortilgan bo‘lsa yoki fohishabozlikka oid biror ko‘rinishdagi ma‘muriy yoxud jinoiy huquqbuzarlik bilan ayblangan, jazolangan bo‘lsa, ularning pasportiga yumaloq muhr urilmaydi.

Pasport stollariga qat‘iy topshiriq berilgan

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbalariga ko‘ra, o‘tgan oy oxirida Toshkentda tuman pasport stollari va OVIR idorasi mulozimlari maxsus suhbatdan o‘tishgan.

- MXX va prokuratura vakillari ishtirokidagi bu suhbatda odam savdosi va fuqarolarning chet ellarda turli ekstremist guruhlarga qo‘shilib ketishini oldini olish uchun alohida hushyorlik zarurligi uqtirildi. Xususan, 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar, 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning chet elga chiqib ketishi ehtimoli yuqori bo‘lsa, ularning pasportiga yumaloq muhr qo‘yishni kechiktirib turish topshirilgan, - deydi Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbasi.

Ozodlik manbalari bu cheklov sabablarini O‘zbekiston shahar va tumanlaridan xorijga chiqqan mehnat muhojirlarini ortga qaytarishga qaratilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari bilan bog‘lashdi.

Asli fohishalar bemalol chetga ketmoqda

Toshkentdagi nashrlardan birida ishlaydigan va ismi sir qolishini istagan jurnalistning aytishicha, fohishalik maqsadida mamlakatni tark qilmoqchi bo‘lgan ayollar aslida qiyinchiliksiz chiqish vizasini olmoqda:

“Gap shundaki, fohishalik maqsadida chet elcha chiqmoqchi bo‘lgan ayollar tanish-bilishlarini ishga solib tezda OVIR vizasini olishyapti. Ularga tuman hokimligi ham darrov tavsiya yozib beryapti. Lekin oddiy ayollar, talaba qizlarga qiyin bo‘lyapti. Masalan qayinsinglim tavsiya so‘rab, tuman hokimiyatiga borsa ular mahallaga zapros yuborishyapti. Mahalla esa kommunal to‘lov to‘lamagan, mahalla xayriya ishlarida faol emas deb paysalga solmoqda”, deydi toshkentlik jurnalist.

Suhbatdosh ayni paytda O‘zbekiston ichkarisida ham fohishabozlik faollashganiga e‘tibor qaratdi:

“Qo‘yliqdagi ko‘prik tagida ayollar mardikor bozori bor, o‘sha yerga viloyatdan kelgan qosh-ko‘zi kelishgan qizlarni toshkentlik mama rozalar (qo‘shmachi ayollar) oyna yuvdiraman, deb olib ketib fohishalikka o‘rgatmoqda. Kerak bo‘lsa, o‘sha mama rozalar bu qizlarga biometrik pasport va chiqish vizasini tezda olib berib, chet elga jo‘natadi, ungacha ular mahalliy islovotxonalarda ishlab turishadi”, deb hisoblaydi suhbatdosh.

Toshkentdan muammosiz Rossiyaga ketgan F. ismli qiz hikoyasi

Ozodlik muxbiri ayni shu yo‘l bilan Sankt-Petrburgga olib borilgan F. ismli qiz (ismi sir saqlanmoqda - Tahr.) bilan gaplashdi.

21 yoshdagi bu qiz ish izlab Xorazmdan Toshkentga borgan va Qo‘ylikdagi mardikor bozorida R. ismli qo‘shmachi ayol (ismi sir saqlanmoqda - Tahr.) qo‘liga tushganini hikoya qilib berdi.

Bu qiz avvaliga Toshkent va Bo‘stonliqdagi fohishaxonalarda ishlashga majburlangan.

Keyin esa Sankt-Petrburgdagi o‘zbek mama rozalariga topshirilgan. Ozodlik bilan suhbatda bu qiz biometrik pasport olish bilan bog‘liq barcha ishlarni fohishaxona bekalari hal qilib berganini aytdi:

- Xorazmda yurganimda o‘zim pasportni to‘g‘irlay olmagan edim. Lekin Toshkentdagi mama rozalar bir pasda to‘g‘irlab berdi. Ularni OVIRda tanishlari bor, - dedi mardikorlik qilib pul topishni mo‘ljallagan, ammo fohishaga aylanib qolgan F.

Bu suhbatdosh hikoyasi O‘zbekiston hukumatining fohishabozlikni cheklash tadbirlari samarasiz qolayotgani va pirovardida, bu cheklov bilan hukumat minglab yosh ayollarning erkin harakatlanish huquqini toptayotganiga dalil bo‘luvchi yuzlab hikoyalardan biridir.

Ozodlik tez orada F. hikoyasini to‘liq chop etishga hozirlanmoqda.

Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!

XS
SM
MD
LG