Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:53

Muhojirlar qaytishi oldidan Rossiyadan O‘zbekistonga aviachipta qimmatladi


Rossiya-O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni amalga oshiruvchi shirkatlar chipta narxini bir necha barobarga ko‘tardi. Hozir Peterburgdan O‘zbekistonning istalgan shahariga uchish uchun eng arzon chipta narxi 550 AQSh dollaridan oshdi. Aviashirkatlar narx oshishini uyga qaytayotgan muhojir ko‘paygani bilan izohlamoqda.

Rossiyaning shimoliy poytaxti Sankt-Peterburgdan Ozodlikka murojaat qilgan Jasurbek oxirgi bir haftada O‘zbekistonga parvoz qilayotgan uchoqlarga sotilayotgan chipta narxi may oyidan buyon qariyb 4 barobarga oshganini gapirdi.

- Buxoroga uchmoqchi edim. Aviakassaga borsam “Bilet 18-19 ming rubl”, deb aytyapti. Internetda ko‘rsam ham shu ahvol – narxlar oshib ketgan. Bu nima bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin? May oyida 4 ming 800 – 5 ming 200 rubl edi Buxoro, Toshkentga uchish. Hozir 4 barobar oshgan! Ortga qaytish mumkin arzonroq. Bir kassa yonidagi boladan so‘rasam, hozir shu narx, deyishdan beriga o‘tmadi. Piterdan avtobus yurmaydi, faqat Moskvadan. Poyezdda borishga 4 kun vaqt ketadi. Bilmadim, bugun borsam 20 ming so‘rasa kerak, - deydi Jasurbek.

Peterburgda mehnat qilayotgan bu muhojir yigitning aytishicha, o‘tgan yili shu vaqtda u aviachiptalarni 12 ming rublga sotib olgan.

Rossiya-O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha Domodedovo aeroportida aviachiptalarni sotish bilan shug‘ullanayotgan Anatoliy ismli shirkat vakili Ozodlikka javoban bu ma‘lumotni tasdiqlab, hozir Moskvadan O‘zbekistonga parvoz qilayotgan reyslarga aviachiptalar narxi ham kun sayin oshib borayotganini ma‘lum qildi.

- Yaqin kunlarda Moskvadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentga uchadigan uchoqlarga chipta yo‘q. Yo‘lda uchoq almashtirishga to‘g‘ri keladi va uninng narxi ham 20 ming 218 rubl.

Odamlar uyiga qaytyapti o‘xshaydi, shunga narxlar keskin oshirildi, - deydi narx oshishini talab va taklif mutanosibligiga yo‘ygan Moskvadagi aviachipta sotuvchi kompaniya vakili.

Suhbatdosh, shunga qaramasdan, Toshkentdan Moskva va Rossiyaning boshqa shaharlari yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxlari oshmagani, masalan, Toshkent-Moskvaga kelgusi ikki hafta ichida borish-kelish 29 ming rubldan oshishini aytdi.

Ozodlik suhbatlashgan Rossiyadagi aksar mehnat muhojirlari aviayo‘nalishlar narxi keskin oshishi ortidan, odatdagidek, O‘zbekistonga poyezd, avtobus va avtomobilda ketayotganlar soni ko‘payishini ma‘lum qildi.

Moskva-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ketayotgan avtobus egalaridan biri esa “maksimal qulayliklar bilan” va “qozoq chegarasidagi muammolarsiz” uch kunda manzilga yetib borish mumkinligiga kafolat berdi.

- Aka, ikkita avtobusim bor. Bittasi Balashixada, ikkinchisi Moskvaning o‘zida. Bittasiga 103 tadan 120 kishigacha sig‘diraman, boshqasiga 60 ta uraman. Narxi bir kishiga 4500 rubl. 120 kishilikda narx arzonroq – 4 ming rubl. Qozoqlar sizni umuman bezovta qilmaydi: chegarachi chiqib faqat familiyangizni yozib oladi - avtobusdan daje tushmaysiz... Bilet narxi srochno ketaman deganga 25-30 ming rubl orasida. Sentyabr o‘rtalariga ham narx 13 ming 700 rubl. Bilmadim nega, lekin bu yil narx ertaroq ko‘tarildi samolyotga. Hozir ketadigan payt bo‘lib qoldi, odamlar sekin-asta qaytyapti. Shuning hisobiga srochniy biletlar bir tarafga 1 ming dollardan oshib ketishi mumkin. Bizda puli yo‘qlar ketadi, biz shunaqa odamlarni ham olamiz, - deydi Bek ismli o‘zbekistonlik avtobuschi yigit.

Бек билан суҳбат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:25 0:00
Бевосита линк

Bek hozirga kelib poyezdga ham chipta narxi oshgani va 10 ming rublga yetganini aytmoqda.

2009 yildan beri o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari son jihatdan Rossiyadagi xorijliklar orasida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 2 million 700 ming, norasmiy manbalarga ko‘ra, kamida 5 million o‘zbekistonlik muhojir bor.

XS
SM
MD
LG