Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:53

Hindistonlik vazir 250 hind O‘zbekistonda qul qilinganini da‘vo qilmoqda


Hindistonning Andhra-Pradesh shtati Axborot vaziri mamlakatning 250 fuqarosi olti oy avval O‘zbekistonga aldab olib borilib, qurilishda qul qilib ishlatilganini da‘vo qilmoqda. Hozircha bu fuqarolar qanday qilib O‘zbekistonga borgani va ularni qaysi shirkat yollagani oshkor qilinmadi. Hindiston huquq-tartibot idoralari bu yuzadan surishtiruv boshlagan.

Hindistonning Andhra-Pradesh shtati Axborot vaziri Palle Ragxunata Reddi "NDTV" telekanali bilan suhbatda hindistonlik ishchilar oyiga 60 ming rupiy (qariyb, 700 AQSh dollari) miqdorida maosh va‘dasi bilan O‘zbekistonga keltirilgani, keyin esa ularning pasportlari olib qo‘yilib, kuniga 16 soatdan qul qilib ishlatilganini da‘vo qildi.

“Ishchilar yerto‘lalarda suvsiz, ovqatsiz majburlab ushlab turilgan”, - dedi vazir janoblari "NDTV" telekanali bilan suhbatda.

Andhra-Pradesh shtati Axborot vaziri hindistonlik ishchilardan biri bilan shaxsan suhbatlashganini ham aytdi va suhbat chog‘ida ishchi mahalliy muxandislardan biri ularni kaltaklaganini ham da‘vo qilganini qo‘shimcha qildi.

Ozodlik muxbiri bu haqda to‘liqroq ma‘lumot olish uchun Andhra-Pradesh shtati Axborot vazirligiga qo‘ng‘iroq qildi.

Vazirlikning axborot xizmati xodimi Dana Kishor hozir bu ishchilarning O‘zbekistonga borib qolgani va u yerda ekspluatatsiya qilinganiga oid iddaolar bo‘yicha surishtiruv boshlanganini aytdi.

– Biz bu yuzadan Hindiston Tashqi ishlar vazirligi hamda Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat etib ishchilarimizni qullikdan qutqarish, ularga tibbiy yordam berish va zudlikda, Hindistonga kelishlariga yordam berishni so‘radik, - dedi Dana Kishor.

Hindistonlik ishchilar O‘zbekistonga qanday borgan va ularni qaysi shirkat yollagan, ayni paytda ishchilar qayerda va qay ahvolda yashamoqda, kabi savollar hozircha ochiq qolmoqda.

Andhra-Pradesh shtati Axborot vazirligi rasmiysi bu savollarga javob topish uchun Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga qo‘ng‘iroq qilishni tavsiya qildi.

- Biz ham ulardan bu haqda javob kutyapmiz, - dedi hindistonlik rasmiy.

Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi esa hind quruvchilarining taqdiri borasida jurnalistlarga hech qanday izoh bermadi.

Ozodlik muxbiri bu yuzadan Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga bir necha marta murojaat qildi.

Telefon go‘shagini ko‘targan elchixona xodimi: “Hozir hamma band, ertaga Hindistonda Mustaqillik kuni. Shunga tayyorlanishyapti”, deb javob qildi.

"NDTV" telekanali hindistonlik ishchilar O‘zbekistonga Haydaroboddagi Placewell HRD Consultants shirkati tomonidan yuborilgani haqda xabar qildi.

Hozircha ayni shirkatdan izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Ammo, Ozodlikda O‘zbekistonda qul qilib ishlatilgan da‘vo qilingan hindistonlik 250 ishchi taqdiriga oid ma‘lumotlarni yig‘ishda davom etmoqda.

Yangiliklarni Ozodlikda kuzatib boring!

XS
SM
MD
LG