Линклар

logo-print

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi jome‘ masjidlaridan birining qavmi nomidan OzodMikrofonga bog‘langan keksa namozxon ketma-ket ikkita juma namozini o‘qiy olmaganini aytib, arz qildi. Tinglovchi da‘vosicha, masjid imomi safarga ketgach, o‘rniga boshqa imom qo‘yilmagan va qavmga o‘zidan imom tanlash imkoni ham berilmagan.

Paxtachi tumanidan bog‘langanini aytgan keksa yoshli namozxon Abdulloh aka 8-, 15-avgust kunlari u yashaydigan mahallaga qarashli jome‘ masjidida juma namozi o‘qilmagani va bunga mahalliy diniy idora mulozimlarining cheklovi sabab bo‘lganini iddao qildi.

- Bizning masjid imomi yoshgina bir yigit edi. U imomlarning malakasini oshirish kursiga o‘qish uchun ketdi. Uning muovini ham yo‘q edi, o‘rniga ham imom berishmadi, natijada biz 2 ta juma namozini o‘qiy olmadik, - deb da‘vo qildi keksa namozxon.

Uning iddaosicha, 70 namozxon muntazam qatnaydigan jome‘ masjidi jamoasi o‘z orasidan ilmli birini vaqtincha imom qilish istagida tuman imom-xatibiga bog‘langan.

- Ammo, imom-xatib ruxsat bermadi. Agar kimdir imomlik qilsa, ustidan prokuraturaga yozib beraman, deb qo‘rqitdi. Ruxsat berilgan odamlargina imomlik qilishi mumkin ekan. Agar 400 ming so‘m bersak, bittasini imomlikka yuboramiz, deyishdi. Faqat bitta juma namoziga imomlik qilishi uchun 400 ming so‘m berishimiz kerak ekan, - deb da‘vo qildi o‘zini paxtachilik keksa namozxon, deb taqdim qilgan tinglovchi.

Ozodlik bu iddao yuzasidan Paxtachi tumani imom-xatibi va O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasidan izoh olishga urindi, ammo hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

Paxatchilik namozxon iddaosicha, imomsiz qolgan jome‘ masjidi qavmi keyingi juma namozini o‘qiy oladimi yoki yo‘qmi - hanuz bilolmay sarson.

"Biror qavmdoshingizning uyida, jilla qursa juma namozini jamoat bo‘lib o‘qib olsangiz bo‘lmaydimi?" degan savolga bu tinglovchi: "Ruxsat yo‘q" deb javob berdi.

- Faqat ruxsat berilgan jome‘ masjidlaridagina to‘planib namoz o‘qishga ruxsat bor, boshqa joyda o‘qishimiz mumkin emas ekan, nima qilaylik endi, - deb da‘vo qildi paxtachilik tinglovchi.

So‘zlari yakunida bu tinglovchi ayni masala yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasidan izoh olib berishni so‘radi.

Ozodlik bu iddaoga oid boshqa tafsilotlarni surishtirish va unga rasmiy izoh olishga urinishda davom etadi.

Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!

******************************************************************************
Muhtaram mushtariy, agar sizni ham tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz, bizga qo‘ng‘iroq qiling yoki Skypeda biz bilan muloqotga chiqing.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas!

XS
SM
MD
LG