Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:59

Ukraina harbiylari Luganskdagi militsiya idorasini ishg‘ol qildi


17 avgust kuni Ukraina harbiylari Lugansk shahridagi militsiya idorasi hukumat kuchlari tomonidan ishg‘ol qilganini bildirdi. Rossiya chegarasiga yaqin joylashgan Lugansk shahrini Rossiya tarafdori bo‘lgan ayirmachilar aprel oyidan beri nazorat qilayotgan edi. Yakshanba kuni ayirmachilar Lugansk viloyatida armiyaga qarashli MIG-29 uchqichini urib tushirdi.

17 avgust kuni Kiyevda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi matbuot kotibi Andrey Lisenko hukumat kuchlari mamlakat sharqida olib borgan amaliyotlar haqida jurnalistlarga quyidagilarni ma‘lum qildi.

- Kecha, Luganskdagi Velika Verxunkada shiddatli janglar bo‘lib o‘tganidan so‘ng, Ukrainaning aksilterror kuchlari Jovtneviy tumanidagi militsiya idorasini o‘z nazoratiga oldi va bino ustiga Ukraina davlat bayrog'i tikildi. Shuningdek, Donetsk viloyatidagi Jdanovka shahri ham ozod qilindi. U yerda ham mamlakat milliy bayrog‘i ko‘tarildi, - deya bayonot berdi Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi matbuot kotibi.

Andrey Lisekno so‘nggi 24 soat davomida Rossiyadan Ukrainaga yangi harbiy qurilmalar, jumladan, uchqichlarga qarshi ishlatiladigan uchta “Grad” tizimi kirib kelayotgani kuzatilganini ma‘lum qildi.

17 avgust kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Ukrainadagi ayirmachilarga harbiy texnika jo‘natgani haqidagi ayirmachilar iddaosini inkor qildi.

Peskovning raddiyasi o‘zini Donetsk Xalq Respublikasi deb e‘lon qilgan Respublikaning Bosh vaziri Aleksandr Zaharchenko 16 avgust kungi chiqishida Rossiyadan 150ta zirhli mashina, jumladan, 30ta tank hamda so‘nggi to‘rt oy davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan 1200 kishi ayirmachilarga kelib qo‘shilganini iddao qilganidan keyin yangradi.

Yakshanba kuni Ukraina rasmiylari Rossiya tarafdori bo‘lgan ayirmachilar Lugansk viloyatida armiyaga qarashli MIG-29 rusumidagi uchqichni urib tushirganini ma‘lum qilgan edi.

Rasmiylarga ko‘ra, parashyutda sakragan uchuvchini Ukraina harbiylari qutqargan.

Ayni paytda Rossiya va Ukrainaning chegara va bojxona rasmiylari Rossiya 280ta yuk mashinasida jo‘natgan 1856 tonna gumanitar yordam yuklarini to‘liq tekshirish borasida kelishuvga erishdi. Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti kelishuv qanday bajarilayotganini kuzatishini bildirdi.

Rossiyadagi axborot agentliklari xabariga ko‘ra, yakshanba kuni 16ta yuk mashinasi gumanitar karvondan ajralib, Rossiya tomonidan chegara punktiga qarab ketgan.

Undan oldin Moskvadagi Xalqaro Qizil Xoch rasmiylari gumanitar yordam yuklari ortilgan mashinalar karvoni to‘xtab qolgan joyga tashkilot inspektorlari yetib borgani va tekshiruv 17 avgust kuni boshlanishi ehtimoldan yiroq ekanini ma‘lum qilgan.

Kiyev rasmiylari xalqaro tashkilot ruxsat bermaganini bahona qilib, mashinalar karvoni Ukraina hududiga kirishiga qarshilik qilib kelayotgan edi.

Ayrim ukrainaliklar Rossiyani, gumanitar yordam bahonasida, ayirmachilarga qurollar yetkazib berishga urinayotganlikda ayblagan.

Rossiya rasmiylari ushbu ayblovlarni keskin rad qilgan.

Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti rasmiylari gumanitar yordam ortilgan mashinalar chegarani kesib o‘tmasidan avval Ukraina sharqida urishayotgan tomonlardan gumanitar yordam karvoniga hujum bo‘lmasligi haqida kafolat berilishini kutayotganini ma‘lum qildi.

XS
SM
MD
LG