Линклар

O‘zbekistonda oliygohga kiruvchilar uchun test natijalari e‘lon qilinishi ortidan Ozodlikka bu natijalardan rozi yoki norozi bo‘lgan abituriyentlardan turfa xabarlar kelishda davom etmoqda. E‘tirof etish kerakki, ular orasida test natijalaridan qoniqib, xursandchiligi bilan o‘rtoqlashgan o‘zbekistonlik yoshlardan kelgan xabarlardan ko‘ra tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, o‘zini poda boqishga ko‘ndirayozgan yoki Rossiyaga mardikorchilikka chiqib ketish orzusida yurgan yoshlardan kelganlari ko‘proqdir.

"Yanagi yil ham shu holat kuzatilarmikan?"

Ozodlikka Jizzaxdan yozgan abituriyent bu yilgi test sinovi o‘zi uchun “razvedka” bo‘lganini aytadi:

“Men kollejni bitirdim va institutga hujjat to‘g‘irladim va Jizzax Politexnika institutining Kasb ta‘lim Informatika yo‘nalishiga topshirdim. Men kutgan kun keldi - 1 avgust. Oq ko‘ylak, qora shimda imtihon sari otlandim. Men umuman Institutga tayyorlanmadim, sababi Jizzax Transport-aloqa kasb-hunar kollejida talaba edim. Kollejni tashlab, repititorga borish kerak edi, men esa unday qilmadim. Institutga topshirganimning sababi - imtixon qanday bo‘ladi, kimlar qatnashadi, nima qilish kerak - o‘shalardan xabardor bo‘lib, keyin kirish edi”, deb yozadi jizzaxlik abituriyent.

Bu mushtariy sinov chog‘ida o‘zi ro‘baro‘ kelgan g‘irromlik haqida ham xabar qiladi:

“Imtihon boshlandi. Tushungan savollarimni belgiladim, tushunmagan savollarimni esa yo‘q. Imtihonga telefon, shpargalka ham olib kirmadim, o‘zimcha haqqoniy o‘tishini xohladim va atigi 68 ball natija to‘plabman. Men bundan afsuslanmayman. Lekin men bilan yon partada o‘tirgan bola telefon olib kiribdi - bir emas, ikkita. Savollarni iPhone telefonida rasmga olib, WhatsAppdan yubordi va telefonini yashirib qo‘yib, javoblarni oddiy Nokia telefonida SMS orqali qabul qildi. Biz ikkalamiz 1-qatorning orqarog‘ida edik. U bemalol telefondan foydalandi, garchi eshikda qo‘riqlash xizmati odamlari kuzatib turgan bo‘lsa ham. Endi natijani qarang, u bola 4-bo‘lib byudjetga kiribdi. Qani bizda demokratiya, qani inson huquqlari, qani qonunchilik? Men achinganim shuki, yillab tayyorlangan abituriyent egallashi kerak bo‘lgan joyni umuman tayyorlanmagan kishi egalladi. Men o‘zimga hayron bo‘lib qoldim, yanagi yil ham shu holat kuzatilarmikan yoki shu oxirgi yilmikan?” – deya ritorik savol bilan yakunlaydi o‘z xatini jizzaxlik mushtariy.

“Poda boqishgayam odam kerak-da”

Xorazmlik mushtariy esa yuqori ball jamg‘arganiga qaramay, bu yil ham talaba bo‘lish orzusi ushalmaganidan o‘kinadi:

“Mana biz 3 yildirki, institutga kirish uchun imtihon topshiramiz, lekin bu yilgiday baland ball to‘plamagandim! 154 ball, lekin shu balim ham kontraktga ilinishimga yetmadi. UrDUning Tarix fakultetiga bunday ball bilan o‘tgan yili grant bo‘lgan ekan abituriyentlar! Bilmadim, bu yil nega buncha baland, harbiy imtiyozga ega abiturentlarning kasrimi, dekanlarningmi - bilmadim!!! “Biliming bo‘lsa, sen ham ol 160/170 ballni” dersiz, lekin bu ballar oddiy qishloq yigiti uchun orzu-ku! Nimayam qilardik, poda boqishgayam odam kerak-da...”, - deb yozadi xafaligini yashirmagan xorazmlik mushtariy.

Haqiqiy bilimlilar bellashuvi

Ammo o‘zbekistonlik yoshlar orasida test natijalaridan qoniqish hosil qilib, “test sinovlari adolatli o‘tdi” deya e‘tirof etayotganlar ham kam emas. Bunga misol sifatida shofirkonlik mushtariylardan kelgan xabarni keltirish mumkin:

"Buxoroda natijalar a‘lo! Shofirkon tumanidagi hamma abituriyentlar uyida qiy-chuv, xursandchilik! Hamma adolatli imtihon natijalarini e‘tirof etyapti. Bu yilgi imtihon haqiqiy bilimlilar bellashuvi bo‘ldi. Hozircha xulosalarimiz shunday!" deb yozadi shofirkonliklar.

Dilbarim avvalgidek

Bu yil ham o‘tgan yildagi bilan bir xil ball olgan qoraqalpog‘istonlik mushtariy bu borada o‘z shubhalari bilan o‘rtoqlashadi:

“Nukus Davlat Pedagogika institutiga ikki yildan beri imtihon topshiraman. Ikki yildan beri shu natija - bir xil ball? Tushunmayapman, men imtihon paytida savollarning ko‘pini bilib belgilagandim! Eh, “pul turgan yerda haqiqat jim turarkan” deb to‘g‘ri aytadilar ekan”, deb yozadi qoraqalpog‘istonlik mushtariy.

“Imtihondan o‘tolmadim, pechatimni bosib bering”

Talaba bo‘lish orzusiga yetolmaganidan keyin taqdirga tan berib, endi uch-to‘rt so‘m topish tashvishiga tushgan boshqa bir mushtariy esa xorijga chiqish bilan bog‘liq muammoga duch kelishga ham ulguribdi.

“Pasportga chetga chiqish pechatini nega bosib berishmayapti? Avval “kollej o‘quvchilariga mumkin emas, kollejni bitirganidan keyin bosamiz”, deyishgandi. Mana, o‘qishni tugatdim, universitetga topshirdim, imtihondan o‘tolmadim. Endi bugun militsiyaga borsam, “bosib bermaymiz”, deyishyapti. Nima sababdan pechatь bosilmayapti? Ba‘zilar: “Saylov sababli” deyishyapti, shu rostmi?” deya savol tashlagan o‘zbekistonlik bu mushtariy gap qaysi saylov haqida ketayotganiga aniqlik kiritmabdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning dekabr oyida O‘zbekistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, mazkur saylovlardan uch oy o‘tgach, prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi kerak.

XS
SM
MD
LG