Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:16

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish test natijalari e‘lon qilindi


O‘zbekistondagi minglab abituriyentlar intiqib kutgan kun nihoyat keldi: 15 avgust kechki paytdan boshlab imtihon natijalari SMS orqali ma‘lum qilina boshladi. Elektron xabarga qanoat qilmagan abituriyentlar esa natijalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun 16 avgust tongidan oliy o‘quv yurtlariga oshiqdi.

Test natijalari: g‘alvir suvdan ko‘tarilganda

Kimdir yurak hovuchlab ro‘yxatdan o‘z natijasini qidirmoqda, yana kimdir xursandchilikdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay, yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilmoqda, yana kimdir nadomat bilan do‘ppisini yerga urmoqda. Nachora, omad hamisha kulavermaydi! “Yiqilgan”larga hujjatlarini qaytarish ham boshlab yuborilgan.

Quyida O‘zbekiston milliy va Toshkent davlat texnika universitetlaridagi mandat jarayonidan olingan suratlar bilan tanishing.

15 avgust Toshkent vaqti bilan soat 22:00 dan boshlab o‘zbekistonlik abituriyentlar test sinovi natijalarini SMS orqali ola boshladi.

Ozodlik radiosiga birinchilardan bo‘lib bog‘langan mushtariylarimiz o‘z xursandchiliklarini bildirishdi: ​

"Buxoroda natijalar a'lo! Shofirkon tumanidagi hamma abituriyentlar uyida qiy-chuv Xursandchilik! Hamma adolatli imtihon natijalarini e'tirof etyapti Bu yilgi imtihon haqiqiy bilimlilar bellashuvi bo'ldi. Hozircha xulosalarimiz shunday!"

"Uraaaaaaaaaaa TATu ga kiribman sms keldiiii".

Xorazmlik Ilxom aka ham qizining o‘qishga kirganidan boshi osmonga yetganini aytadi.

-Qizim davlat grantiga qabul qilinibdi. O‘z bilimi bilan kirdi. Ataylab qo‘chqor boqib qo‘ygandim, o‘qishga kirsa so‘yamiz, deb niyat qilgandim. Bugun ertalab shu qo‘chqorni so‘yib, qon chiqarivordik, -deydi Ilhom aka.

"DTM test natijalari faqat Ucell abonentlariga kelishi boshladi bu loqaydlik emasmi DTM uchun"

Bunkerni yordami tegdi

Qarshi Davlat universitetida test sinovlarini bunkerda yechib bergan talabaning aytishicha, uning abituriyentlari shartnomaga yetadigan ball to‘plab, talabalikka qabul qilingan.

"Test imtixonlari qabul qilingan bino yaqinidagi bir uyni ijaraga olib, o‘sha kerda bunker tashkil qilgan edik. Men o‘zim uch abituriyentning test savollarini ishlab berdim. Uchalovi ham kontraktga ilindi. Afsuski byudjetga tortmadi. Agar ular byudjetga o‘qishga kirganda dogovordagi pulni olgan bo‘lar edikm. Endi, ozroq bo‘ldi, lekin shunisiga ham shukur. O‘zim ham talabaman, kontrak pulimga yordam bo‘ladigan mablag‘ni ishlavoldim", - deydi ismi sir qolishini istagan qarshilik talaba.

Click xizmati orqali ham test natijalarini bilish mumkin

Bu yil oliygohlarga kirish imtihonlarini topshirgan abituriyentlar test sinovi natijalarini onlayn plastik kartochkalariga ulangan Click xizmati orqali ham bilib olishlari mumkin.

Bu haqda Toshkentdagi Click shirkati xodimasi Ozodlikka shularni aytdi:

– Click hizmatiga ulanib, bilsa bo‘ladi. Hozir biz DTM bilan hamkorlikda shu xizmatni yo‘lga qo‘ydik. Imtihon natijalari Davlat Test markazidan olingandan so‘ng avtomatik ravishda SMS orqali yuboriladi. Abituriyent “DTM 2014” bo‘limiga kirib o‘zini raqamini kiritishi kerak bo‘ladi. Bu xizmat 1500 so‘m turadi. Plastik kartochkangizdan shu pul yechib olinadi. Barcha ma‘lumot saytimizda bor, - dedi Click shirkati xodimasi.

Test natijalarini 5100 raqamiga SMS yuborish orqali ham bilish mumkin. Mazkur xizmat faqat Ucell kompaniyasi abonentlari uchun amal qiladi va 0.75 tsent turadi.

Test natijasidan qoniqmaganlar arz qilishlari mumkin

Test natijalaridan qoniqmagan abituriyentlar o‘zlari hujjat topshirgan oliygoh qabul komissiyasiga arz qilishlari mumkin. Buning uchun ular apellyatsiya arizasini topshirishlari kerak bo‘ladi.

Sirdaryolik Jahongir bu yil Toshkent Jahon tillari universitetiga test topshirib, kirolmaganini afsus bilan gapiradi.

- Ataylab universitetga keldim, balki xato bo‘lgandir, deb. Ballim yetmabdi. Ko‘pchilik kirolmaganlar xafa bo‘lib ketyapti. Tez yordam mashinalarini ham olib kelib qo‘yishibdi. Har narsa bo‘lishi mumkin. Buni ko‘tara oladiganlar bo‘ladi, yiqilganini bilib, xushidan ketib qoladiganlar ham bo‘ladi. Mayli, kelasi yil yana urinib ko‘ramiz, hayot davom etadi, - deydi Jahongir.

Bu yil O‘zbekistonda bakalavriatga 57907 talabalik o‘rni ajratilgan. Shulardan 19110 – davlat granti asosida, 37480 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilinadi.

XS
SM
MD
LG