Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:06

To‘xtab qolgan Coca-Colani yangi egalari ishga tushirdi


15 avgust kuni Toshkentda Coca-Cola zavodi mahsulotlari sotuvga chiqarildi. "Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan, LTD" korxonasida o‘tkazilgan taftish bois zavod faoliyati sakkiz oy davomida to‘xtatib qo‘yilgan edi. Ozodlik manbasiga ko‘ra, hozirda egasi o‘zgargan va qayta ishga tushgan zavodda "tozalash ishlari" davom etmoqda.

Toshkentda Cola sotuvga chiqdi

O‘zbekistonda faoliyatini qayta tiklagan Coca-Cola zavodi mahsulotlari juma kunidan boshlab Toshkent shahridagi savdo do‘konlarida sotila boshladi.

Bu haqda Ozodlikka xabar yo‘llagan toshkentlik manba “15 avgustdan poytaxtning 12ta bozoriga Coca Cola maxsus mashinalarda olib chiqilishi” mo‘ljallanayotganini aytdi.

"Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan, LTD" qo‘shma korxonasining o‘zini tanishtirmagan vakili bu xabarni tasdiqladi.

- Bugundan chiqdi sotuvga. Qaysi bozorga chiqqani to‘g‘risida menda ma‘lumot yo‘q, lekin zavoddan sotuvga chiqqani aniq. Yirik bozorlarga chiqqanicha yo‘q: yirik bozorlarga yo ertadan, yo dushanba kundan chiqadi. Menimcha, savdo shoxobchalariga chiqdi,- dedi ismini aytmagan shirkat vakili.​

Coca Cola Toshkent do‘konlariga chiqarildi
Coca Cola Toshkent do‘konlariga chiqarildi

Toshkent shahridagi yirik bozorlarga Coca-Cola haqiqatan sotuvga chiqarilmaganini bozor mutassadilari Ozolikka tasdiqlab oldi.


Ayni paytda ishga tushgan zavod mahsulotlari Korzinka.uz savdo tarmoqlarida paydo bo‘lgani ma‘lum bo‘ldi.

Korzinka.uz vakiliga ko‘ra, hozirda Coca- Cola xaridorlarga cheklangan miqdorda sotilmoqda:

- Chiqdi bugun sotuvga. Lyuboy “Korzinka”dan olaverasiz. 1,5 litrli Cola 3990 so‘m, 1 litrli Fuse Tea choyi – 3190 so‘m. Lekin bizda Solaga cheklov bor ya‘ni xohlagancha ololmaysiz. Bir kishiga maksimum 4 dona beriladi. Zavod to‘liq quvvat bilan ishga tushsa, olib tashlansa kerak. Bu mahsulot faqat “Korzinka”larga chiqarildi, bozorlarda yo‘q hali, - dedi Korzinka.uz vakili.

Coca-Cola korxonasi distribyutorlar tarmog‘i orqali yaqin kunlarda O‘zbekistonning boshqa shahar-tumanlaridagi savdo do‘konlarida ham ichimlikni sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda. O‘zini Sherzod deb tanishtirgan Coca-Cola korxonasining mintaqalardan biridagi vakili uning omborlarga allaqachon zavod mahsulotlari tushirilayotganini tasdiqladi:

- Supermarketlarga berishni boshladi. Biz ham olamiz – bizga berishni boshlaydi. Menda hozir birqancha mahsulotim bor, lekin men sotmayapman. Hisob raqamlarimiz va shartnomalarni tayyorlab olib chiqaramiz. Hozir bizda 1,5 litrli Cola bilan 0,5 Fuse Tea choyi bor. Keyinroq hammasi bo‘ladi, zavod mahsulot berganda bilamiz,- dedi Coca-Cola distribyutorlaridan biri.

Pepsi arzonladi

Coca-Cola mahsulotlari paydo bo‘lishi oldidan O‘zbekiston poytaxtida shirkatning ashaddiy raqobatchisi – Pepsi mahsulotlariga narxlar tushirilgani ma‘lum bo‘ldi.

Pepsi narxlari arzonladi
Pepsi narxlari arzonladi

Podrobno.uz nashri Pepsi-Kolaning O‘zbekistondagi rasmiy vakili International Beverage Tashkent Qo‘shma korxonasi Pepsi ga narxlarning Toshkentning barcha savdo do‘konlarida tushirilganini tasdiqlaganini ma‘lum qildi.

Xabarga ko‘ra, 11 avgust kuni kompaniya bozorda narxlar ustidan nazoratni kuchaytirish va belgilangan narxdan oshirmaslik masalasida maxsus yig‘ilish o‘tkazgan.

Pepsi shirkati o‘z ichimliklariga narxlarning tushirilishini “yozgi mavsumning yakunlanishi” bilan tushuntirgan bo‘lsada, kuzatuvchilar va iste‘molchilar Pepsi narxining pasayishini ichimliklar bozorida shirkatning eng yirik raqobatchisi - Coca-Cola paydo bo‘lgani bilan izohlamoqda.

“Coca-Cola” zavodida “tozalash ishlari" davom etmoqda

Ozodlikning "Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan, LTD" shirkatidagi manbasi ichimliklarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani bilan birga, korxonaning o‘zida ham jiddiy o‘zgarishlar ketayotganini ma‘lum qildi.

Korxona davlat nazoratida. Yangi tayinlangan direktor va boshqaruvchi ayol tomonidan eski xodimlarni ishdan bo‘shatish va psixologik bosim ketmoqda. Eng zo‘r xodimlarni ishdan bo‘shatmoqchi. Ba‘zilari ketib qolishdi”, deya xabar qildi manba.

Kompaniyada “tozalash” ishlari ketayotgani va rahbariyat to‘liq almashganini ma‘lum qilgan manbaga ko‘ra, "qo‘shma korxonaga Faxriddin ismli shaxs bosh direktor lavozimiga tayinlangan. Shirkatni bungacha boshqarib kelgan rahbarlarning ayrimlari hibsga olingan, ishlashni davom etayotganlar “nina ustida o‘tiribdi”, dedi.

Xavfsizlik sabablariga ko‘ra o‘z ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan manba, shirkatda “eskicha boshqaruv usuli tiklangani”, “avj olgan qog‘ozbozlik tufayli” ish unumi keskin tushib ketganini ham qo‘shimcha qildi.

“Eng asosiysi - oylik oladigan kunlar esdan chiqib ketdi”, dedi manba.

O‘zbekistondagi Coca-Cola shirkatini 2013 yilgacha prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova nazorat qilib kelgan. Korxona muammolari 2013 yil oktyabr oyida Gulnora Karimova ustida qora bulutlar paydo bo‘lishidan boshlandi.

Qo‘shma korxonaning 57,12 foizi davlatga qarashli ekani aytiladigan "Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan, LTD" korxonasi boshqaruvchilarining ba‘zilari O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan millionlab AQSh dollari miqdoridagi pullarni noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblangan.

Gulnora Karimova va Gayane Avakyan
Gulnora Karimova va Gayane Avakyan

Gulnora Karimova korxonani o‘z xos yordamchisi Gayane Avakyan vositasida nazorat qilgani aytiladi. Gulnora Karimova va Gayane Avakyan ushbu shirkatning ikki boshqaruvchisi Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlar bilan birgalikda Yevropaning bir nechta mamlakatida ham pul yuvish va poraxo‘rlikda ayblanib, jinoyat tergoviga jalb qilingan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 18 iyul kuni e‘lon qilgan xabarnomaga ko‘ra, Gayane Avakyan, prezident qizining fuqaroviy eri ekani aytiladigan Rustam Madumarov va yana 11 shaxs bilan birga O‘zbekiston Harbiy sudi tomonidan shu yilning 24 may kuni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

“Coca-Cola Ichimligi – Uzbekistan LTD” 1993 yilda ish boshlagan. Rasmiy ochilishi 1994 mart oyiga to‘g‘ri kelgan shirkat o‘sha paytda Gulnora Karimovaning sobiq eri - amerikalik o‘zbek Mansur Maqsudiyga tegishli bo‘lgan.

2001 yilda O‘zbekiston prezidentining qizi erdan ajrashgach, o‘sha paytda 60 million AQSh dollariga baholangan Coca-Cola biznesi Maqsudiylar oilasidan tortib olingan edi.

XS
SM
MD
LG