Линклар

logo-print

Farg‘ona shahrining rekonstruksiya bo‘lgan ko‘chalari prezident Karimovning tashrifidan so‘ng yana qayta qurilyapti. Farg‘onalik manbalarga ko‘ra, buzilib yangi qurilgan do‘konlar yana buzilyapti, mahalla raislari har bir uyning darvozasiga milliy naqsh solish uchun xonadon egalarini yana chiqim qilishga majburlayapti.

Farg‘ona shahrini obodonlashtirish davlat dasturiga ko‘ra, ko‘chalar kengaytirilib, ko‘z tushadigan joylar bo‘yab, bejaldi.

Ammo Farg‘ona shahar hokimligidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, bu bezaklar joriy yilning 26 iyun kuni Farg‘onaga tashrif buyurgan prezident Islom Karimovga yoqmagan.

Prezidentning tanqidini "bosh ustiga" deb qabul qilgan mahalliy hokimiyat yana ko‘chalarni qayta qurishga kirishib ketdi.

Farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashevning Ozodlikka aytishicha, yangi qurilgan bir qancha do‘konlar buzib tashlandi:

- Masalan ikki yil oldin bozor atrofini o‘ragan do‘konlarga kredit berilib, ular ikki qavatli va kapitalniy qilib qaytadan qurilgan edi. Endi esa o‘sha krediti hali uzilmagan do‘konlarni ham buzishyapti. Tekstil tomonga ketadigan ko‘chada ham shu ahvol. U yerda ikki qavatli qilib do‘konlarni qurishgan edi. Endi esa o‘shalar buzilib ichkariroqqa olinishi kerak ekan,- dedi Abdusalom Ergashev.

Huquq faolining aytishicha, shahar rekonstruksiyasiga ajratilgan mablag‘ sarflab bo‘lingani bois yangi qayta qurishlarning xarajati yana mahalliy tadbirkorlarning zimmasiga tushmoqda.

Prezidentga yoqmaganligi uchun boshlangan qayta qurishlar yo‘l chetida joylashgan xonadon egalariga ham yangi tashvishlar keltirmoqda.

Farg‘ona shahridagi Iftixor-1 mahallasida istiqomat qiladigan Ozodlik manbasiga ko‘ra, mahalla raislari xonadonlar darvozalariga “milliylik tusi” berib, prezidentga yoqishga zo‘r berib harakat qilmoqda:

Farg‘ona shahrining asosiy Aeroportga ketadigan ko‘chasi qayta qurib bitirilgandan so‘ng mamlakat prezidentiga yoqmadi. Boshlarini qaysi devorga urishni bilmay qolgan mas‘ul shaxslar yana indamas xalqni ezishga o‘tishdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Turg‘unova Saboxon 1-Iftixor mahallasidan yangi hiyla o‘ylab topdi. Emishki, mahallada milliylik yetishmayotganmish. Shuning uchun xamma uy egalari o‘z darvozalariga temirdan egilgan naqshli figuralarni u kishi topgan firmadan 16000 mingdan sotib olib payvandlashi shart ekan. Shunda mahallaga milliylik tusi berilib, Prezidentga yoqarmish”, deb yozadi farg‘onalik manba.

Ismi sir qolishini so‘ragan Iftixor mahallasi faollaridan birining aytishicha, prezident tashrifidan so‘ng hokimiyat ko‘cha bo‘yidagi hamma darvoza va uylarni bir xil rangda bo‘yash va darvozalarga bir xil naqsh solish haqida topshiriq bergan:

“Qirqqa yaqin uylarni boshqatdan boshqa rangda oqlab bo‘yattirdik. Darvozalarni ham bir xil rangda bo‘yashdi odamlar. Bundan tashqari darvozalarga har biri 16 ming so‘m turadigan naqshlar oldirtirdik. Odamlar norozilik bildirishdi, lekin endi ko‘pga kelgan to‘y, qilmasak bo‘lmaydi, deb aytdik”, dedi mahalla faollaridan biri.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev 2011 yilning 22 noyabr kuni Farg‘ona viloyati xalq deputatlari Kengashida o‘tkazgan yig‘ilishida Farg‘ona shahrini rekonstruksiya qilish rejasini boshlashga oid farmoyish bergan edi.

Shahar rekonstruksiyasi boshlangandan keyin Ozodlikka murojaat qilgan ko‘plab farg‘onaliklar shaharni obodonlashtirish bahonasida amalga oshirilgan buzish va qurishlar oqibatida uysiz va do‘konsiz qolganlaridan shikoyat qilgan edilar.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG