Линклар

15 avgust kuni Toshkent shahar maktablari murabbiylari va poliklinika shifokorlari juma namoziga balog‘atga yetmagan shaxslarni qo‘ymaslikka safarbar qilindi. Poytaxtdagi jom‘e masjidlaridagi ommaviy ibodatlar davrida o‘qituvchilar va shifokorlar militsiya xodimlariga ibodatga kirishi mumkin bo‘lgan bolalarni tutib qolishga ko‘maklashdi.

Ma‘lum bo‘lishcha, mustaqillik bayrami oldidan huquqni muhofaza qilish organlari maxsus kuchaytirilgan holatga o‘tkazilgani tufayli xodimlar yetishmovchiligi kuzatilgani. Hukumat ana shu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida mazkur haftada byudjet tashkilotlari xodimlari xizmatidan foydalanishga qaror qildi.

— MXX xodimlari yetakchiligida Chilonzordagi “Katta Qa‘ni” va Hamza tumanidagi “Jo‘rabek” masjidlarida bolalarni tutib qolishda ishtirok etdik. Rahbarlarimizning aytishicha, militsiya va MXX usilinniy rejimga o‘tgani bois xodimlar taqchilligi ro‘y bergan. Shu boisdan masjidlarga bolalarning kirib ketishining oldini olishga yordam berdik. Tushunishimizcha, bu hol bayramga qadar davom etarkan, — deydi “Ozodlik” bilan mikrofonsiz suhbatda poytaxtning Mirobod tumanidagi oilaviy poliklinika shifokorlaridan biri.

Poytaxtdagi “Novza” masjidida o‘tgan juma ibodatlarida bolalarni tutib qolish ishiga ko‘maklashgan Shayxontohur tumanidagi maktab o‘qituvchilaridan biri bu kampaniya boshida MXX kuratorlari turgani, buyruq aynan tuman xalq ta‘limi bo‘limlari tomonidan maktab direktorlariga yuborilganini ta‘kidlaydi:

“Albatta, bu borada yozma ko‘rsatma yo‘q. Maktablarda erkak o‘qituvchilar kam bo‘lishiga qaramay, ularga shu kabi nagruzkalar qo‘yilmoqda. Hademay paxta terimi boshlanadi, poytaxtdagi maktablar o‘qituvchilari pul yig‘ib berib, bu ishdan qutular. Ammo bolalarning masjidga kirishining oldini olish ishidan bo‘yin tovlab bo‘lmayapti. Ramazon oyida ham ayrim hamkasblarimiz militsiya xodimlariga bu ishda yordamlashgandi”, deydi mobil muxbirlarimizga poytaxtning Shayxontohur tumanidagi 42-sonli maktab o‘qituvchisi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni 3-moddasi 3-xatboshisida balog‘atga yetmagan shaxslarning ommaviy ibodatlarga jalb qilish cheklanishi qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG