Линклар

18 avgust kuni Toshkent viloyatidagi Taxta bozorda sodir bo‘lgan yong‘inda 300 kvadrat metr maydondagi mahsulotlar yonib kul bo‘ldi. O‘zbekiston Ichki Ishlar vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, bozorda xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagani yong‘inga sabab bo‘lgan.

Ichki ishlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi ma‘lumotiga ko‘ra, yog‘och-taxta mahsulotlari bilan savdo qiladigan mazkur bozor HELPING REALIZATSION ma‘suliyati cheklangan jamiyatga qarashli bo‘lib, yong‘in dushanba kuni tonggi soat 2 dan 24 daqiqa o‘tganda sodir bo‘lgan.

Vazirlik xabarida yong‘in tezda o‘chirilgani va yong‘in natijasida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘qligi aytiladi.

Taxta bozor ro‘parasida joylashgan rieltorlik shirkati xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan joy hajmi rasmiy ma‘lumotdagidan ko‘p ekanligi va yong‘inni o‘chirish ishlari mahalliy vaqt bilan ertalab soat 8 da ham davom etganligini bildirdi.

Toshkent viloyat Yong‘in xavfsizligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimining Ozodlikka aytishicha, Taxta bozoridagi xabar kelgach, o‘t o‘chirish mashinalari 7 minut ichida voqea joyiga yetib borgan.

Ozodlik suhbatlashgan voqea guvohi esa taxta bozori alanga olib bo‘lgandagina o‘t o‘chirish mashinalari yetib kelganini iddao qilishdi.

Yong‘in xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagani natijasida kelib chiqqani aytilayotgan bir paytda ba‘zi nashrlar yong‘in raqobatchilar tarafidan qasddan uyushtirilgan degan iddaolarni yoyinlashdi.

Hozirda yong‘in natijasida ko‘rilgan zarar hisoblab chiqilmoqda.

Voqea joyiga borgan Ozodlik muxbirining aniqlashicha¸ yong‘in oqibatida 127 kub metr yog‘och-taxta yonib ketgan.

Olti kun avval Toshkent shahri chekkasidagi boshqa bir bozor – Chinni bozorda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida yigirmaga yaqin savdo do‘konlari zarar ko‘rdi.

17 avgust kuni Alisher Navoiy nomli Samarqand davlat universitetida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in oqibatida tarix va matematika fakultetlari joylashgan binoning ikkinchi qavatidagi o‘ntacha xona jiddiy zarar ko‘rgani aytilmoqda.

Qasddan o‘t qo‘yish iddaolari

Test natijalari e‘lon qilingan kechasi Universitet binosiga o‘t ketishi yoki Toshkentddagi eng daromadli va yagona taxta bozorining yonib kul bo‘lishi turli mish-mishlarni tug‘dirmoqda. Ana shunday mish mishlardan biri nohalol raqobat va qasddan zarar yetkazish iddaolaridan iborat.

O‘z ismi sir saqlanishini istagan o‘zbekistonlik jurnalist bozorlarni yonib ketishi borasida o‘z mulohazalarini bildirdi:

"Bozor hozir shunaqa joyki, u yerda jamiyatimizning eng nima deymiz, "bosar-tusarini", ya‘ni o‘zini qanday tutishini belgilovchi qatlami yig‘ilgan bir joy. U yerda esa hech kim bir qarich joyini ham jangu-jadalsiz berib qo‘ymaydi. Shuning uchun bunday joylarda bo‘layotgan har bir voqeani "tasodifan" bo‘lmaydi." deb ta‘kidlagan suhbatdosh "bozor odamlarining nizolashuvi" jamiyatga ta‘sir qilayotganligini ta‘kidladi:

"Aytmoqchi bo‘lganim jamiyatimizning kundalik hayotini hozir ana shu bozorlardagi odamlar belgilashmoqda, har holda ularning ta‘sirlari kuchli bo‘layapti. Bu yerda qasddan zarar yetkazish va nohalol raqobat ham bo‘lishi mumkin, lekin mening nazarimda u yerda bundanda kattaroq muammolar mavjud. Ya‘ni bozorni boshqa odamning hududiga ko‘chirtirish, yoki o‘sha do‘kondorlarni bir joydan boshqa joyga ixtiyoriy ravishda ko‘chishiga, sotishiga erisholmagach mana shunaqa "ofatlar"ga murojaat qilish." deb ta‘kidlagan suhbatdosh bunday "razborkalar" pirovardida jamiyat uchun taxlika manbai bo‘layotganidan havotir bildirdi:

"Nima bo‘lganda ham bunday yong‘inlar, jamoat joyida ro‘y berganligi katta halokat. Ya‘ni yong‘in kunduzi odamlar gavjum paytda sodir bo‘lganda qanchalik talafot ayanchli bo‘lardi. Demak, bu yerda bosh muammo pul ketidan quvib fuqarolarning xavfsizligini ta‘minlashga yuzaki qaralganligidadir. Ana shu muammo hal etilishi kerak. Aks holda odamlar qurbon berilishi hech gap emas." deb ta‘kidladi o‘zbekistonlik jurnalist.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra o‘tgan hafta O‘zbekistonda 284 ta yong‘in sodir bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG