Линклар

O‘zbekiston hukumati 2014 yil, 12 avgustdagi 227-qarori bilan tadbirkorlik sub‘ektlarining xayriya mablag‘laridan byudjet tashkilotlarining foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlagani haqda norma.uz sayti xabar qildi.

Nizomda tadbirkorlarni xayriya qilishga majburlash taqiqlanishi to‘g‘risida aytilgan. Biroq tadbirkorlarning aytishicha, hokimiyat vakillarining pul undirishga oid “ming bir xil” usuli bor.

Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomda belgilab qo‘yilishicha, “xayriya mablag‘i”, deb tadbirkorlik sub‘ektlaridan byudjet tashkilotlariga kelib tushadigan pul va mulk tushuniladi.

Norma.uz saytiga ko‘ra, hujjatda tadbirkorlik sub‘ektlarining mablag‘larini xayriya va boshqa tadbirlarga majburan jalb etish taqiqlab qo‘yilgan.

Lekin bu o‘zbekistonlik tadbirkorlardan bundan buyon hech kim, hech qanday shaklda pul so‘ramaydi, degani emas: tadbirkorlik sub‘ektlari xayriya yordamlarini ko‘ngilli ravishda beg‘araz ko‘rsatadi, deyilgan Nizomda.

Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik subyektlaridan xayriya mablag‘larini olish va ulardan foydalanish ular (sub‘ektlar) bilan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshirilajagi belgilab qo‘yilgan Nizomda.

Hujjatda tadbirkordan olinadigan xayriya yordamini hisobga olish, undan to‘g‘ri foydalanish uqtirilgan.

Davlat boshqaruv organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari hamda byudjet tashkilotlari rahbarlari tadbirkorlarni xayriya qilishga majburlagani uchun zimmalariga javobgarlik yuklanishi aytilgan.

Lekin bu javobgarlikning qay shaklda bo‘lishi to‘g‘risida aytilmagan.

Tadbirkorlar davlat boshqaruvi organlari uchun uzoq yillardan beri “sog‘in sigir” bo‘lib kelayotgani to‘g‘risida Ozodlik juda ko‘p yozgan. Shu mazmunda so‘nggi bir-bir yarim yil ichida yoritganimiz maqolalar quyidagi sarlavhalar ostida berilgan edi:

"Farg‘ona shahar qurilishiga tadbirkorlar majburlanmoqda" , "Barkamol avlod"ga hasharga chiqayotganlar oyligini ham bermoqda", "Namanganda stadionni bitirish uchun xalqqa o‘lpon solindi", "O‘zbekistonda Yangi yil bayramini o‘tkazish uchun tadbirkorlardan pul undirilmoqda".

Tadbirkorlardan majburan pul undirishni taqiqlayotgan Vazirlar Mahkamasining o‘zi bu sohada quyi davlat organlariga namunadir.

Masalan, hukumat 2012 yil, 13 martdagi 70-qarori bilan "Bunyodkor" stadioni qurilishi uchun korxonalarga soliq solgan edi.

Hokimiyat organlarining tadbirkorlardan pul undirish usullaridan biri to‘g‘risida bundan bir oycha muqaddam xo‘jaobodlik (Andijon viloyati) bir tadbirkor yigit Ozodlikka aytib bergan edi.

Ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan yigit 10 yildan beri tadbirkorlik qiladi, qo‘l ostida 15 odam ishlaydi, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ishxonasida oyiga 20 million so‘mlik mahsulot chiqaradi, ishchilariga 250 mingdan 300 ming so‘mgacha oylik ish haqi to‘laydi.

Mana uning hikoyasi:

- Soliqlarni o‘z vaqtida to‘layman, inkassani o‘z vaqtida amalga oshiraman. Bundan tashqari taqriban har 20 kunda bir chaqirib, bankdagi hisobingga 5 million so‘mdan tushirasan, deb buyurishadi. Biznesi kattaroqlarga 20, 25 milliondan tushirasan, deyishadi. Bir qarashda, problema yo‘qday, chunki pul o‘z hisobimga tushadi. Tushadiyu shu bilan o‘sha pul yo‘q bo‘lib ketadi. Nogironlar jamiyatiga, Yangi yil tadbirlariga, Navro‘zga va boshqa shunga o‘xshagan tadbirlarga o‘tkazasan, deyishadi, gazeta-jurnallar obunasi uchun o‘tkazasan, deyishadi, deb hikoya qiladi xo‘jaobodlik tadbirkor.

Uning aytishicha, hokimiyat vakillari tadbirkorlarning “nozik joyidan ushlaydi”: ishchilarning hammasiga ham mehnat daftarchasi ochilgan emas. “Agar aytilgan mablag‘ni o‘tkazmasang, qonun bo‘yicha tekshiramiz”, deb qo‘rqitishadi, deydi tadbirkor.

- O‘zlaringda ham ayb borga o‘xshaydi. Ishchilaringizning hammasini rasmiylashtirib qo‘ysangizlar bo‘lmaydimi, so‘radik tadbirkordan.

Mana uning javobi:

- Albatta, ishni mutlaqo qonuniy qilganlar ham bo‘ldi. Lekin shundayam baribir ayb topishdi. Mazza qilib ishlay olishmadi. Hamma tomondan naqd pulini yo‘q qilib tashlashdi hokimiyat organlari. Pullarini 100 foiz bank orqali aylanadigan qilib qo‘yishdi. Oxiri bizneslarini yopib qutulishdi, dedi xo‘jaobodlik tadbirkor.

XS
SM
MD
LG