Линклар

17 avgust oqshomida O‘shning “Maishiy xizmat uyi” mavzeida “Intimaq” teleradiokompaniyasi o‘zbek bo‘limi muharriri Davron Nasibxonov hujumga uchradi. Bu noxush hodisani kasbiy faoliyati bilan bog‘lamagan jurnalist millatchilik xuruji sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan bu hujum yuzasidan mahalliy militsiyaga ariza bilan murojaat qildi.

Yakshanba kungi hodisa tafsilotlarini Davron Nasibxonovning o‘zi shunday xotirlaydi:

- Kecha kechki soat 8 larda – men o‘zim shaharning “Dom bIta” mikrorayonida yashayman – shu yerdagi bozorchaga non olish uchun chiqayotuvdim. Birdan yo‘limni qirg‘iz millatiga mansub bir notanish bola to‘sdi. “Bir narsa so‘ramoqchi bo‘lsa kerak”, dedim va u bilan qo‘l berib ko‘rishdim. Chekkaroqda do‘konlar bor, shu do‘konlarning orqasiga olib o‘tmoqchi bo‘ldi – hech kim ko‘rmaydigan yerga. “Nima bo‘layapti?” deb u yoq-bu yoqdan ozgina gapirdim. Ular to‘rt kishi ekan. Boshqa birovi kelib, bir gap yo‘q, hech qanaqa urush-janjal yo‘q – ko‘zimga urishni boshladi mushti bilan. Shu bilan davom etdi – unisi urdi, bunisi urdi – to‘rt kishi hammasi. Keyin yiqilib tushdim. Yiqilganimda ham tepishni boshlashdi, tepishdi, urishdi... Endi ulardagi motivatsiya - “sart” deb, “o‘zbek” deb, “sartlarga o‘lim” deb, shunaqa gaplarni gapirishdi. Keyin magazindan bir qirg‘iz bola chiqib, ajratishga harakat qildi. “Ey, qo‘y, qo‘y”, dedi. Shu bilan ozgina imkon bo‘ldi menda nariroqqa ketishga. Ikki-uch qadam yurganimda yana oldimdan boshqa bir bola chiqdi. U bilan ozgina gaplashib, “Kayf ekansan, boshqa ekansan, bo‘pti endi, men ketdim bo‘lmasa” deb tursam, orqamdan kelishib, qulog‘imga, boshimning orqasiga urishdi. Keyin bir-ikki o‘zimni yo‘qotdim, - deydi Davron Nasibxonov.

Shundan so‘ng kaltak zarbidan a‘zoi badani qaqshab, boshi og‘riyotgan jurnalistni shahar kasalxonasiga olib borishgan.

- Doktorga bordik, neyroxirurgiyaga. Ular rentgen qilishdi. Burnimda ozroq jarohat bor, boshimda ikki shish bor. Hozir “sotryaseniye” deyishyapti, og‘ir lat yegan. Tomoqlar... o‘shandan beri ovqatlanolmayapman ham, - deydi jurnalist.

Kechagi voqeadan keyin mahalliy militsiya vakillariga ariza bilan murojaat qilgan Davron Nasibxonov bu hujumni kasbiy faoliyati bilan bog‘lamaydi.

- Ayni paytda redaktor sifatida ishlayapman “Intimaq”da – o‘zbek bo‘limining redaktori sifatida. Oxirgi 2-3 oy ichida o‘zim qilgan maqola yoki kimgadir yoqmaydigan ish qilganim yo‘q. Men faqat tayyor materiallar ustida ishlaydigan redaktor sifatida ishlayapman 2-3 oydan beri, shuning uchun, menimcha, unaqa narsa bo‘lmasa kerak. Menimcha, shunchaki ular junbushga kelib turgan paytda men uchrab qoldim shekilli, yo‘lidan chiqib qoldim shekilli – kim biladi, - deydi o‘zbek jurnalisti.

Davron Nasibxonov ishlayotgan hamda o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashni maqsad qilgan “Intimaq” teleradiokompaniyasining bosh direktori Daniyar Sadiyev kaltaklangan jurnalistning tabiatan beozor yigit ekanini aytadi.

- Bizda unaqa urushqoq bolalarning o‘zi yo‘q. Og‘ir-vazmingina, oddiygina bola Davron ham. Men ham kechadan beri Davron bilan yuribman. Kecha eshitishimiz bilan uyiga kelganmiz. Militsiyaga bordik, bolnitsaga bordik. Hozir yana bolnitsaga olib borib, tekshirtirib, keyin uyiga tashlab kelayapmiz. Militsiyadagilar ham qidirishayapti hozir kaltaklaganlarni, - degan Daniyar Sadiyev “jurnalistikani hisobga olmagan taqdirda ham bunaqa ishlar to‘g‘ri emas” deya qo‘shimcha qildi.

O‘shlik huquq faoli Izzatillo Rahmatullayev “maishiy millatchilik” deb baholanayotgan bu kabi hodisalar o‘zi istiqomat qilayotgan shaharda so‘nggi paytlarda ko‘p kuzatilayotganini qayd etadi.

- “Kasalni yashirsang, o‘lim oshkora” degan gap bor. Bugungi kunda bItovoy millatchilik borgan sari avj olib ketayapti. Bunga men bir nechta misollar keltirishim mumkin. Masalan, bir oy muqaddam shahidtepalik Mahmudjon Nishonov – 1977 yilda tug‘ilgan bola shu millatchilik qurboni bo‘ldi. Uniyam shu yo‘lda urishib qo‘yib, o‘lib qoldi. O‘tgan hafta O‘sh nasos zavodi ishchisi Qobiljon Usmonovni xuddi Davron singari urishib, hammayog‘i ko‘kargan, u yer-bu yeri singan holda yotibdi uyida. Mana, bugungi kunda Davron... Voobshem, bugungi kunda nazar soladigan bo‘lsak, bItovoy millatchilik borgan sari avj olib borayapti, desam bo‘ladi, - deydi o‘shlik huquq faoli.

Ayni paytda Izzatullo Rahmatullayev bunaqa millatchilik ko‘rinishlariga chek qo‘yish uchun mahalliy rasmiylar tomonidan o‘tkazilayotgan xo‘jako‘rsin tadbirlar kamlik qilishini ta‘kidlaydi.

- Rahbarlarimiz televizordan chiqib, protokolniy qilib, bitta qirg‘izga do‘ppi, o‘zbekka qalpoq kiygizib qo‘yyapti. Lekin bu yoqda hayot o‘z yo‘lida davom etayapti, bItovoy natsionalizm to‘xtamayapti... Millatlararo birdamlikni mustahkamlaydigan proyektlarni qilish kerak, yoshlarning o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish kerak, - deydi huquq faoli Izzatullo Rahmatullayev.

Davron Hotam taxallusi bilan ijod qilib kelayotgan 33 yoshli shoir va jurnalist Davron Nasibxonov bilan sodir bo‘lgan hodisa so‘nggi besh yil ichida O‘shda jurnalistlarning, shu jumladan, o‘zbek millatiga mansub jurnalistlarning kaltaklanishi bilan bog‘liq birinchi hodisa emas. Masalan, 2009 yili O‘shTV telekanali bosh tasvirchisi Bahodir Kenjaboyev kaltaklangan, shu yili “O‘sh oqshomi” gazetasi muxbiri Qubanichbek Jo‘ldo‘shev urib ketilgan, 2011 yili Reuters axborot agentligining Qirg‘izistondagi muxbiri Hulkar Isomova ayollar hujumiga uchragan, shu yili NTS telekanali jurnalisti Vladimir Bezborodov do‘pposlangan, yana shu yili jurnalist Shohruh Soipov ham kaltaklab ketilgan.

Shohruhning akasi, o‘shlik taniqli jurnalist, "Siyosat" ro‘znomasining asoschisi Alisher Soipov esa 2007 yili qotil o‘qidan halok bo‘lgandi. Yetti yil avvalgi bu mash‘um hodisa ham kecha Davron Nasibxonov kaltaklangan mavzeda – “Dom bIta”da sodir bo‘lgandi.

XS
SM
MD
LG