Линклар

logo-print

Tarixga “GKChP” nomi bilan kirgan va O‘zbekiston mustaqilligini tezlashtirgan omil o‘laroq baholangan 19 avgust putchi sodir bo‘lganiga 23 yil to‘ldi. O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 1991 yil 19-21 avgust kunlari sodir bo‘lgan bu siyosiy voqeadan 11 kun o‘tib, O‘zbekiston mustaqilligini e‘lon qilgan edi.

"Karimov GKChPni qo‘llab telegramma yozgan"

"GKChP" - Favqulodda holat davlat qo‘mitasi nomi bilan tarixda qolgan 19 avgust putchidan 23 yil o‘tib, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov mamlakat mustaqilligi uchun kurashgan lider o‘laroq taqdim qilinmoqda.

Buni tarixiy faktning buzib ko‘rsatilishi, deb baholaydigan aksar tahlilchilar nazaridagi yana bir iddao esa Boris Eltsin Moskvada GKChPga qarshi isyon boshlagan bir pallada O‘zbekiston rahbariyatining jimlik saqlagani haqidagi da‘vodir.

1991 yil GKChP joriy bo‘lgan paytda Toshkentda qamoqqa olingan jurnalist Anvar Usmonov "Islom Karimov GKChPni qo‘llab-quvvatlagan edi", deya eslaydi va o‘z tasarrufida buni tasdiqlaydigan hujjatlar borligini aytadi.

- O‘sha paytda SSSR xalq deputati bo‘lgan Po‘lat Oxunov GKChP tarafdorlari bilan bog‘liq jinoyatlarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasining a‘zosi bo‘lgan. Aynan Po‘lat Oxunov Islom Karimovning samolyot bortidan turib, GKChPni qo‘llab-quvvatlagani haqidagi telegrammani qo‘lga kiritgan. Menda u telegrammaning nusxasi hali ham bor, - deb xotirlaydi Anvar Usmonov.

"GKChP g‘alaba qilganida Mirsaidov prezident bo‘lardi"

Favqulodda holat davlat qo‘mitasi – GKChP tuzilganidan 2 oycha oldin taniqli publitsist Sharof Ubaydullayev O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi matbuot xizmatiga rahbar etib tayinlangan edi.

Ozodlikning 19 avgust kungi jonli eshittirishida qatnashgan Sharof aka o‘sha kunlardagi voqealarni esladi:

- Agar, GKChPchilar g‘alaba qilganida edi, Islom Karimov hokimiyatdan chetlatilgan, uning o‘rniga o‘sha paytdagi vitse-prezident Shukrullo Mirsaidov respublika rahbari etib tayinlangan bo‘lar edi, - deb ta‘kidladi Sharof Ubaydullayev.

O‘zbek muxolifati GKChPga qarshi chiqdi

1991 yilning 19 avgustida O‘zbekistondagi Erk partiyasi va Birlik harakati faollari O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi kotibi Muhammad Solihning xonasida to‘planishdi.

Muhammad Solih GKChPga qarshi bayonot berdi va bu bayonot Ozodlik radiosi orqali o‘qib berildi.

Uzbekistan - Muhammad Solih, Leader of the Opposition Erk party of Uzbekistan

Uzbekistan - Muhammad Solih, Leader of the Opposition Erk party of Uzbekistan

Muhammad Solih Gorbachevga sodiq bo‘lgan Karimov do‘ppi tor kelganida birdaniga unga xoinlik qilgan, deb eslaydi:

- Karimovning 1991 yil 19-21 avgust kunlari bo‘lgan Yanayev putchiga qarshi chiqishini ko‘rib¸ Moskva juda hayron qoldi. Birinchi navbatda, Gorbachyov juda hayratga tushdi. Chunki Sovet ittifoqini eng oxirgi damlargacha himoya qilgan odam Karimov edi¸ - deya eslaydi Muhammad Solih.

1991 yilning 23 avgustida - GKPCh mag‘lubiyatga uchragan kuni "Erk" partiyasi faollari yig‘ilgan va bu mag‘lubiyatni bayram qilgan edi:

20 avgust kuni Muhammad Solihni qo‘llab-quvvatlash uchun yozuvchilar uyushmasiga odamlar kela boshladi.

O‘sha paytda uyushmada ishlagan jurnalist Qudrat Bobojon 20 avgust kuni Pushkin ko‘chasidagi birinchi uyda joylashgan yozuvchilar uyushmasida bo‘lgan yig‘ilishni xotirladi:

1991 GKChPga qarshi chiqqan Erkchilar

1991 GKChPga qarshi chiqqan Erkchilar

- Lekin oradan 5 daqiqa ham o‘tmasdan Yozuvchilar Uyushmasining binosi bir necha avtobusda kelgan militsiya tarafidan o‘rab olindi. Militsiya hammani tarqab ketishga buyurdi. Keyin esa Shuhrat Ismatullayev, Mirolim Odilov va jurnalist Anvar Usmonovni Oloy bozori orqasida joylashgan shahar prokuraturasiga olib kelishdi. Meni esa O‘zbekiston prezidenti Karimov haqida Moskva matbuotida salbiy maqola yozgan, deb ayblashdi. GKChP mag‘lubiyati bois qamalmasdan qoldim¸ - deydi Qudrat Bobojon.

GKChP mag‘lubiyatidan keyin putchni qo‘llagan Islom Karimov O‘zbekiston parlamenti majlisida mamlakat mustaqilligini e‘lon qilib, o‘zining lavozimdagi umrini uzatirishga muvaffaq bo‘ldi.

"Karimov ozodlik kurashchisiga aylantirildi"

O‘zbekistondagi yangi tarix bitilgan kitoblarda prezident Karimov mustaqillik uchun Moskvaga qarshi kurashgan qahramon sifatida tilga olinadi.

Bu yolg‘on, deydi Muhammad Solih ozodlik bilan suhbatda:

- Bugun “Karimov mustaqillik tarafdori edi” degan gapni aytish uchun yo juda bezbet bo‘lish kerak, yoki Karimovning yonida turib aytishga majbur bo‘lgan juda qo‘rqoq odam bo‘lish kerak, - deb hisoblaydi Muhammad Solih.

Islom Karimov 1991 yilda

Islom Karimov 1991 yilda

Sovet davrida - 1990 yilda Markaziy televideniye suratga olgan filьmda Karimov “Biz ikkita xaltaning ichidamiz. Sovet Ittifoqidan tashqarida bir kun ham yashay olmaymiz” deb xitob qilgani muhrlangan.

O‘sha davrda Karimovni bir tarafdan Moskva, ikkinchi tarafdan nisbatan erkin parlament nazorat qilar edi.

Bu nazorat tizimidan bittasi – Moskva tarix taqozosi bilan yo‘q bo‘lganida, Karimov: “Nega sizlar qarsak chalmayapsizlar?” deb o‘zbek parlamenti deputatlaridan gina qilgan edi.

3 kunlik kurash GKChP mag‘lubiyati bilan tugadi

1991 yil 19 avgust kuni SSSR prezidenti Mixail Gorbachev Sevastopolning Balaklav tumanidagi Zarya dala hovlisida uy qamog‘iga olindi va uning hamkasblari uni kasal deb e‘lon qilib, hukumatni qo‘lga olganini bildirdi.

Qora dengiz sohilida dam olayotgan Mixail Gorbachyovni tashqi dunyodan uzib qo‘yish, poytaxt Moskvaga qo‘shin kiritishga qaror qilindi.

1991 yil 19 avgustida sobiq SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyovga yaqin davlat arboblari Favqulodda holat davlat qo‘mitasi (GKChP) tuzilganini e‘lon qildi.

Bu davlat to‘ntarishi edi.

Demokratiya tarafdorlari Rossiyaning ilk prezidenti Boris Yelьtsin qarorgohi - Oq Uy atrofida barrikadalar qurishdi.

Uch kunlik kurash GKChP mag‘lubiyati bilan yakun topdi.

XS
SM
MD
LG