Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:33

Xorijda yurgan vodiylik 15 ming mardikor uyiga qaytarildi


Yil boshidan buyon Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyati bo‘yicha taxminan 15 ming mehnat muhojiri uyiga qaytarildi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, militsiya boshchiligidagi maxsus guruh vakillari uyma-uy yurib, xorijdan qaytmaganlarning yaqinlariga bosim o‘tkazmoqda.

Birgina Farg‘ona shahri bo‘yicha so‘nggi uch oy ichida jami 334 nafar mehnat muhojiri uyiga qaytarildi.

Farg‘ona shahar hokimligidagi manbaga ko‘ra, mehnat muhojirlari ish bilan ta‘minlash va‘dasi bilan xorijdan qaytarilayapti.

Manbaning aytishicha, 19 avgust kuni Farg‘ona shahrida xorijdan qaytib kelgan fuqarolarga mo‘ljallangan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilgan:

“Bugun ish yarmarkasi o‘tkazdik. Hozircha qaytib kelgan mardikorlardan 20-30tasi bo‘sh ish o‘rinlaridan tanlashdi. Shahardagi idora va tashkilotlar ushbu yarmarkada o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilishdi”, dedi manba.

Farg‘ona shahri markazidagi mahallalardan birining faoliga ko‘ra, uning mahallasida so‘nggi ikki oyda Rossiyadan to‘rt nafar mehnat muhojiri qaytarilgan:

“Hozircha faqat bittasini ish bilan ta‘minladik. Elektr idorasiga texnik bo‘lib ishga joylashdi. Hozirgi kunda muhojirlarni qaytarish asosiy masala bo‘lib qolgan. Har bir ko‘chada bayonlar qilinyapti, fuqarolar bilan suhbatlashayapmiz. Ishlayapmiz bu borada”, dedi mahalla faoli.

Uning aytishicha, xorijda ishlayotganlarni qaytarish uchun militsiya xodimlari boshchiligida bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi xodimlaridan iborat maxsus guruh tashkil qilingan:

“Mehnat birjasi, Sobes, maktab, mahalla xodimlari bor bu guruhda. Uchastka nozirlari biz bilan birga yurishadi. Har bir oila bilan gaplashayapmiz. Ota-onasi yoki farzandalaridan kafolat xati olayamiz”, dedi Farg‘ona shahridagi mahalla qo‘mitasi faoli.

Ozodlikka murojaat qilgan xorijdagi mehnat muhojirlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ota-onalari jarima bilan qo‘rqitilayapti.

Jumladan, Moskvada ishlayotgan farg‘onalik mehnat muhojiri “Uyga mahallakom bilan uchastkavoy kelib, ota-onamdan tilxat olishibdi. Ikki oy muxlat berishibdi. Agar shu muddat ichida bormasam, shtraf solisharmish”, deya yozdi Ozodlikka yo‘llagan maktubida.

Farg‘ona shahrida yashovchi manbaga ko‘ra, bosim ostida ortga qaytarilayotganlarga taklif qilinayotgan ishlarning maoshi juda kam.

“Lekin ko‘pchilik ota-onasiga bo‘layotgan bosimdan qo‘rqib ortga qaytayapti. Qaytganlarning ko‘pchiligi ishsiz uyida o‘tiribdi”, dedi farg‘onalik suhbatdosh.

Muhojirlarni qaytarish tadbiri nafaqat Farg‘onada, balki Andijon va Namangan viloyatida ham amalga oshirilayapti.

Andijon viloyat huquq-tartibot idorasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, yil boshidan buyon xorijda ishlayotgan 4823 nafar andijonlik uyiga qaytarilgan.

Bu raqamga Farg‘ona va Namangan viloyatlari rasmiylaridan olingan raqamlar qo‘shib hisob-kitob qilinsa, yil boshidan buyon vodiyning uch viloyatidan taxminan 15 ming kishi xorijdan qaytarilgan.

Xorijda ishlayotgan andijonlikka ko‘ra, shu kunlarda mehnat muhojirlarini qaytarish bo‘yicha targ‘ibot ishlari avj olgan.

"Bizda, Qo‘rg‘ontepa tumanida hali “usilenniy” bo‘lgani yo‘q. Lekin mahalla oqsoqollari va uchastka nozirlari bolalaringni O‘zbekistonga qaytaringlar deb, targ‘ibot qilib yurishibdi ekan. Mening ancha qarzim bor, shuni uzishim kerak. Lekin shunday bo‘lsa ham ota-onam endi bolam ishingni yig‘ishtirib kelaver deyapti", deydi mehnat muhojiri.

Bu tadbir O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning iyul oyida Farg‘ona shahridagi majlisda xorijdagilarni O‘zbekistonga qaytarish va ularni ish bilan ta‘minlash borasidagi topshirig‘idan so‘ng boshlandi.

Majlisda ishtirok etgan Ozodlik manbasiga ko‘ra, vazir: "Bolalarni qaytaringlar va ish bilan ta‘minlanglar!" deb ko‘rsatma bergan.

Shundan so‘ng vodiyning shahar va tumanlaridan xorijga chiqqan mehnat muhojirlarini O‘zbekistonga qaytarishga qaratilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari boshlandi.

Hozirda O‘zbekistonning boshqa viloyalarida mehnat muhojirlarini qaytarish tadbiri bo‘layotgani haqida Ozodlikda ma‘lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG