Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:45

Samarqandlik ishchilar sudlangan injener rahbar bo‘lganidan arz qildi


O‘zbekistonda mahalliy hokimlar zo‘ravonlik bilan o‘ziga yaqin odamlarni yuqori lavozimdagi mansablarga joylashtirayotganidan Ozodlikka ko‘p shikoyat bo‘ladi.
O‘zbekistonda mahalliy hokimlar zo‘ravonlik bilan o‘ziga yaqin odamlarni yuqori lavozimdagi mansablarga joylashtirayotganidan Ozodlikka ko‘p shikoyat bo‘ladi.

Samarqandda viloyat hokimi o‘rinbosari davlat mulkini o‘zlashtirishda ayblangan sobiq bosh injenerni kattagina korxonaga direktor qilib tayinlaganidan Ozodlikka shikoyat bo‘ldi. Korxonaning norozi ishchilari iddaosicha, hokim o‘rinbosari kimki bu nomzodga qarshi chiqsa "ishdan haydaladi” deb po‘pisa qilgan.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Olim Ochilov 19 avgust kuni “Issiqlik manbai” ochiq turdagi hissadorlik jamiyatiga o‘z "odam"ini tayinlagani xususida Ozodlikka arz bo‘ldi.

Ozodlikka xabar bergan korxona ishchilari iddaosicha, hokim majlisda bundan bir yil oldin iqtisodiy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan sobiq bosh injenerni ishchilar e‘tiroziga qaramay direktor qilib tayinlagan:

- Viloyat hokimi muovini kelib: “Kimda-kim O‘sarovning nomzodiga qarshi chiqsa, ishdan haydataman, ezib yo‘q qilib yuboraman!” deb baqirdi. Har bitta ishchini turg‘izib qarshimisan, deb so‘radi. Albatta, hech kim yo‘q deya olmadi, - deydi korxona ishchisi.

Ismini oshkor qilmagan boshqa bir ishchining da‘vosicha, sobiq bosh injener 2013 yilning iyun oyida iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, sud qilingan va unga shartli jazo berilgan.

- Mana qo‘limda o‘sha hukm turibdi. Hali jazo muddati ham tugamagan, - deb da‘vo qildi ismini oshkor qilishni istamagan ishchi.

Korxona ishchilarining da‘vosicha, hokim o‘rinbosarining bu hatti-harakati O‘zbekiston qonunchiligiga tamoman ziddir va hokim o‘rinbosari o‘ziga yaqin odamlarni o‘zi istagan mansablarga qo‘ymoqda.

Ozodlik iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, sudga tortilgani iddao qilingan injener bilan bog‘lanishga harakat qildi, ammo muvaffaq bo‘lmadi.

Shuningdek, Samarqand viloyati hokimligiga bog‘langan Ozodlik muxbiri hokim o‘rinbosari Olim Ochilov bilan ham gaplashishga muvaffaq bo‘lmadi.

******************************************************************************
Muhtaram mushtariy, agar sizni ham tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz, bizga qo‘ng‘iroq qiling yoki Skypeda biz bilan muloqotga chiqing.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas!

XS
SM
MD
LG