Линклар

Samarqand viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tashabbusi bilan xorijga ketgan mehnat muhojirlarini uyiga qaytarish bo‘yicha izchil va keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, viloyat hokimi bedarak muhojirlar oilasiga huquqiy yordam beruvchi guruhlarini ham tashkil qilgan.

Joriy hafta Samarqand viloyat hokimi tumanlararo ko‘chma qabulxonalar uyushtirib, joylarda fuqarolar arzini tingladi va asosan, chetda yurgan muhojirlarni qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ozodlik manbasining aytishicha, Samarqand hokimi Zoyir Mirzayev hafta boshida Ishtixon tumanida o‘tkazgan majlis paytida chet elda yurgan mardikorlarni uyga qaytarish bo‘yicha hukumat amalga oshirayotgan tadbirlar samarasi haqida gapira turib tashkilot rahbarlari va mahalla faollarini hushyorlikka chorlagan.

Ishtixon tumanida so‘zlagan hokim chet elda yurgan mardikorlarni uyga qaytarish o‘ta zarurligini uqdirgan va bunda daraksiz yurgan muhojirlarning oilalarga huquqiy yordam berilishi uchun ko‘rsatma bergan¸

Samarqand viloyati hokimiyatidagi manbaning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, qo‘chma qabulxonaga kelgan ishtixonlik ayol Rossiyaga ish izlab bedarak ketgan ikki o‘g‘lini topishda yordam so‘rab hokimga murojaat qilgan.

Hokimiyat matbuot xizmatining mahalliy matbuotga ma‘lum qilishicha, ayni paytda Rossiyaga bedarak ketganlarni topish yuzasidan fuqarolardan tushgan uchta ariza ko‘rib chiqilmoqda.

Samarqand viloyat hokimligi tizimidagi boshqarmalardan birida boshliq bo‘lib ishlaydigan 52 yashar ayol ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan “Mardikorlarni uyga qaytarish” deb atalgan tadbirning biz bilmagan taraflari haqida Ozodlikka so‘zlab berdi:

“Yuqoridan buyruq bo‘lgani uchun xo‘jako‘rsinga qilinyapti. Yaqinlari ish izlab ketib, bedarak yo‘qolganlar muammosi 20 yildan beri bor. Lekin aynan shu kunlarda ho‘jako‘rsin uchun bolasi Rossiyada bedarak ketgan ishtixonlik ayolni hokim bilan uchrashtirishdi. Samarqanddan juda ko‘p odam AQShda mehnat qiladi. Ammo, hokim faqat Rossiyaga ketganlarni qaytarish haqida gapiryapti”, deydi suhbatdosh.

Suhbatdoshning aytishicha, mardikorlarni uyga qaytarish bo‘yicha Samarqand hokimining gapidan keyin militsiya boshchiligidagi maxsus guruh vakillari uyma-uy yurib, xorijdan qaytmaganlarning yaqinlari bilan suhbatlashmoqda.

“Lekin hech kim nega bular Rossiyaga ketmoqda, deb so‘ramayapti. Men ham ketar edim, jon deb. Katta bir boshqarmada rahbar bo‘lib ishlayman, ammo oylik juda oz. Oylikni oshirish haqida o‘ylash o‘rniga ular kampaniyabozlik bilan band”, deydi Samarqand viloyat hokimligi tizimidagi boshqarmalardan birida boshliq bo‘lib ishlashini aytgan 52 yashar ayol.

Yil boshidan buyon Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyati bo‘yicha taxminan 15 ming mehnat muhojiri uyiga qaytarildi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, militsiya boshchiligidagi maxsus guruh vakillari uyma-uy yurib, xorijdan qaytmaganlarning yaqinlariga bosim o‘tkazmoqda.

Birgina Farg‘ona shahri bo‘yicha so‘nggi uch oy ichida jami 334 nafar mehnat muhojiri uyiga qaytarilgan haqida Ozodlik ma‘lum qilgan edi.

Ozodlikka murojaat qilgan xorijdagi mehnat muhojirlariga ko‘ra, ularning O‘zbekistondagi ota-onalari jarima bilan qo‘rqitilayapti.

Jumladan, Moskvada ishlayotgan farg‘onalik mehnat muhojiri “Uyga mahallakom bilan uchastkavoy kelib, ota-onamdan tilxat olishibdi. Ikki oy muhlat berishibdi. Agar shu muddat ichida bormasam, shtraf solisharmish”, deya yozdi Ozodlikka yo‘llagan maktubida.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, muhojirlarni qaytarish tadbiri nafaqat Farg‘onada, balki Andijon va Namangan viloyatida ham amalga oshirilayapti.

Andijon viloyat huquq-tartibot idorasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, yil boshidan buyon xorijda ishlayotgan 4823 nafar andijonlik uyiga qaytarilgan.

Xorijda ishlayotgan andijonlikka ko‘ra, shu kunlarda mehnat muhojirlarini qaytarish bo‘yicha targ‘ibot ishlari avj olgan.

Bu tadbir O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning iyulь oyida Farg‘ona shahridagi majlisda xorijdagilarni O‘zbekistonga qaytarish va ularni ish bilan ta‘minlash borasidagi topshirig‘idan so‘ng boshlangani aytilmoqda.

O‘zbekistonning Xorazm, Buxoro, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ham mehnat muhojirlarini qaytarish tadbiri bo‘layotgani haqida Ozodlik manbalari habar qildi.

XS
SM
MD
LG