Линклар

Bir hafta izlaganim mantiqni kecha topdim.

Ikki mantiqsizlikni qo‘shuvdim bitta mantiq paydo bo‘ldi.

***

Mantiqsizlik raqam 1

O‘zbekistonda yoshi 35 gacha bo‘lgan qiz-juvonlarning chiqish vizasini olishi yanada murakkablashtirilgani o‘tgan haftada ma‘lum bo‘ldi.

Endilikda ular tashqarilash uchun mahalliy hokimiyatning ham iznini olishi lozim.

Huquq-tartibot organlaridagi manbalarga ko‘ra, bu fohishalikning oldini olishga qaratilgan.

Bu chora qancha o‘zbekistonlik qiz-juvonga ta‘sir qilishini hisob-kitob qilamiz. Chiqadigan raqam topganimiz mantiqqa yetish uchun muhim.

O‘zbekistonning 30 millionli aholisining yarmi – 15 millioni ayollar.

Ayollar yoppasiga 70 yil yashaydi, deb faraz qilamiz, shunda 15 mln.ning yarmi – 7,5 millioni yoshi 35 gacha bo‘lgan qiz-juvonlar bo‘lib chiqadi.

7,5 million qiz-juvonning naqd yarmi – 3 mln. 750 ming nafari jinsiy hayot yoshiga yetmaganlari, ya‘ni ular hozircha potentsial fohishalar emas.

Qolgan 3 mln. 750 ming qiz-juvonning esa, hukumat fikricha, fohishaga aylanib ketish, o‘zi xohlamasayam odamfurushlar qo‘liga tushib, islovotxonalarga borib qolish xavfi bor.

G‘amxo‘r hukumat ularni o‘sha xavfdan saqlab qolmoqchi.

Eslab qoling, hukumat 3 mln. 750 ming qiz-juvonni fohishalikdan saqlab qolmoqchi.

Bunday g‘amxo‘rlik ostida yoppa haqorat yotgani bilan hech kimning ishi yo‘q.

O‘sha haqoratni tushunish uchun masalani ikki qo‘shni ayol - Halimaxon va Salimaxonlar darajasiga tushiramiz:

Halimaxon: Qo‘shni, erdan chiqqan qizingiz Rossiyaga ketayotganmish?

Salimaxon: Ha, borib ishlab kelsin...

Halimaxon: Fohishalik qilsa kerakda-a?

Bu savoldan keyin sochlar yulinib, yuzlar tirnalishini aytib o‘tirmoqchi emasmiz.

Bu savoldan keyingi voqealar o‘z shiddatiga ko‘ra Ukraina sharqiyu Iroq shimolidagi voqealar shiddatidan zaif bo‘lmaydi.

Qizini fohishalikda gumon qilgani uchun Halimaxonning yuzini tirnagan Salimaxon xuddi shunday gumon qilgani uchun hukumatdan xafa bo‘lmaydi.

Chunki hukumat tabiiy ofatday bir gap, zilziladay, suv toshqiniday bir kuch – fuqaroning xohish-irodasidan tashqarida.

Tabiiy ofatni tan olishdan boshqa ilojingiz yo‘q: zarar ko‘rgan mulkingizning sinig‘ini siniqqa, butunini butunga ajratasiz, xolos.

Konstitutsiyani eslamang. U sovet kishisining servantidagi yaltiroq choy qutiday: u ochilmasdi, u ichilmasdi, u chiroyga turardi, posonga turardi.

Mayli, chuqurlashmaymiz. Shu yerdan qaytamiz.

Mantiqsizlik deyayotuvdim.

Hukumat 3 mln. 750 ming qiz-juvonni mamlakat ichida qamavolib boshiga yostiq qiladimi, deb boshim qotuvdi.

Hukumat fohisha bo‘lib ketishi mumkin deb gumon qilgani 3 mln. 750 ming qiz-juvonning lippasiga qulf osib qo‘yadimi, deb boshim qotuvdi.

Shu masaladan mantiq topolmayatuvdim.

Mantiqsizlik raqam 2

Kecha Farg‘ona vodiysilik taqriban 15 ming mehnat muhojiri O‘zbekistonga qaytarilgani ma‘lum bo‘ldi.

Yuqoridagi raqamni taqriban dedik.

Lekin mana bunisi aniq: Andijon viloyat huquq-tartibot idorasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, yil boshidan buyon xorijda ishlayotgan 4823 nafar andijonlik uyiga qaytarilgan.

Ozodlik manbalarining aytishicha, militsiya boshchiligidagi maxsus guruh vakillari uyma-uy yurib, xorijdan qaytmaganlarning yaqinlariga bosim o‘tkazmoqda.

Xo‘p, yoshi 35 gacha bo‘lgan qiz-juvonniku hukumat "boshiga yostiq qilsin".

Lekin to‘nkaday qo‘pol erkakdan qanday yostiq chiqsin?

O‘z chorig‘ini o‘zi sudrab, Rossiyada tirikchiligini qilib yurgan odamni O‘zbekistonga qaytarvolib, pishirib yeydimi hukumat?!

Shuning mantig‘ini tushunmayotuvdim, birdan raqamlar yodga tushib ketdi.

Birgina Rossiyaning o‘zida 3,5 mln. nafar atrofida o‘zbekistonlik mehnat muhojiri bor.

Ularning mutlaq ko‘pchiligi – taxminan 75 foizi erkaklar.

Boshqa davlatlardan qaytariladigan erkaklarni ham qo‘shsak, 3,5 mln.dan ziyod erkak O‘zbekistonga qaytadi.

Esingizda bo‘lsa, hukumat 3 mln. 750 ming qiz-juvonning mamlakatdan chiqishini murakkablashtirib qo‘yganini aytuvdik.

Mantiq paydo bo‘layotganini sezayapsizmi?

Bir tomondan, qariyb 4 mln. qiz-juvonni mamlakatda ushlab qolishga harakat qilishyapti.

Ikkinchi tomondan, qariyb 4 mln. erkakni mamlakatga qaytarishga harakat qilishyapti.

Demak, taxmin qilish mumkinki, hukumat ko‘rinishidan ikki, lekin mazmuniga ko‘ra bir harakat bilan ikki masalani hal qilmoqchi:

Demak, taxmin qilish mumkinki, qaytarilganlar chiqarilmayotganga uylanadi. Birinchi xotin qiladimi, ikkinchisi qilib oladimi – ne vajno.

Natijada:

a) jamiyat potentsial fohishalardan qutuladi;

b) Rossiyadagi nazoratsiz masjidlarga qatnayotgan o‘zbekistonliklar nazoratga olinadi (Mehnat migrantlarini qaytarish birinchi bo‘lib dindorlik darajasi baland bo‘lgan vodiydan boshlangani shunday taxmin qilishga undayapti)

Xullas, topdim mantiqni.

Xalqqa g‘amxo‘rlik qilayotgani uchun partiya va hukumatga ming rahmat!

Mantiqni topdimu baribir bir narsa tinchlik bermayapti: hukumatning zug‘umi bilan qaytib kelgan qariyb 4 mln. yigit ishsizlikdan quvvatini yo‘qotib qo‘ymasmikan?

Quvvatsiz yigitlarning kuchi bo‘lajak xotinlari lippasiga osib qo‘yilgan qulfni yechishga yetarmikan?

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG