Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:52

20 avgustdan ToshkentGA avtobusda yo‘lovchilar tashish to‘xtadi


20 avgustdan boshlab viloyatlardan avtobus va mikroavtobuslarda Toshkentga yo‘lovchilar tashish to‘xtatildi. Poytaxtga bo‘sh kelgan avtobuslar viloyatlarga yo‘lovchi olib ketishi mumkin. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati buni Mustaqillik bayrami bilan bog‘liq tadbirlar xavfsizligini ta‘minlash bilan izohladi. Toshkentdagi mardikorlar esa o‘z viloyatiga jo‘natilmoqda.

20 avgust kuni Jizzax viloyatidan Toshkentga yo‘lga chiqqan Botir Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda yo‘lovchi avtobus Jizzax postida Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan to‘xtatilganini aytdi.

- Avtobuslarni Jizzax postiga yetar-etmas to‘xtatib qo‘yishdi. U yog‘iga o‘tkazishmayapti. Yo‘llarni yopib tashlashgan, dedi jizzaxlik Botir.

U Toshkentga ketayotgan yo‘lovchi avtobus va mikroavtobuslar qatnovi to‘xtatilgani sababli odamlar 25 ming so‘mdan taksi kira qilib yo‘lida davom etayotganini aytdi.

Jizzax viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda Toshkentga avtobuslarda yo‘lovchi tashish to‘xtatilganini tasdiqladi.

- To‘g‘ri, avtobuslar bugungi kundan boshlab Toshkenga yuborilmayapti. Avtobuslar bo‘sh boryapti, lekin u yerdan to‘lib qaytyapti. Bayramoldi xavfsizlik tadbiri. Har xil odamlar boryapti poytaxtga. Bilib bo‘lmaydi, nima sababdan boryapti u yerga. Xavfsizlik uchun qilinayotgan narsa bu.

Jizzax viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi barcha viloyatlarda Toshkentga avtobuslarda yo‘lovchi tashish to‘xtatilganini qo‘shimcha qildi.

Sirdaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi Avaz Anorqulov Ozodlik bilan suhbatda bu Ichki ishlar vazirligi buyrug‘i asosida to‘xtatilgani aytdi.

- Respublika Ichki ishlar vazirligining ko‘rsatmalari bo‘ladi. Bu o‘sha buyruq asosida bo‘ladi. Biz o‘zimizcha avtobus harakatini to‘xtat, deb ayta olmaymiz, dedi Sirdaryo viloyati Ichki ishlar bo‘limi navbatchi yordamchisi.

Avaz Anorqulov Toshkentda ishi bor odamlar taksida bemalol borib-kelishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Jizzax viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi 1 sentabrdan keyin avtobus va mikroavtobuslarda Toshkentga yo‘lovchi tashishi qayta boshlanishini ta‘kidladi.

Ayni paytda Toshkentda ham Mustaqillik bayrami tadbirlari xavfsizligini ta‘minlash bilan bog‘liq tadbirlar davom etmoqda.

Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilgan va elektron pochta orqali maktub yo‘llagan fuqarolarga ko‘ra, poytaxtdagi mardikor bozorlari tarqatilib, mardikorlar kelgan viloyatlariga qaytarib yuborilmoqda.

O‘zbekistonda mardikorlar huquqini himoya qilib kelayotgan faol Abdulla Tojiboy o‘g‘li Ozodlik bilan suhbatda shu kunlarda Toshkentdagi mardikorlar viloyatlarga qaytarib yuborilayotganini tasdiqladi.

- Bayramoldi reydlar bo‘ladi. Bu davomiy. Kunduzlari, kechki payt militsiya xodimlari ko‘plab reydlar o‘tkazadi. Viloyatdan kelgan har bir mardikorning hujjatlarini tekshiradi. Bir xillari ko‘ngliga to‘g‘ri kelmasa yoki hujjatida kamchiligi bo‘lsa, kelgan viloyatiga qaytaradi. Har bayramda shunaqa bo‘ladi. O‘sha qatori bu yilgi bayramda ham shunday bo‘lyapti. Asosiy maqsad bayramlarni tinch-osoyishta o‘tkazish, deydi Abdulla Tojiboy o‘g‘li.

Unga ko‘ra, hozirda Toshkentda 9 ta mardikor bozori bo‘lib, har bir bozorda kuniga 300dan ortiq kishi o‘zini vaqtincha ish bilan ta‘minlamoqda.

Ishsizlik sababli viloyatlardan Toshkentga kelib mardikorchilik qilayotgan fuqaroning bir kunlik o‘rtacha tushumi, taxminan 30 – 40 ming so‘mni tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG