Линклар

logo-print

"Mana bir yildirki, Ozodlik saytiga kirib sharh qoldirmasam-da, barcha maqolalarni qoldirmay o‘qiyman. Bugun shu maktubni yozishga jazm etdim. Chunki sizlarga ishonaman..." deb gap boshlagan mushtariy O‘zbekistonda oliy ma‘lumotli yosh kadrlarning ahvoli haqidagi achchiq tajribasidan tug‘ilgan xulosasini bayon qildi.

***********************************************************************

Men o‘z mehnatim va bilimim bilan yurtimizning eng nufuzli institutlaridan biriga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Buning uchun yaratganga shukurlar aytaman.

Xullas, 4 yil o‘qish mobaynida prezidentimiz, uning qilayotgan buyuk ishlari, mulozimlarining amalga oshirayotgan sa‘yi harakatlari, yurtimizning yil sayin rivojlanib borayotgani xaqida ajabtovur maqtovlar va faqat ijobiy faktlar bilan aldab qulog‘imizga quyib qo‘yishgan ekan. Men buni o‘qishni bitirgach anglab yetdim.

Hammasi 4-kursni bitirish paytlaridan boshlandi. Zamdekanimiz (dekan muovini - tahr.) qo‘limizga shartnoma tutqazib ishga joylashib kelinglar, aks holda, diplom ishi himoyasiga qo‘yilmaysizlar, dedi.

Aytishicha, biz o‘zimiz yashaydigan hududdagi faqat davlat tashkilotlaridan biriga ishga joylashib, sharnomani imzolatib kelishimiz kerak ekan.

Vaholanki, davlat dasturi bo‘yicha OTMning (Oliy ta‘lim muassasasi - tahr.) o‘zi talabalarni ish bilan taminlashi kerak. Mayli, deb uyimga vodiyga keldim. Lekin hech qaysi tashkilot hali diplomini qo‘liga olmagan talabani ishga ololmasligini aytdi.

TANISh-BILISh bilan ish bitirdik. O‘qishni tamomlab, diplomsiz uyga qaytdik. Byudjetda o‘qiganlar 3 yil davlat tashkilotida ishlasagina diplomi berilar ekan. Diplomdan ko‘chirma berishdi, xolos. ChIDAYMIZ.

Men bilan shartnoma imzolagan tashkilot ko‘ngildagidek bo‘lib chiqmadi. Davlatdan allaqancha milliard qarzi bor, ish xaqi berish uchun faqat kredit oladi, oylik esa 2 oyda atigi 100 ming so‘m. U ham bo‘lsa 100% plastik.

4 oy zo‘rg‘a sabr qildim. IShIMNI O‘ZGARTIRDIM. Yangi ishxonam ham davlat tashkiloti bo‘lib, oylik vaqtida berilardi. 350 ming so‘m 100% plastikda. Avvalgisiga qaraganda yomonmas shukur qildim.

Bo‘rini yesa ham, yemasa ham og‘zi qon, degan maqolni tushunib yetdim. Yangi ishxonamdagi barcha hodimlar poraxo‘r edi. Shu qatorda mijozlarimiz ham meni shunday o‘ylarkan. Halolligim ortidan bir necha bor pand yedim.

Ishxonadagi turli bahonalarni ro‘kach qilib, pul yig‘ishlar odamni hayratini oshiradi. Aqlini shoshiradi. Quruq oylik bilan oyning oxirigacha yetib borish ehtimol. Oylikni naqdlashtirish esa 12 %. Halol peshona teringku bu, deydigan mard yo‘q. Baribir pora olishga majbur bo‘ladi kishi.

IShIMNI O‘ZGARTIRDIM.

Bankda 6 oy ish o‘rganib yurdim oyliksiz. Hammadan barvaqt kelib hammadan kech ketardim. O‘zimni egallagan bilimlarim, mehnat faoliyatim bilan jamoada o‘rin topishga harakat qildim.

Afsuski, KATTA TANIShI bo‘lmagan inson GADO ekan. TANISh-BILISh bilan buyrug‘im chiqdi. Oylik yaxshi 800 ming. 100 % plastik, 50% ini bankning o‘zi naqdlashtirib beradi. Bir amallab harajatlarga ulguryapman. Mening yutug‘im bo‘ydoqman. Bilmadim, agar uylansam oylikni ro‘zg‘orga yetkaza olamanmi?

Ana yoshlarga yaratilgan imkoniyat, ana demokratiya, ana prezidentning “buyuk” ishlari natijasi, ana amaldorlarning sa‘yi harakatlari samarasi!

Qo‘limda diplomim yo‘q. Yana bir yildan keyin olaman. 2 yil davomida 3 ta joyda ishladim. Buni o‘zim xohlaganim yo‘q. Majburlikdan qildim. Men ham bir joyda “ko‘karishni” xohlagandim. Bankda ham mamlakat bo‘ylab chuqur ildiz otgan korruptsiya ta‘siri yaqqol seziladi.

OTMda AZIZ USTOZLARIMIZ aytgan gaplari butunlay teskari bo‘lib chiqdi. Agar haqiqatni biror yerda og‘iz ochib gapirsam bormi, xalq dushmani va vatan xoiniga aylanaman qolaman. Hamma jim. Chunki DIKTATORdan qo‘rqadi.

Endi savollar quyilib kelyapti:

Nega davlat tepasidagi vatan boyliklarini o‘zlashtirib, chetga sotib boylik orttirayotganlar vatarparvar-u, bu yoqda ertadan kechgacha ter to‘kib halol ishlab mehnatiga yarasha haq olmagan, kamiga dakki eshitgan yana qo‘rqqanidan jim yurgan oddiy xalq birgina haqiqatni talab qilishi bilan vatan dushmani, diniy ekstremistga aylanib qoladi?

Nega DIKTATOR va uning mulozimlariga sakkiz bukilib qulluq qilayotganlar vatanparvar, vatanni jondan sevguvchi-yu, ular siyosatiga qarshi chiqish u yoqda tursin, oddiy bir fikr bildirgan odam vatan dushmani bo‘lib qoladi?

Nima, Rossiyada oilam, bolam-chaqam, deb ishlab yurganlar vatan xoinimi?

Harom yeyishni xohlamay halol pul topgani chetga ketganlar vatanini sevmaydimi?

Men yaratgan egamni, xalqimni va yurtimni sevaman, o‘zidan iloh yasab olgan IAK ni emas. Va men, bir narsaga umid qilaman: kun kelib chetga umrbod ketganlar katta sarmoyalar bilan qaytadi. Rivojlanamiz! Butun turkiy xalqlar, jumladan Markaziy Osiyo xalqlari bir kuni birlashadi!

Hozircha jim ishlashda davom etamiz. Har yil mehnat ta‘tilida xorijda dam olib kelish, ota-onamni hajga yuborish, uylanish, yangi uy solish, mashina olish, bola-chaqa orttirish kabi “xomhayollarni” 10 yil keyingi kelajak uchun asrab qo‘ydim.

Mening farzandim bunday tuzumda tug‘ilib o‘sishini, bog‘chadan qorni ochiqib jarohatlar bilan qaytishini, maktabda boyning bolasi oldida mulzam bo‘lishini, Institutga 60 ballik ilmi bilan imtiyoz asosida o‘qishga kirib olgan tentak chala soldatlarning kasriga talabalikdan mahrum bo‘lishini, idorama-idora ish qidirib, sarson yurishini, uylanish va mashina olish uchun harom pul topishini, oilasini boqish uchun bechoralarni haqqini noxaq yeyishini aslo istamayman.

Hurmat bilan,

OLIYJANOB

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG