Линклар

Iroq va Suriyada xalifalik e‘lon qilgan "Islomiy Davlat" janggarilari amerikalik jurnalist Jeyms Foleyning go‘yoki boshi tanasidan judo qilingani aks etgan videoni tarqatdi. Hozirda "Amerikaga mujda" deya nomlangan bu videoning asl yoxud soxtaligi aniqlanmoqda.

Mazkur video 19 avgust kuni kechqurin Youtube video portaliga joylanib, oradan ma‘lum vaqt o‘tgach o‘chirib tashlandi.

Janggarilar videodagi shaxsni Frantsyaning AFP agentligi va AQShning Global Post kompaniyasi jurnalisti Jeyms Foley, deb tanishtirishdi.

Foley 2012 yil noyabrida Suriyada qurollangan noma‘lum odamlar tomonidan o‘g‘irlangandi.

Besh daqiqali videoda qurollangan guruh AQSh prezidenti Barak Obama Iroq shimolidagi "Islomiy davlat" pozitsiyalariga havo zarbasi berishni buyurganiga javoban jurnalistni o‘ldirganini da‘vo qiladi.

Shuningdek, ushbu videoda Amerikaning Time jurnali muxbiri Stiven Sotloff ham garovdagi asir sifatida ko‘rsatiladi. Janggarilar Sotloff taqdiri AQSh Prezidenti Barak Obamaning “keyingi qarori”ga bog‘liq bo‘lishini ta‘kidlaydi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi raisi Keytlin Heydenning ma‘lum qilishicha, Oq uy rasmiylari videoni ko‘rishgan va hozirda amerika razvedkasi videoning haqiqiyligini tekshirmoqda.

“Agar video tasvirlari haqiqiy bo‘lsa, biz begunoh amerikalik jurnalistning vahshiyona qatl qilinganidan dahshatdamiz va uning oilasi hamda yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deydi Heyden.

Foley oilasi Facebook tarmog‘ida "Biz o‘g‘limiz Jeyms bilan har qachongidan ko‘ra ko‘proq faxrlanayapmiz. U Suriya xalqi chekayotgan azoblarni dunyoga yetkazish yo‘lida jonini fido qildi”, degan yozuvlarni joyladi.

Shuningdek, Foley oilasi janggarilardan garovdagi boshqalarning hayotini saqlashni o‘tinib so‘radi.

Joriy yil iyunь oyi o‘rtalarida Iroqqa hujum qilgan IShID - hozirda esa o‘zini "Islomiy davlat" deb atagan janggarilar guruhi 29 iyun kuni bu hududda xalifalik e‘lon qilgan.

XS
SM
MD
LG