Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:13

Tataristonda o‘zbeklar politsiyaga hujum qilganlikda ayblandi


Tataristonda politsiyachilarga hujum qilganlikda ayblangan o‘zbek muhojirlariga nisbatan jinoiy ish ochildi. Ichki ishlar vazirligi hujumni qaytarishga uringan politsiya xodimi O‘zbekiston fuqarolardan birini oyog‘idan yarador qilganini xabar qilmoqda. Hodisa Apastovo qishlog‘iga Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov tashrifi oldidan bo‘ldi.

Tatariston politsiyasi Apastovo tuman markazida 19 avgust kuni kechasi soat 2:30 larda sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuvda politsiya xodimlariga hujum qilganlikda ayblab, 7 nafar O‘zbekiston fuqarosini hibsga oldi.

“Politsiyachilar bezorilarni to‘xtatish uchun pistoletdan o‘t ochishga majbur bo‘ldi”, - deydi Ozodlikka mazkur hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma‘lumot bergan Tatariston Ichki ishlar vazirligining axborot markazi katta referenti Igor Prostatov.

- Politsiya xodimlariga hujum qilganlik yuzasidan jinoiy ish ochildi. Xodimlarimiz qurol ishlatishga majbur bo‘ldi: hujum qilayotganlardan biri tizzasidan yaralandi. Politsiya xodimlari ham jarohat oldi. Besh nafar shaxs mayda bezorilik uchun hibsga olindi. Ular hozir politsiya bo‘limlaridan birida saqlanmoqda, dedi Igor Prostatov.

Tatariston politsiya boshqarmasi vakili hozirda tergovchilar dastlabki tergov-surishtiruv ishlarini olib borayotgani va keyinchalik gumonlanuvchilar Jinoyat Kodeksining bundanda og‘irroq moddalar bilan javobgarlikka tortilishi mumkinligini ham bildirdi.​

​Tatariston Respublikasi bo‘yicha Tergov qo‘mitasida Ozodlikka o‘zbek muhojirlari Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 318-moddasi, ya‘ni hukumat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qilish asosida jinoiy ish ochilganini tasdiqlashdi.

“Apastovoda yashayotgan fuqaro bir guruh muhojirlar tomonidan kaltaklangani arzi bilan mahalliy post-patrul xizmati xodimlariga murojaat qilgan. Shu payt politsiya mashinasiga qayerdandir uchib chiqqan “Gazel” mashinasi kelib urilgan va undan bir guruh shaxs chiqqan”, dedi dastlabki tergov natijalarini ochiqlagan Tatariston bo‘yicha Tergov qo‘mitasi rahbari muovini Andrey Sheptitskiy.

- Hujjat talab qilgan politsiya xodimlari ular tomonidan kaltaklangan. Bunga javoban politsiyachilar havoga qarata o‘t ochishga majbur bo‘lgan. Shundan keyin ular mashinaga o‘tirib, qochib ketgan. Keyinroq aynan shular deb taxmin qilinayotgan shaxslar ularni to‘xtatishga urinib ko‘rgan avtoinspektorga hujum qilgan. Bu yerda politsiyachi ularga qarata o‘q uzgan va birini yarador qilgan, dedi Andrey Sheptitskiy.

Tergov xodimlari so‘zidan, bezorilar yaralangan sherigini tortib olmoqchi bo‘lgan, ammo hodisa joyiga yetib kelgan politsiya naryadi tomonidan hibsga olingan.

Tergov qo‘mitasida politsiya xodimlaridan biri miyasi chayqalgani, boshqasining jag‘i singani, qolganlari yana boshqa jarohatlarni olganini ma‘lum qilishdi.

Tatariston o‘zbeklar jamiyati vakillari bu hodisa yuzasidan biror ma‘lumotga ega emasliklarini bildirishdi.

Muhojirlar tug‘ilgan kunini nishonlagan

Ozodlik suhbatlashgan va o‘z ismini sir saqlashni so‘ragan manbaga ko‘ra, Apastovo qo‘rg‘onining Radujnaya ko‘chasidagi to‘polondan oldin bir guruh shu yerda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojir farzand tug‘ilganini spirtli ichimliklar ichib nishonlagan.

Bazm avjiga chiqqan paytda bu shaxslar va 28 yashar Bekzod Hayitmatov o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Hayotiga tahdid sezgan Bekzod politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan va yordam so‘ragan. Hodisa joyiga ketayotgan politsiya xodimlari Hayitmatovni ko‘chada uchratib qolgan va nima bo‘lganini bilish maqsadida to‘xtaganida “Gazelь”da uning orqasidan yetib kelgan o‘zbekistonliklar hujumiga uchragan.

20 avgust kuni politsiyaga keltirilgan 5 nafar janjal ishtirokchisi 15 sutkaga ma‘muriy jazoga tortildi. Apastovo tuman sudi bezorilikda ayblangan shaxslarni Rossiyadan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Ma‘lum bo‘lishicha, oyog‘idan o‘q yegan va tibbiy yordam yetkazilgan To‘lqin Sobirovning ahvoli birmuncha durust. Shifoxonadan chiqishi bilan, politsiya uni ham javobgarlikka tortib, Rossiyadan chiqarib yuborishini bildirdi.

Biroq, Rossiya Tergov qo‘mitasi politsiyachilarga hujum qilganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarolari deportatsiya qilinishidan oldin 10 yilgacha qamoq jazosini o‘tab chiqishini ma‘lum qildi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari e‘tiborini o‘ziga tortgan bu hodisa Tatariston poytaxti Qozondan ikki soatlik yo‘l masofasida joylashgan Apastovo shaharchasiga respublika prezidenti Rustam Minnixanov tashrifi oldidan sodir bo‘ldi. Joriy yilning sentyabr oyida bo‘lajak saylovlarda “Edinaya Rossiya” partiyasidan o‘z nomzodini qo‘yayotgan Rustam Minnixanov Apastovoga saylovoldi tadbirida ishtirok etish uchun kelgani aytildi.

Mahalliy axborot vositalari Apastovoga katta miqdorda politsiya va OMON xodimlari tortilganini xabar qilmoqda.

XS
SM
MD
LG