Линклар

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining 12 nafar sobiq xodimi noqonuniy tadbirkorlik, korruptsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingani iddao qilinmoqda. Norasmiy manbalar sobiq MXXchilar Toshkent viloyati Bekobod tumanida xavfsizlik idoralari sobiq xodimlari saqlanadigan qattiq tartibdagi 64/21-sonli jazoni ijro etish muassasasiga yuborilganini aytmoqda.

"Sobiq MXXchilardan Bekobod turmasida o‘ch olishlari mumkin"

Ozodlikka bog‘lanayotgan norasmiy manbalar O‘zbekiston MXX xodimlaridan 12 nafari sudga tortilib, uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilinganini aytmoqda.

Norasmiy manbalardan olingan ma‘lumotlarda sudlanganlar MXX raisi o‘rinbosari, general Hayot Sharifxo‘jayevning ukasi Javdat Sharifxo‘jayev qo‘lida ishlagan xodimlar ekani iddao qilindi.

Hozircha rasmiy tasdig‘ini topmagan bu iddaolarni Ozodlikning huquq-tartibot organlarida ishlaydigan bir-biridan mustaqil ikkita manbasi tasdiqladi. Faqat manbalardan biri qamalganlarning sonini 12 nafar, yana bir esa 14 nafar, demoqda.

Manbalardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, sudlangan MXXchilar Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari va sud-prokuratura organlari sobiq xodimlari saqlanadigan qattiq tartibdagi 64/21-sonli jazoni ijro etish muassasasi hamda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi qattiq rejimli qamoqxonaga yuborilgan.

Shuningdek Ozodlik manbasi iddaosiga ko‘ra, Navoiy qamoqxonasida sobiq MXXchilar tahqirlangan - koloniya ma‘murlari talabi bilan yalang‘och qilib yerga yotqizilgan va sudralgan.

Xususan, Bekoboddagi qamoqxonaga tashlangan sobiq militsioner, tergovchi, sud ya va prokurorlar, odatan aynan MXX tizimlari tomonidan qo‘lga olinishi va jazoga tortilishi kuzatiladi.

Shu bois, Bekoboddagi turmaga yo‘llangani iddao qilingan sobiq MXXchilar ham jazo o‘tash chog‘ida, ulardan jabr ko‘rgan mahkumlar tarafidan taxqirlanishi va shafqatsizlik qurboni bo‘lishi ehtimoli mahkumlarning yaqinlarini dahshatga solayotgani aytildi.

Ozodlik norasmiy manbalar tomonidan ilgari surilgan bu iddaolar yuzasidan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturasidan izoh olishga urindi, ammo hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

"Bekobodda MXX xodimlarini “Palach” kutmoqda"

Ozodlik muxbiri uzoq muddatli qamoq jazosini Bekobod qamog‘ida o‘tashga mahkum qilingani aytilgan MXX sobiq xodimlarining yaqinlarini dahshatga solgan omillarni o‘rganishga urindi.

Bekoboddagi 64/21-sonli qamoqxonada mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabat ko‘lami haqidagi hisobotlarni o‘z manbalariga tayangan Parijdagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Otayeva shunday bayon qildi:

- Qamalgan MXX xodimlarining yaqinlari Bekoboddagi 64/21-sonli qamoqxonada mavjud shafqatsizlik ko‘lamini yaxshi biladi. Bekoboddagi koloniya MXX tarafidan mutlaqo nazorat qilinadigan maskan. MXX xodimlari u yerda nafaqat ozodlikdan mahrum bo‘lishadi, balki boshqa mahbuslar tomonidan qasd olish, ta‘zirini berib qo‘yish kabi shafqatsizlik bilan yuzma-yuz bo‘lishadi. Biz gaplashgan guvohlarning aytishicha, bu koloniyada “Palach” laqabli qamoqxona nazoratchisi Nozim J. (To‘liq ismi-familiyasi oshkor qilinmayapti - tahr.) mahkumlarni shafqatsiz ravishda qiynashi haqida bizda ma‘lumotlar bor. “Palach” kaltagidan umrbod mayib bo‘lgan o‘nlab mahkumlar iqrornomasi ham bizga yetib kelgan, deydi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Otayeva.

MXX xodimlarini Bekobod qamog‘ida kutayotgan “palach” haqidagi ma‘lumot va fotosurat ham Ozodlik tasarrufiga yetib keldi.

​Ozodlikka yetib kelgan norasmiy ma‘lumotlarda iddao qilinishicha, 50 yashar Nozim J. O‘zbekistonning birinchi raqamli jallodi sifatida nom chiqargan.

"Nozim Buxarskiy zamonaviy jallod"

Jinoyat olamida Nozim Buxarskiy, mahkumlar orasida esa “Palach”, “Loxmach” deb nom chiqargan bu shaxsning Buxoroda tug‘ilgani aytiladi.

Nozim. J MXX buyrug‘iga ko‘ra, Bekoboddagi koloniyada mahkumlarni shafqatsiz qiynash bilan shug‘ullanishi haqida shikoyat va hujjatlar "Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi"da mavjudligi ham aytildi.

Ozodlik bu iddaolarni ham boshqa biror rasmiy yoxud norasmiy manbalar orqali tasdiqlatishga muvaffaq bo‘lmadi.

MXXda "jiddiy tozalashlar” ketmoqda

Xavfsizlik xizmati xodimlarining qamalganini iddao qilgan norasmiy manbalarga ko‘ra, MXXda "jiddiy tozalashlar ketmoqda".

Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan ma‘lumot bergan O‘zbekistonning kuch ishlatar tizimlaridagi manbaning iddao qilishicha, MXXning Ozodlikdan mahrum qilingan 12 xodimi O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatidagi eng yosh general Hayot Sharifxo‘jayevning ukasi Javdat Sharifxo‘jayev boshchilik qilgan guruhning a‘zolaridir.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin yana bir manba esa MXX raisi o‘rinbosari, general Hayot Sharifxo‘jayev ukasi Javdat Sharifxo‘jayevning o‘zi ayni damda "ishdan bo‘shatilgani va tergov qilinayotgani"ni iddao qilmoqda.

MXXning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasida ishlagani aytilgan Javdat Sharifxo‘jayevning “ishdan quvilgani" haqidagi ma‘lumot yaqindagina O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova tomonidan sizdirilgan, deya iddao qilingan maktubda ham keltirilgan edi.

Bu maktub shu yil iyul oyida “The Russian times” Internet nashrida o‘zini Asqar Qosimov deb atagan blogger tomonidan chop etilgan “O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizining hayoti va salomatligi xavf ostida” nomli maqolaga ilova qilingan.

Maktubda iddao qilinishicha, prezident rafiqasi Tat yana Karimovaga sodiq bo‘lgan MXXdagi bu shaxslar, go‘yoki prezident Islom Karimovni aldash uchun, "xo‘jako‘rsinga" hibsga olinib, keyin qo‘yib yuborilgan va o‘z lavozimlariga qaytarilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ayni ma‘lumotni o‘tgan yil oxirida Twitter mikroblogidagi sahifasida ham yozgan edi.

Keyinchalik bu ma‘lumotlar rasmiy tasdig‘ini topmagan bo‘lsa-da, oradan 7 oy o‘tgach, boshqa mustaqil manbalar tomonidan yana tilga olinmoqda va bu gal Javdat Sharifxo‘jayevning ishdan haydalganiyu, uning qo‘lida ishlagan 12 xodim sudlanib, Bekoboddagi koloniyada shafqatsiz “Palach” qo‘liga topshirilgani iddao qilinmoqda.

Hozircha O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatidan ham, Jazoni o‘tash Bosh boshqarmasidan bu mahkumlar haqida biror ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG