Линклар

logo-print

Shahrisabzda uyi buzilishini istamayotganlarga kuch qo‘llanmoqda

  • Садриддин Ашур

Shahrisabzda buzilayotgan uylar

Shahrisabzda buzilayotgan uylar

Shahrisabzda obodonlashtirish dasturi bo‘yicha buzilayotgan 100ga yaqin uyning tovon pulidan norozi egalarini militsiya xodimlari rozilik berishga majburlayotganidan shikoyat bo‘ldi. Qish arafasida quruq yer berilgan oilalar tovon puliga uy qurib bo‘lmasligi, ortiqcha harajatga esa qurbi yetmasligidan nolimoqda.

Shahrisabz shahrining Fayzulla Xo‘jayev ko‘chasidagi 4-uyda istiqomat qiluvchi 60 yoshli Ahmad Abdullayevning iddao qilishicha, uning uyiga 20 avgust kuni yigirmadan ortiq militsiya xodimi bostirib kirgan:

- Ertalab bir guruh melisa keldi. Bolalarimning keyin aytishicha, ular 23 nafar ekan. Mening qo‘limni qayirib uylarni baholash markaziga olib borishdi. Uyingizning narxi 88 million so‘m, shundan 7 million so‘mini hokimiyat olib qoladi, imzo qo‘ying, deyishdi. Men rozi emasman, avval qurib berishsin, keyin buzishsin, deb imzo qo‘ymay keldim, - deydi Ahmad Abdullayev.

Suhbatdoshning aytishicha, u uyga qaytib kelib hovlisining devorlarini buzilgan holda ko‘rgan:

- Melisalar bolalarimni ham qo‘llarini qayirishibdi. Mana bittasi qo‘li og‘rib yotibdi. Ayolimni non pishirayotgan joyidan sudrab-sudrab tashlabdi. Uyimning devorlarini esa traktor solib buzdiribdi, hamma yoq vayron. Zo‘ravonlik haddidan oshib ketdi, - dedi Ahmad Abdullayev.

Shahrisabzda shaharni obodonlashtirish dasturi doirasida aholi uylarini buzish jarayoni davom etmoqda.

Xususan, Ahmad Abdullayev uyi buzilishi haqida oldindan ogohlantirilgan. Biroq u hokimlik to‘layotgan tovon puliga rozi emasligini, 7 xonali uyiga berilgan tovon puli esa bunday uy qurish uchun urpoq ham bo‘lmasligini aytadi:

- Men hokimga necha bor arz qilib bordim. "Yangisini qurmay, eskisini buzma!" degan prezidentimiz, dedim. Men shu uyimda non yopib tirikchiligimni ko‘rardim. Endi esa shahar chekkasidan yer berishmoqchi. Men bunga aslo rozi bo‘lmayman, - dedi Ahmad Abdullayev.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir shahrisabzlik manbaning aytishicha, kam ta‘minlangan oialalarning ahvoli judayam og‘ir:

- Kuni kecha traktor bilan kelib kambag‘allarning devorlarini buzishdi. Odamlar qo‘rqqanidan ko‘chaga chiqib turdi. Ularga 10-20 million tovon puli va‘da qilgan ekan. Bu pulga ular uylarining fundamentini ham tashlay olmaydiku, - deydi suhbatdosh.

Buzilishlarning surati va videosini olib Ozodlikka jo‘natgan bu shahrisabzlikka ko‘ra, militsiya xodimlari odamlarga tahdid qilmoqda:

- Uyi buzilgan odamlarga vaqtincha bog‘chadan joy beramiz, deyishdi. Lekin bog‘cha odamlarning ko‘chlarini qabul qilmadi. Hozir bu odamlarning ko‘chi ko‘chada qoldi. Hademay qish keladi, ular qayerda qishni o‘tkazadi, bunisi noma‘lum. Chunki, tovon puli bilan yangi imorat ko‘tarish mumkin emas, - dedi shahrisabzlik manba.

Shahrisabz shahri hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Safarov odamlarni buzilayotgan uylaridan zo‘rlik bilan chiqarishda militsiya ishtirokini rad etmadi:

- Vazirlar Mahkamasining 31 qaroriga, asosan Shahrisabz shahrining genplani ishlab chiqilgan. Buzilishga tushgan uylarning hammasini narxi chiqarilgan, belgilangan joydan yer berilgan. Lekin bu odamlar davlat siyosatiga to‘sqinlik qilyapti. Oltiy oy oldin hammaga ogohlantirish berilgan, hamma yangi joydan uy solib ko‘chib chiqyapti, uy sololmaganlarni ijara uy bilan ta‘minlashga va ijara haqini to‘lab turishga ham rozimiz, - dedi shahar hokimi o‘rinbosari Abdurasul Safarov.

Joriy yilning fevralь oyida Shahrisabz hokimligi shaharni obodonlashtirish maqsadida ko‘chalarni kengaytirishni boshlab yuborgan edi.

Yo‘l chetidagi aholi yashaydigan uylar va tadbirkorlik ob‘ektlariga havo harorati kechalari 0 dan past bo‘lib turgan o‘sha kunlarda bulьdozer solingan va boshpanasiz qolgan odamlarga qarindoshlarinikida yashab turish tavsiya qilingan.

XS
SM
MD
LG