Линклар

Rossiyada mehnat qilayotgan farg‘onalik 57 yoshli Mamaraim aka O‘zbekistonga qaytib ketadigan bo‘lsa, to‘rtinchi kursda o‘qiyotgan farzandi kontrakt pulisiz qolib ketishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

Rossiyada ishlab yurgan o‘zbekistonlik millionlab mehnat muhojirini turli yo‘llar bilan o‘z vataniga qaytarish harakatlari boshlangani Moskvadagi qurilishlardan birida ishlayotgan farg‘onalik Mamaraim akaning ham tinchini buzdi.

Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlaridan xorijga chiqqan mehnat muhojirlarini O‘zbekistonga qaytarishga qaratilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari boshlanganidan xabar topgan Mamaraim aka Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilib, agar O‘zbekistonga qaytarilsa, o‘g‘li diplomsiz qolib ketishi mumkinligidan nolidi.

- Hudoga shukur, Rossiyani bahonasida uchinchi farzandim diplomli bo‘lyapti. Men Rossiyadan yuborgan pullar evaziga ikki qizim diplomli bo‘ldi. Uchinchisi - o‘g‘lim bu yil to‘rtinchi kursga o‘tdi. Yana bir yil kontrakt puli qoldi. Shuni ham to‘lasam, keyin O‘zbekistonga qaytsam bo‘ladi. O‘zbekistonda bo‘lganimda farzandlarimni o‘qitolmasdim, - deydi Mamaraim aka.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonning turli viloyatlarida militsiya xodimlari uyma-uy yurib, ota-onalardan muhojirlikdagi farzandlarini, qarindoshlarini qaytarishni talab qilayapti.

Farg‘onalik Mamaraim aka O‘zbekiston hukumatining Rossiya va Qozog‘istondagi o‘zbekistonliklarni qaytarish urinishlari O‘zbekistondagi minglab oilalarni og‘ir ahvolda qoldirishi mumkinligini aytadi.

- Hozir O‘zbekistonda pulingiz bo‘lmasa, imtihon topshirolmaysiz. Xullas, Rossiyada ishlab, farzandlarni o‘qityapmiz-da. Men kabi minglab oilalar bor farzandini o‘qitayotgan. Ular qaytib borsa, kontrakt pulini kim to‘laydi? Mening endi oxirgi farzandim qoldi. Shu o‘g‘lim o‘qishni tugatsin, keyin qaytarman. O‘g‘lim esli-aqlli bola. "Dada, men o‘qishni tugatib, ishga kirsam, siz hech qanaqa ish qilmaysiz, faqat choyxonama- choyxona yurib, dam olib yurasiz", deb niyat qilyapti, - deydi Mamaraim aka.

Lekin Mamaraim aka o‘z farzandlariga o‘zi kabi O‘zbekistonda ish topolmay, Rossiyada ishlab yurishni ravo ko‘rmasligini aytadi.

- Ish topiladi bularga. Ikkita qizim mening orqamdan diplom olib, o‘qituvchi bo‘lib ishlayapti. O‘qituvchilarga oz bo‘lsa ham ish bor. O‘g‘lim Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘qiydi. Bu kasbga ham O‘zbekistonda ish topiladi, deb o‘ylayman. Vatandan olisda Rossiyada ishlab yurishni farzandlarimga ravo ko‘rmayman, - deydi Mamaraim aka.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar yuborayotgan pul-mablag‘lar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 15 foizini tashkil etadi.

Aynan shu mablag‘lar o‘zbek oilalarini butunlay xonavayron bo‘lishdan asrab turgan asosiy omil sifatida ko‘riladi.

XS
SM
MD
LG