Линклар

Qirg‘iziston hukumati O‘zbekiston ichkarisida joylashgan Barak anklavi aholisining bir qismini Qorasuv tumanida yangi qurilayotgan Sariko‘lo‘t massiviga ko‘chirish uchun 3 million dollar ajratdi. Ayni paytda barakliklar anklavdan hamma ko‘chib ketgan taqdirda bu yer to‘laligicha O‘zbekistonga o‘tib ketishi mumkinligidan tashvish izhor qilmoqdalar.

Qirg‘iziston bosh vaziri Jo‘o‘mart O‘to‘rbayevning aytishicha, hukumat yangi turar-joy mavzesi qurish va Barak aholisining bir qismini ko‘chirish uchun Rossiyadan olingan grant hisobidan taqriban 3 million dollar ajratgan.

- Barak anklavi aholisini ko‘chirishimiz kerak bu yoqqa. Ularga Qorasuv tumanidan yer ajratayapmiz. Favqulodda vaziyatlar vazirligi yordami bilan u yerga qurilish materiallarini olib borganmiz. Byudjetimizdan ham 155 million so‘m ajratib, uni infratuzilma barpo etilishiga, jumladan, yo‘l, ichimlik suvi va elektr tarmoqlari qurilishiga sarflaymiz, - dedi Qirg‘iziston bosh vaziri Jo‘o‘mart O‘to‘rbayev.

Bu mablag‘dan Qorasuv tumanining Sariko‘lo‘t qishloq okrugi hududida joylashgan Besh Uy uchastkasiga uy quradigan barakliklarga 200 ming so‘mdan yoki salkam 4 ming dollardan qaytarilmas ssuda ajratiladi.

Ammo hozirda Qorasuv tumanidagi uylarda ijarada turgan barakliklar bu mablag‘ yetarli emasligini aytmoqdalar.

- Boshida 1 milliondan beramiz, deyishgandi. Keyin 500 mingga tushishdi. So‘ng esa 400 mingga tushishdi. Hozir esa 200 mingdan beramiz, deyishyapti, ammo o‘shani ham hammasini birdaniga bermas ekan. Masalan, yer olinganidan keyin bu pulni bo‘lib-bo‘lib, transh qilib berar ekan. Hozir 200 mingga hech narsa kelmaydi, hamma narsa qimmat. Bizga berilgan joyda suv ham, elektr ham yo‘q ekan, adirlik yerdan beribdi. Bundan tashqari, bizda hali korruptsiya to‘la bartaraf qilingani yo‘q. Bizga kelayotgan bu pullarni yo‘lda amaldorlar o‘marib qolsa-chi? Bu pullarning hammasi yangi massivga sarflanarmikin yo ularni gubernatorlar va hokimlar yeng uchida o‘zlashtirib yuborarmikin? Shu masalalar ustida ham bosh qotirishga majbur bo‘layapmiz hozir, - deydi barakliklardan biri Kamiljan Amirbayev.

Uning hamqishlog‘i bo‘lgan Dilshod Ermatov esa barakliklarga ajratilgan joyda uy solish uchun hech qanday sharoit yo‘qligini aytib, “bu yerga hukumatning o‘zi uy solib bersa, yaxshi bo‘lar edi”, deydi.

Barak ahli qishlog‘iga hozirda qiyinchilik bilan borib kelayotgan ekan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ular uchun ajratilgan mikroavtobus anklavga haftasiga bir marta, ba‘zan esa ikki haftada bir martagina qatnaydi.

Shu kunda anklavda 20 chog‘li odam barakliklar mulkini qorovullab yashayotgan ekan. Barak qishloq hukumati rahbari Burqanbek Ashirbayev anklav ahlining hammasi ko‘chib ketganidan keyin 300 gektarga yaqin maydonga ega bu hudud O‘zbekistonga o‘tib ketishi mumkinligidan xavotirlanadi:

- Odamlar yashab turgan paytda qishloqqa kirib-chiqish qiyin edi o‘zi, agar odamlarning hammasi birato‘la chiqib ketsa, bu yerning kelajagi haqida bir narsa deyolmaymiz biz. Balki avtomatik ravishda O‘zbekistonga o‘tib ketar, balki davlatlararo shartnomaga ko‘ra daxlsiz hudud bo‘lib turar – bunisini biz bilmaymiz. Avval bu haqida bir qancha variantlar aytilib yurgan. Yo O‘zbekiston anklavga yo‘lak ochib berishi, yoki mamlakatlar gektariga gektar qilib, hudud almashtirishi mumkinligi haqida taxminlar aytilgan. Keyinchalik hukumatning chegaralar delimitatsiyasi bo‘yicha vakili Qurbanbay Iskandarov O‘zbekistonga qarashli deyilayotgan Barakka olib boruvchi yo‘l uchastkasi hujjatlarga ko‘ra Qirg‘izistonga qarashli ekani va biz bu yerlarni qaytarib olishimiz mumkinligini aytib, bizni xotirjam qilib qo‘ygandi. Endi esa “ko‘chinglar” deyishyapti, shuning uchun biz bu yerga nima bo‘lishini bilmaymiz, - deydi Burqanbek Ashirbayev.

O‘sh viloyatining Qorasuv tumaniga qaraydigan Barak anklavi O‘zbekiston ichkarisida joylashgan bo‘lib, qirg‘iz-o‘zbek chegarasidan qishloqqacha borish uchun O‘zbekiston yerlari bo‘ylab besh chaqirim yo‘l bosish kerak. Avvalgi yillarda yuzaga kelgan ziddiyatlar tufayli O‘zbekiston bu yerdagi chegara-o‘tkazish punktini yopib qo‘ygan. Barakliklar vaqt o‘tgani sari anklavga kirib-chiqish qiyinlashib borayotgani vajidan qirg‘iz rasmiylaridan o‘zlarini ko‘chirib olib ketishni so‘ragandilar.

XS
SM
MD
LG