Линклар

logo-print

Andijon viloyatining Izboskan tumanidan xorijga chiqmoqchi bo‘lgan fuqarolarning pasportiga yumaloq muhr bosish uchun hokimning ruxsati talab qilinyapti. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan manbalarga ko‘ra, mehnat muhojirlari xorijda rasmiy ishi borligi haqidagi hujjatlarni taqdim qilsa ham ularga mamlakatdan chiqishga ruxsat berilmayapti.

Andijon viloyatining Izboskan tumanida xorijga chiqmoqchi bo‘lgan fuqarolar pasportiga yumaloq muhr bosilmayapti.

Izboskan tuman IIB pasport bo‘limi xodimlari pasportiga yumaloq muhr bostirmoqchi bo‘lgan fuqarolarni tuman hokimligidan yozma ruxsat olib kelish uchun yubormoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan izboskanlik manbaga ko‘ra, hokim o‘rinbosari hech kimga yumaloq muhr uchun ruxsat bermayapti:

“Bizni hokimning muovini qabul qildi. Ruxsat yo‘q, bor yo‘qol, chiqib ket, pechat bosilmaydi, dedi. Shu yerdan ish top dedi. Keyin milisaxonga bordim, u yana hokimga bor dedi. Hammani sarson qilib yurishibdi”, dedi xorijga ketmoqchi bo‘lgan manba.

Suhbatdoshning aytishicha, xorijga chiqmoqchi bo‘lganlar talab qilingan hujjatlarni taqdim qilgan bo‘lsa ham inobatga olinmayapti:

“Bizga militsiyadan aytishgandiki, uch xil hujjat qilib kelasan. Mahalla oqsoqolidan, uchastkavoydan ruxsat va Rossiyada sening rasmiy ishing borligi haqidagi hujjat kerak, deyishgan. Men Rossiyadagi ishxonam bilan bog‘lanib, elektron pochta orqali olgan rasmiy ishim borligi haqida hujjatni ham ko‘rsatdim. Lekin hech narsaga qaramasdan kategoricheskiy otkaz qilishyapti", dedi manba.

Hokimdan ruxsat olish uchun kelgan boshqa bir izboskanlikning aytishicha, undan hatto shifokordan tibbiy ma‘lumotnoma talab qilishgan:

“Men hatto sog‘lig‘im joyida ekanligi haqida spravka ham olib keldim. Rossiyada har oyda ming dollar oladigan yaxshi ishim bor edi, uyga kelib pasportimni yangiladim. Endi esa ishimga ketolmayapman. Yumaloq muhr bosishmayapti”, dedi izboskanlik yigit.

Izboskan tuman hokimligida ishlaydigan manbaning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, mehnat muhojirlarini tashqariga chiqarmaslik haqida qat‘iy ko‘rsatma bo‘lgan:

"Ha, xorijga ishlagani chiqmoqchi bo‘lganlarni to‘xtatish haqida qat‘iy ko‘rsatma bo‘lgan. Bolalaringni qaytaringlar, degan targ‘ibot-tashviqot ishlari avjida. Qiziq ishlar bo‘lyapti. Aslida yumaloq muhrni militsiya bosishi kerak. Lekin u hokimga ruxsat olib kelish uchun yuboryapti. Hokim esa bu vazifani o‘rinbosariga yuklab qo‘ygan. O‘rinbosar esa ruxsat so‘rab kelganlarni bir chetdan qaytaryapti", dedi manba.

Izboskanliklarning iddaosicha, militsiya xodimlari pasportga yumaloq muhr bosish jarayonini korruptsiyalashtirmoqda:

“Melisaxonada yuradigan bolalar bor. O‘shalar 250 dollar bersang, pechatь urdirib beraman deyapti", deydi izboskanlik.

O‘zbekistonda fuqarolarni mehnat muhojirligiga chiqarmaslik borasidagi rasmiy tadbirlar boshqa viloyatlarga ham yoyilmoqda.

Jumladan, buxorolik Ozodlik manbasining yozishicha, xorijdagi o‘zbekistonliklarni qaytarish haqidagi targ‘ibot ishlari boshlangan:

“Mahalla faollari kuni kecha - 18-avgustda yig'ilib, Rossiyadagi ishchilarni 3 oy ichida O'zbekistonga qaytarish kerakligi borasida korsatma oliwibdi. Mabodo kelishmasa, umrbod owa yerda qopketiwarmish. Boshqa tazyiqlar haqida gap yo'q..”, deb yozdi shofirkonlik manba. (Uning yozganlari tahrirsiz e‘lon qilindi)

Yil boshidan buyon Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyati bo‘yicha taxminan 15 ming mehnat muhojiri uyiga qaytarildi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, militsiya boshchiligidagi maxsus guruh vakillari uyma-uy yurib, xorijdan qaytmaganlarning yaqinlariga bosim o‘tkazmoqda.

Bu tadbir O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning iyulь oyida Farg‘ona shahridagi majlisda xorijdagilarni O‘zbekistonga qaytarish va ularni ish bilan ta‘minlash borasidagi topshirig‘idan so‘ng boshlandi.

XS
SM
MD
LG