Линклар

logo-print

Toshkentlik 28 yashar Madina chiqish vizasini olish uchun o‘zi istiqomat qiladigan tuman IIBda so‘roq qilingani va undan xorijda "turli guruhlarga qo‘shilmaslik" talab qilinganini aytmoqda. O‘zbekiston IIVning Xorijga chiqish-kirish va fuqarolik ishlari bo‘limi xodimlari o‘zbekistonlik yosh ayollarni odam savdosidan saqlash uchun shunday talab qo‘yilganini aytmoqda.

"Chet elda dindor va shpionlarga qo‘shilmaslik talab qilindi"

Toshkent shahrida istiqomat qiladigan 28 yashar Madina (ayolning asl ism-familiyasi sir saqlanmoqda - tahr.) chiqish vizasini olish uchun Xorijga chiqish-kirish va fuqarolik ishlari bo‘limiga borganida undan tuman IIBda suhbatdan o‘tish talab qilinganini aytdi.

"35 yoshgacha bo‘lgan ayollardan tuman IIBdan suhbatdan o‘tib kelasiz, deb talab qilishayotgan ekan. Men bordim, meni IIBda bitta nachalьnikning xonasiga olib kirishdi. Meni pochti yarim soat dopros qildi. "Chetga nimaga ketayapsiz, u yerda nima ish qilasiz, qayerdan pul topasiz, kimlar bilan tanishsiz, qachon orqaga qaytasiz?" deb ko‘p savollarni so‘rashdi. Xuddi prokuror so‘roq qilayotganday bo‘ldi meni, shokka tushib qoldim", dedi Madina Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Xuddi shunday suhbatdan o‘tkazilgan yana bir 24 yashar toshkentlik - Sitoraning (qizning asl ism-familiyasi sir saqlanmoqda - tahr.) aytishicha, undan "turli diniy, shpion guruhlariga" qo‘shilmaslik so‘ralgan.

"Menga: "Hozir zamonni ko‘rib turibsiz, yana chet elda har xil religioznыy gruppalarga qo‘shilib ketmang, yana shpion bo‘lib qaytib kelmang", deb aytishdi. Juda qo‘pol gaplashishdi. Studentligimni aytsam ham IIBga kirganimdan chiqqunimcha, hamma menga xuddi ahloqi buzuq ayolga qaraganday yomon qarashdi. O‘zimni haqoratlanganday his qildim", dedi Sitora.

"Ayollarni odam savdosidan qo‘riqlayapmiz!"

Toshkentlik yosh ayollardan olingan ma‘lumotlarni to‘liq tasdiqlagan IIV rasmiylari bu choralar 35 yoshgacha bo‘lgan ayol-qizlarni odam savdosi qurboni bo‘lishdan saqlashga qaratilganini aytmoqda.

"Hozir bu praktika faqat O‘zbekistondamas, butun dunyoda bor. 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarni odam savdosidan himoya qilish uchun hamma davlat chora ko‘rayapti. Bizda ham IIBlarda maxsus gruppalar tuzilgan. IIB ekspertlari bu ayollar bilan suhbatlashayapti va shunaqa xavfli vaziyatga tushib qolganda, kimdan yordam so‘rash bo‘yicha konsulьtatsiya bu, xolos. Qo‘rqishmasin!", dedi IIVning Xorijga chiqish-kirish va fuqarolik ishlari bo‘limi xodimi.

Toshkentlik Madina va Sitora bergan ma‘lumotlardan kelib chiqib IIV xodimidan yosh ayollar ogohlantirilgan "turli diniy, shpion guruhlar" haqida ma‘lumot so‘radik.

"Chet ellarda nimalar bo‘layotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Shuning uchun endi kimgadir notanish odamlardan ehtiyot bo‘ling, deb aytishgan bo‘lishi mumkin. Lekin, asosiy masala chet eldagi jinoiy guruhlar. Endi bular terrorchi bo‘lishi mumkin, odam savdosi bilan shug‘ullanadigan jinoiy guruhlar bo‘lishi mumkin! Shuning uchun, bu ayollarga maslahat beriladi - qiyin ahvolga tushganda kimga telefon qilish kerak, qayerga telefon qilish kerak -shunaqa tavsiyalar xolos", dedi IIV Xorijga chiqish-kirish va fuqarolik ishlari bo‘limi xodimi.

"Yosh ayollardan mahalla raisi tavsiyasi so‘ralayapti"

Madinaning aytishicha, IIB tuman bo‘limida suhbatdan o‘tgani haqidagi hujjat bilan birga 35 yoshga to‘lmagan ayollardan mahalla raisi nomidan tavsiyanoma ham so‘ralmoqda.

"Avval mahalladan shu mahallada yashashi va oila-a‘zolari soni, ism-familiyasi, kasbi haqidagi ma‘lumotnoma so‘ralar edi. Men bu gal OVIRga borsam, mendan mahalla raisidan tavsiyanoma ham so‘rashdi. Mahalla raisi shunaqa bizning mahallada yashaydi, namunali oila, ahloqi yaxshi, shanbaliklarda faol qatnashadi, hamma hurmat qiladi, degan mazmunda tavsiyanoma yozib, qo‘l qo‘yib, pechatь urib berdi", deydi Madina.

Aytishicha, uning uchun mahalla qo‘mitasi raisidan bunday hujjatni olish qiyin kechmagan.

"Bizni qo‘shnimiz edi rais. Lekin, kimdir mahalla raisi bilan yaxshi bo‘lmasa, balki ular uchun muammo bo‘lishi mumkin. Masalan, chet elda o‘qib-ishlab yurganlarga raislar tavsiyanoma berishda qiynashi mumkindir, men endi bunaqa holatlarni bilmayman", deydi Madina.

"Ayollar chiqish vizasi uchun topshiradigan hujjat ko‘paydi"

Madinaning aytishicha, chiqish vizasini olish uchun topshiriladigan hujjatlar ro‘yxati ikki avvalgiga nisbatan uzaygan.

"Bu gal mendan pasport kopiyasi va chiqish vizasini olish uchun topshiriladigan anketani to‘ldirishni so‘rashdi. Pul berdim, anketani o‘zlari to‘ldirib berdi. Keyin shu hujjatlar bilan mahalla raisidan xarakteristika olib kelgin, deyishdi. U yerda mahalla raisi menga xarakteristika yozib, qo‘l qo‘yib, pechatь urib berdi. Keyin bu hujjatlarni hammasini bitta papkaga tikib, yana OVIRga kirdim. Yaxshi, deb papakani qabul qilishdida, keyin meni ROVDga suhbatga jo‘natishdi. Undan ham o‘tib, pechatь urilgan hujjatni yana OVIRga obordim va shundagina, chiqish viza uchun hujjatlar tayyor, deb olib qolishdi. 20 kundan keyin chiqish vizasi berildi", deydi Madina.

Chiqish vizasini olish tartibi:

O‘zbekiston Vazirlar Maxkamasining 1995 yilning 6 yanvaridagi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolari xorijiy davlatlar, shu jumladan Tojikiston va Turkmanistonga borish chiqish vizasini olishi shart.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida berilgan ma‘lumotga ko‘ra, chet elga bormoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari belgilangan shakldagi 2 nusxada to‘ldirilgan ariza-anketa, pasport, 35X45 mm hajmdagi 4 dona (Toshkent shahrida yashovchi fuqarolar esa 5 dona) fotosurat, davlat bojini to‘lagani haqida kvitantsiyani taqdim etgan holda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyidagi Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga murojaat qiladilar.

Xujjatlar 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, fuqaroning pasportiga 2 yil davomida amal qiluvchi chiqish vizasi urib beriladi.

XS
SM
MD
LG