Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:14

Quvasoyda yo‘l bahona bog‘lari buzilgan aholi norozilikka chiqdi


Farg‘ona viloyati Quvasoy tumani markazida hovli va bog‘lari buzilayotgan xonadon egalari Ozodlikka shikoyat qildi. Fotosuratlar ilova qilingan shikoyat maktubiga javoban tuman hokimligi mutasaddilari o‘nlab sotix maydondagi bog‘ va ko‘kalamzor hovlilar davlat rejasi asosida buzilayotganini aytdi.

Quvasoy shahrining Bosh ko‘prik mahallasida istiqomat qiluvchi o‘nga yaqin xonadon egasi nomidan Ozodlikka kelgan shikoyatda mahalla ahli yillar davomida o‘zlashtirgan va bog‘, ko‘kalamzor hovliga aylantirgan tashlandiq yerdagi tomorqalar buzilayotganidan norozilik bildirildi.

"Mustaqilligimizning 23 yillik shodiyonalaridan oldin shaharni yanada obod qilaman, degan vaj-karsonlarni bahona qilib, Bosh ko‘prik ko‘chasidagi hovlilar o‘rtasidan bulьdozer solindi. Bu harakatlarning asl sababi, Quvasoy – Log‘on yo‘nalishidagi qisqa yo‘l bo‘yida zahiradagi yerlarni tanlovda sotish! Aholi tinchligini buzib, mevasi pishmagan daraxtlar, ko‘karib turgan uzumlarni tagidan qo‘porib, yangi solinadigan uchastkalar uchun yo‘l ochmoqda. Shu xonadonlarda yashovchi odamlarni ko‘z o‘ngida bolalari va nevaralari uchun ekilgan meva tuproq bilan qorishtirildi", deb yozildi mahalla ahli nomidan yo‘llangani aytilgan shikoyat maktubida.

Unda iddao qilinishicha, mahallaning 30 chog‘li faoli 23 avgust kuni guzarda yig‘ilib, noroziligini bildirgan va tuman hokimi Adham Ziyovuddinovdan ularning arziga quloq solishni talab qilgan, biroq hokim norozilar yig‘ilgan joyga bormagan.

Suratlar ilova qilingan shikoyat maktubi ortidan Ozodlik muxbiri bog‘langan quvasoyliklardan biri 24 avgust kuni Bosh ko‘prik mahallasiga bordi va u yerda so‘nggi bir necha kun ichida o‘nga yaqin xonadon hovlisi buzilganiga guvoh bo‘lganini aytdi.

"Men bozor kuni shaxsan borib ko‘rdim, odamlarning hovlisini o‘rtasidan traktor solishibdi. Ko‘m-ko‘k bog‘lar, ekinzorlar, rosa mevaga kirgan daraxtlar, uzumzorlar payhon bo‘lib yotibdi, ko‘rib achinib ketdim. Men gaplashgan odamlar hokimiyat buzilayotgan maydonda yangi yo‘l qurishayotgani, bu yo‘l tushayotgan maydon xonadon egalarining yeri ekanini aytishdi", dedi Ozodlik so‘rovi bilan voqea joyiga borib, vaziyatni o‘rgangan manba.

Ismini oshkor qilmayotganimiz manbaning aniqlashicha, bundan 15-20 yillar muqaddam Bosh ko‘prik mahallasi ahli o‘z hovlisi va uning etagidan oqib o‘tgan zovur o‘rtasidagi qarovsiz maydonlarni o‘zlashtirgan.

Ayrim xonadonlar o‘zlashtirilgan hududlarni Quvasoy shahar “Ermulkkadastr” xizmati orqali hujjatlashtirgan, ayrimlari esa hujjatlashtirmagan.

"Lekin hozir hujjati borniyam, yo‘qniyam hovlisi, bog‘lari, tomorqasi bir chekkadan buzilayapti ekan. Odamlar shanba kuni 30-40ta bo‘lib yig‘ilib, norozilik qilib to‘planibdi. Hokimdan kelishni talab qilibdi, lekin hokim kelmayaptiyam, tushuntirmayaptiyam", dedi Bosh ko‘prik mahallasiga borgan Ozodlik manbasi.

Quvasoy shahar hokimligi bu shikoyatga javoban, Bosh ko‘prik ko‘chasida buzilishlar boshlangani va aholi tomorqalari buzilayotganini tan oldi.

Hokimlikning ismini oshkor qilmayotganimiz rasmiysiga ko‘ra, buzilayotgan bog‘lar aholi noqonuniy ravishda o‘zlashtirib olgan yer maydonlaridir.

"Sizlarga noto‘g‘ri axborot berishgan. Bosh ko‘prikda odamlar noqonuniy ravishda ekkan bog‘lar bor ekan. Hozir shular buzilayapti. Bu yerda birorta noqonuniy harakat bo‘layotgani yo‘q. Odamlar norozilik qilib chiqqaniyam yo‘q, bu yolg‘on informatsiya", deb ta‘kidladi hokimiyat rasmiysi.

Quvaysoy shahar hokimligining Arxitektura bo‘limi boshlig‘i Oybek Eshonov deb taqdim qilingan mutasaddidan bu masalada biror ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Xuddi shunday Bosh ko‘prikdagi buzilishlarga shaxsan boshchilik qilayotgan aytilgan shahar hokimi Adham Ziyovuddinovdan ham biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, hokimiyatning Arxitektra bo‘limi xodimlaridan biri ekanini aytgan mulozim Bosh ko‘prik mahallasidagi buzilishlar Quvasoy shahrini obodonlashtirish bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturi asosida amalga oshirilayotgani, tegishli hujjatlarni istalgan vaqtda shikoyatchilarga taqdim qilishga tayyorligini ta‘kidladi.

Shu tariqa, Quvasoy shahar ma‘muriyati qat‘iyan rad qilayotgan Bosh ko‘prik mahallasidagi vaziyat bo‘yicha 25 avgust kuni Bosh ko‘prik mahallasiga borgan Ozodlik manbasining aytishicha, dushanba kuni hokim ishtirokidagi guruh yana mahallaga borib, hovlisi buzilayotgan aholi vakillari bilan uchrashgan.

"Hokim qattiqroq gapiribdi shekilli, odamlar ozgina qo‘rqib ham qolganday ko‘rindi menga. Hammayoq shovqin-suron, mahallada ekskavator, buldozerlar yuribdi. Hozir zovurning ichini ham tozalashayapti ekan", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz quvasoylik manba.

Ozodlik Quvasoy shahri markazida borayotgan buzilish va qurilishga oid vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!

XS
SM
MD
LG