Линклар

O‘zbekistonlik haydovchilar benzin narxi oshishidan xavotirda


Toshkentda benzin uchun yana uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘ldi.

Toshkentda benzin uchun yana uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘ldi.

"O‘zbekneftmahsulot" hissadorlik shirkati rasmiylarining “Benzin yetarli”, degan gapiga qaramasdan, benzin taqchillashib, yoqilg‘i shoxobchalarida uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘lmoqda. Ozodlikning Toshkentdagi manbalariga ko‘ra, haydovchilar orasida “benzin osharmish” degan vahima paydo bo‘lgan. Ozodlik bu gaplarning quruq vahima emasligini ham aniqladi.

"O‘zbekneftmahsulot" hissadorlik shirkatining ismi sir qolishini istagan rasmiylaridan biri, Ozodlik bilan suhbatda, yonilg‘i solig‘i oshishi pirovardida benzin narxida ham aks etishini ma‘lum qildi.

- Benzin narxi oshmaydi, lekin benzinga soliq oshishi mumkin. Soliq oshgani benzin oshganligini bildirmaydi. Mana bugun benzin bemalol sotilyapti. Xodimlarimiz benzin sotilishi bilan bog‘liq vaziyatni nazorat qilib postda turibdi,- dedi "O‘zbekneftmahsulot" shirkati rasmiysi.

Mulozimning bu gapidan keyin Ozodlik muxbiri Toshkent¸ Samarqand va Xorazmdagi manbalari bilan bog‘lanib¸ benzin taqchilligi barham topmaganligini aniqladi.

- Shu kunlarda Samarqandda benzin taqchil. Ko‘plab AYoQShlarda benzin deyarli yo‘q. Ko‘plab mashina egalarining davlat belgilagan narxda benzin olishlari imkonsizligicha qolmoqda¸- deydi o‘zini Chorsham Barnoyev, deb tanishtirgan samarqandlik 51 yashar haydovchi.

Ozodlikning Xorazmdagi manbalariga ko‘ra, shu kunlarda Urganchdagi davlatga qarashli AYoQShlarda benzin cheklangan miqdorda sotilmoqda.

Toshkentdagi manbalarimizdan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, dushanba kuni poytaxtdagi AYoQShlarda benzin taqchilligi muammosi biroz kamaygan bo‘lsa ham, benzin osharmish degan vahima kuchaygan.

Bu vahimalar “O‘zneftmahsulot”ning benzin yetarli ekani borasidagi rasmiy bayonotidan keyin kuchaygani aytilmoqda.

Ayrim viloyatlarda benzin narxi qo‘lda 5000 so‘mgacha chiqib ketgani aytiladi. Davlat narxida benzin bor¸ shoxobchalarda esa uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘lgan.

"O‘zbekneftmahsulot" hissadorlik shirkatining ismi sir qolishini istagan rasmiylaridan biri Ozodlik bilan suhbatda yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin ta‘minoti masalasida shov-shuv ko‘tarmaslikka chaqirdi:

“Benzin yetarli chiqayapti. Lekin odamlar hozir "benzin narxi oshar ekan", deb vahimaga tushib qolayapti. Odamlar o‘zini o‘zi qo‘rqitib, o‘zini o‘zi aldab qo‘ymoqda. Benzin oshar ekan, deb kunlik talabdan bir yarim baravar ko‘proq olib qo‘yishyapti. Hamma bakini to‘ldirib olish ilinjida. Benzin har kuni keragidan ham ortiq chiqarilayapti. Faqat odamlar hozir "bayram oldi narx oshadi", deb gap-so‘z chiqarib yuborgan. Xalq og‘ziga elak tutib bo‘lmaydiku, o‘zingiz bilasiz”,- dedi "O‘zbekneftmahsulot" hissadorlik shirkati rasmiysi.

Mulozimdan farqli o‘laroq, toshkentlik haydovchilar “Baribir benzin oshadi” degan gapga ishonib baklarini to‘ldirib qo‘yayotganligini aytishdi.

Haydovchilar har olti oyda benzin oshishiga o‘rganib qolganini urg‘ulashdi.

Joriy yil boshidan beri O‘zbekistonda benzin narxi bir nech marta oshgan. Natijada Ai-80 markali bir litr benzinning narxi 1670 so‘m, Ai-91 -- 1835 so‘m, Ai-95 esa 2020 so‘m qilib belgilab qo‘yilgan edi.

XS
SM
MD
LG