Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:13

MTS O‘zbekistonda 1 sentyabr kuni ish boshlamaydi


O‘zbekistonga qaytgan MTS oldin e‘lon qilgan rejasiga muvofiq ish olib bormoqda. MTS shirkati matbuot xizmati "Universal Mobile Systems" (UMS) brendi ostida faoliyat yuritadigan qo‘shma korxona 1 sentabrdan ishga tushishi to‘g‘risidagi mish-mishlar haqiqatga mos emasligini ma‘lum qildi.

"UMS" brendi ostida O‘zbekistonda o‘z faoliyatini tiklayotgan “Mobilnie TeleSistemi” (MTS) avval e‘lon qilingan reja asosida, mamlakat mobil bozoriga qaytishga tayyorgarlik ishlarini davom ettirmoqda, deya bildirdi telekom shirkati vakili Ozodlik bilan suhbatda.

MTSning Moskvadagi bosh ofisi matbuot vakili Dmitriy Solodovnikov O‘zbekiston hukumati bilan imzolangan Murosa bitimida belgilangan rejaga muvofiq, mobil tarmoqni texnikaviy holatini tayyorlash ishlari1 noyabrga qadar yakunlanadi, deya bildirdi. "UMS" mobil aloqasi 1 sentabrda ishga tushirilishiga doir gap-so‘zlar noto‘shg‘ri, dedi u.

- Yo‘q, hozircha oldin e‘lon qilingan rasmiy pozitsiyamiz o‘zgarganicha yo‘q. Undan ortiq biror yangilik ham hozircha yo‘q,- dedi MTS rasmiysi Dmitriy Solodovnikov.

Keyingi kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston “mustaqillikning 23 yilligiga munosib sovg‘a sifatida 31 avgustgacha MTS yakuniy tekshiruv ishlarini nihoyasiga yetkazib, 1 sentabrdan ishga tushirilishi” to‘g‘risida mish-mishlar tarqaldi.

MTS bundan avval mijozlarga xizmat ko‘rsatishni qayta yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ishlari 1 dekabrgacha yakunlanishini bildirgan edi. Ozodlik bilan suhbatda MTS shirkati matbuot xizmati rahbari Yelena Koxanovskaya yangi tuzilayotgan "Universal Mobile Systems" yoki qisqacha "UMS" qo‘shma korxonasini O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni 25 sentabrgacha yakunlanishini ma‘lum qilgan edi.

Ikki taraflama bitimga muvofiq, MTSning sobiq sho‘‘basi “O‘zdunrobita”ga tegishli bo‘lgan mol-mulk, asbob-uskuna va infratuzilmalarni yangi qo‘shma korxona balansiga o‘tkazish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Rossiyadagi eng yirik telekom shirkati “Mobilnie TeleSistemi” va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2014 yilning 31 iyul kuni imzolangan Murosa bitimiga ko‘ra tuzilajak qo‘shma korxonaning 50,01 foiz ulushi MTSga, 49,99 foiz ulushi O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya davlat qo‘mitasiga qarashli bo‘ladi.

Murosa bitimiga binoan, ikki tomon o‘zaro da‘volardan voz kechishi ham ko‘zda tutilgan.

MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘basi "O‘zdunrobita" 2012 yilning iyulь oyida hukumat qarori bilan faoliyatini to‘xtatgan edi.

O‘zbekiston rasmiy idoralari "O‘zdunrobita"ni katta miqdorda soliqdan bo‘yin tovlash, pul yuvish, mijozlar pullarini noqonuniy o‘zlashtirish va boshqa qonunbuzarliklarda ayblagan edi.

Faoliyati to‘xtatilguniga qadar O‘zbekiston bozoridagi eng yirik mobil aloqa operatori bo‘lgan MTS 10 millionga yaqin mijozini boy berdi.

MTS O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilgani bois 1 milliard AQSh dollaridan oshiq zarar ko‘rdi va sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchilikni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markazga bu yuzadan shikoyat qilgan.

O‘zbekiston hukumati MTSga doir mulk va uskunalarni bir necha marta kimoshdi savdosiga qo‘ydi, lekin unga xaridor topa olmadi.

XS
SM
MD
LG