Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:24

Xo‘jaobodlik yigit islomiy to‘yga ruxsat berishmayotganidan shikoyat qildi


Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumanida tug‘ilib o‘sgan, hozirda Rossiyada ishlayotgan 26 yashar Nurulloh vatanida islomiy to‘y o‘tkazishiga ruxsat berilmayotgani tufayli uylanolmay yurganidan Ozodlikka arz qildi.

Tuman FHDYo bo‘limi vakili tumanda islomiy to‘ylar o‘tkazilmayotganini bildirdi.

Andijonlik inson huquqlari himoyachisi fikricha, Xo‘jaobodda islomiy to‘ylarning taqiqlanishi mahalliy ma‘murlarning tashabbusi bo‘lishi mumkin.

Biroq Nurullohning shikoyati bu mavzudagi birinchi shikoyat emas.

“Andijonlikman, yoshim 26 da, namoz o‘qiyman, namozxon qiz olaman, deb yurgan edim. Surishtirsam, islomiy to‘y qilish uchun katta miqdorda pul to‘lashim kerak, ekan. Kelinni stolga olib chiqishim kerak emish. Men bunday qila olmayman”.

Ozodlikka Rossiyadan kelgan bu xat muallifi bilan bog‘landik.

O‘zini Nurulloh, deb tanishtirgan yigit bilan suhbatni yozib oldik.

Nurullohning aytishicha, u o‘tgan yil may oxiri yoki iyunning boshida nikohdan o‘tish uchun tuman Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish (FHDYo) bo‘limiga ariza topshirish uchun borib, islomiy to‘y qilmoqchi ekanligi to‘g‘risida aytgan.

Bu gapni eshitgan FHDYo xodimi uni tuman hokimligiga yuborgan. Hokimlik o‘z navbatida Nurullohni tuman ichki ishlar bo‘limiga yuborgan.

Nurullohning aytishicha, melisaxona navbatchisi bir joyga qo‘ng‘iroq qilgan, keyin bir xonani ko‘rsatib, o‘sha xonaga kirishi lozimligini aytgan.

- Keyin men o‘sha xonaga kirdim. Fuqarolik kiyimidagi bir xodim o‘tirgan ekan. SNB bo‘lsa kerak. Maqsadimni aytuvdim u do‘q-po‘pisa qila boshladi. Islomiy to‘y qilsang, shtraf to‘laysan, dedi. Shtrafi 1 mln. so‘mdan ortiq emish, dedi Nurulloh.

Xo‘jaobod tuman FHDYo bo‘limining o‘zini tanishtirmagan vakilidan “Tumanda islomiy to‘ylar, ya‘ni nikoh bazmida kelinchak ishtirok etmaydigan to‘ylar ham o‘tkaziladimi?” deb so‘radik.

Vakil, shosha-pisha mana bu javobni berdi:

- Yo‘q, yo‘q, yo‘q, bizda unday holatlar yo‘q.

Bu Xo‘jaobod tumanidagi gap. Viloyat markazida yashaydigan inson huquqlari himoyachisi Saidjahon Zaynobiddinovning aytishicha, Andijon shahrida to‘yga oid hech qanday cheklov yo‘q.

- Xohlagan odam xohlagan to‘yini qilayapti. Kelin stolga chiqadimi-chiqmaydimi - hech kimni qiziqtirmaydi. Xohlagan odam ma‘ruza o‘qittirayapti, xohlagan odam nikohdan o‘tayapti, xohlamagani o‘tmayapti, dedi Saidjahon Zaynobiddinov.

- Balki, tumanlarda vaziyat boshqacharoqdir?

- Buni aniq bilmayman. Balki selьsovet-pelьsovetning raisi o‘zboshimchalik bilan to‘yni unday qilmaysan, bunday qilasan, deb buyurgan bo‘lishi mumkin, dedi Saidjahon Zaynobiddinov.

Mahalliy ma‘murlar to‘ylarga islomiy tus berilishining oldini olishga harakat qilayotgani to‘g‘risida Ozodlikka bundan ikki yil muqaddam O‘zbekiston ichida faoliyat yurituvchi Ekspert ishchi guruhi ma‘lum qilgan edi.

Guruh vakillari mahalliy militsiya va maxsus xizmat xodimlari to‘ydan keyinoq “islomiy” to‘y o‘tkazgan xonadonlarga borib, yosh kelin-kuyov va ularning ota-onalari bilan “profilaktik suhbatlar” o‘tkazayotganlari, ularning nima uchun aynan islomiy to‘y qilganiga qiziqayotganlari, ayrim holatlarda esa ularni tushuntirish xati yozishga majbur qilayotganliklari to‘g‘risida xabar qilgan edilar.

Bu haqda o‘z vaqtida yoritilgan maqolada islomiy to‘y qilgan 27 yashar yigitning to‘ydan keyingi ko‘rgiliklari to‘g‘risida aytganlari keltirilgan edi.

Islomiy to‘y qilgisi kelayotgan, sof o‘zbek tilida gapirayotgan Nurulloh bilan suhbat davomida uning xo‘jaobodlik qirg‘izlardan ekanligi ma‘lum bo‘ldi. U shu kunda Qirg‘iziston pasportini olishga harakat qilayotgani, uylanish masalasini qo‘shni mamlakat fuqarosiga aylanganidan so‘ng hal qilmoqchi ekanligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG