Линклар

Turkiyada o‘zbekistonlik er-xotin turkiyalik taniqli yahudiy tadbirkor Jak Karako va uning rafiqasi Jorjiya Karakoni o‘ldirganlikda ayblanib, hibsga olindi. Ozodlikning aniqlashicha, tadbirkor oilasida farrosh bo‘lib ishlagan 28 yoshli Farhodjon Yusupov va uning 26 yoshli turmush o‘rtog‘i Gulbahor Yusupovalar aybini bo‘yniga olgan.

77 yoshli taniqli turkiyalik tadbirkor Jak Karako va uning 69 yoshli rafiqasi Jorjiyaning pichoqlangan jasadi o‘tgan juma kuni Istanbulning O‘rta ko‘y mavzeidagi uyidan topildi.

Oradan bir kun o‘tib Istanbulning Fotih mavzesidagi kvartirani kiraga olib yashab kelgan o‘zbekistonlik er-xotin hibsga olindi.

Turk matbuotining yozishicha, bu juftlik so‘nggi ikki oylik maoshini so‘raganida, turk tadbirkori uning uyiga yetkazilgan zararni undirish maqsadida maoshni ushlab qolishini aytgan. Shundan so‘ng er-xotin oshxonadagi go‘sht chopadigan pichoq bilan tadbirkor va uning xotinini yotoqxonasida chopib tashlaganlikda gumon qilinmoqda.

Hozir Istanbulning Moltepa qamoqxonasida qolayotgan Farhod Yusupov hamda Gulbahor Yusupova tergov paytida qotillikni bo‘yniga olgani ham turk matubotida e‘lon qilindi.

Istanbul shahar sudi rasmiylaridan biri Ozodlik bilan suhbatda buni tasdiqlarkan, hali tergov davom etayotganini aytdi.

- Ular buni e‘tirof etishdi. Ularga rasman ayblov e‘lon qilindi. Maoshini bermagani uchun bu ishga qo‘l urgani tergovdan ayon bo‘lmoqda. Lekin, hali ko‘p narsa mavhum, tergov davom etmoqda, - dedi Istanbul mahkamasi rasmiylaridan biri.

Mulozim o‘zbekistonlik juftlik sud qarori bilan tergov oxiriga qadar hibsda saqlanishini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, tergovda qotillikning uchinchi ishtirokchisi ham borligi va uning qochib ketgani haqidagi versiya ham borligi aytildi.

Bundan tashqari, tadbirkor uyidagi videokamera o‘zbekistonlik er-xotin tadbirkorning uyidan qimmatbaho narsalar solingan 7 ta sumkani olib chiqib ketayotganini ham qayd etgan.

Ammo ayni paytda turk matbuotida jinoyatni Farhod Yusupovning o‘zi sodir etgani, uning o‘zi chol va kampirni o‘ldirganini e‘tirof qilgani haqida yozmoqda.

Bu boradagi da‘volarda aytilishicha, Farhod Yusupov chol-kampirni yuqori qavatdagi yotoqxonaga chiqib uxlashga yotganida, ularni yotog‘ida so‘yib tashlagan.

Keyin pastga tushib uxlagani yotgan va ertalab oshxonada gazni yoqib, uyda portlash hosil qilib, pichoqni esa dengizga otib, Qumqopidagi mehmonxonalardan biriga yashiringan.

Hozircha bu iddao borasida Istanbul huquq-tartibot idoralari va mahkamasidan qo‘shimcha ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Chol-kampirning vahshiyona tarzda o‘ldirilganidan esa ulardan xabar olgani kelgan o‘g‘li voqif bo‘lgan va politsiyani chaqirgan. O‘zbekistonga qochish payida bo‘lgan ikki o‘zbek o‘sha kunning o‘zida qamoqqa olingan.

O‘zbekistondan borib, Turkiyadagi tadbirkorning uyida xizmatkorlik qilgan Farhod Yusupov va uning xotini Gulbahor Yusupovalar ayni paytda qotillik, o‘g‘irlik va talonchilikda ayblanmoqda.

Marhum tadbirkor Jak Karako Turkiyadagi mashhur Oren Bayan brendi asoschisidir. Bu nafaqat Turkiya, balki Osiyo davlatlarida nomi chiqqan ip-kalava ishlab chiqaruvchi yirik shirkatlardan biridir.

XS
SM
MD
LG