Линклар

Ozodlikka maktub yozgan odam bisyor. Bu maktublar orasida ijtimoiy ahamiyatga ega yoki ko‘pchilikka foydasi tegishi mumkin bo‘lganlari ham borki, ularni OzodMaktub rukni ostida peshma-pesh chop qilib bormoqdamiz. Bugungi maktubda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari Magistratura bo‘limlariga kirish imtihonlaridagi muammolar tilga olingan.

*******************************************************

Sizlarga ma‘lum qilmoqchi bo‘lganim holatga e‘tiborli qarab, tez vaqt ichida to‘g‘ri va kerakli chora ko‘rasizlar, degan umiddaman.

Shu oy boshidan Oliy o‘quv yurtlarining Magistratura bosqichida o‘qishni davom ettirish uchun imtihonlar bo‘lmoqda.

Bu juda yaxshi albatta, lekin kirish imtihonlarining nomunosib qo‘llarga topshirilayotgani odamning jahlini chiqaradi...

Gapimni Toshkent davlat texnika universiteti miqyosida davom ettiraman.

Universitetimizda ayni damda imtihonlar ham bilim borasida, ham "soqqa" borasida avjida. Bakalavriatdagi "o‘yin"lar yetmaganidek, yana magistratura!

O‘zingiz ayting, hali 8-sinf o‘quv dasturi darajasida bilimi bo‘lmagan, demokratik jamiyatni qo‘ya turing, davlat ramzlari nima ekanini, qachon qabul qilinganini bilmaydigan "talaba" qanaqasiga O‘zbekistonda Demokratik jamiyat qurish asoslari va amaliyoti fanidan imtihonda 80-90 foizli natija ko‘rsatishi mumkin?

Bunisi ham mayli, bunga chidash mumkin, ingliz tilichi? Bitta harfni ham to‘g‘ri ayta olmagan odam mustaqil esseni qanday yozishi, texnik topikni qanday gapirib berishi, uning tarjimonlik mahorati qanday bo‘lishi mumkin?!

Yana bunga bizning universitetga boshqa o‘quv yurtlaridan kelgan professional mutaxassislar ko‘krak kerib (50 maksimal ball) 35-45 ball qo‘yib berishadi.

Bundan kelib chiqib, mutaxassislik bo‘yicha imtihonlarni o‘zingiz tasavvur qilavering!

Yashirmayman, men ham shu imtihonlar qatnashchisiman!

Endi azizlar, o‘tirib, do‘ppini tizzaga olib bir o‘ylab ko‘raylik! Bo‘layotgan ishlarga uzoqdan bir nazar tashlaylik!

Bizning aybimiz 1000-2000 "ko‘kida" tashlamaganimizmi yoki qarindoshimiz rektor yoki professor bo‘lmaganimi?

Men magistraturaga kira olmasam muammo yo‘q, ish bor, ishimni boshlayveraman, lekin vaqtida o‘qigan bilimli do‘stlarimchi?!

Ha, bunga bir ko‘z yumsak, ikki ko‘z yumsak, unda oxirigacha ko‘zimiz yumuq yurar ekanda, shunaqami?

Kimdir ham bularni ODILONA nazorat qilishi kerakku?!

Akalar, opalar, do‘stlar, biz o‘zimiz muammoni hal qilmasak, o‘zidan o‘zi hal bo‘lib qolmaydi-ku?

Hurmatli Ozodlik xodimlari, iltimos, shu muammoni tezroq ko‘rib chiqinglar!

XS
SM
MD
LG