Линклар

O‘shda 8 yashar qizchaning yo‘qolgani "bola o‘g‘rilari" vahimasini kuchaytirdi


O‘sh viloyati Qorasuv tumanida Odinabonu Ikromjon qizi surati tushirilgan e‘lon.

O‘sh viloyati Qorasuv tumanida Odinabonu Ikromjon qizi surati tushirilgan e‘lon.

O‘sh viloyati Qorasuv tumanida Odinabonu Ikromjon qizi ismli 8 yashar qizcha 22 kundan buyon bedarak qolmoqda. Odinabonuning taqdiri O‘sh va Qorasuv shaharlari, shaharga tutash aholi punktlarida "bola o‘g‘rilari yuribdi", "30 bolani o‘g‘irlashibdi" degan vahima yuribdi. Huquq-tartibot idoralari vahimaga asos yo‘q demoqda.

O‘sh viloyati Qorasuv tumanidagi Kirov qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Raimjonovlar oilasining 8 yashar qizi Odinabonu 4 avgustdan buyon bedarak qolmoqda.

Qizchaning otasi Ikromjon Raimjonov qizini militsiya bilan birga tinimsiz izlayotgani, Qorasuv, Novqat, Aravon rayonlaridagi gavjum joylar, hatto kasalxona va o‘likxonalargacha izlagani, biroq qizalog‘ining daragi chiqmayotganini aytmoqda.

- Qizim yo‘qolganidan buyon Qorasuvdagi hokimlar, organ xodimlari, tuman hokimi, viloyat hokimlariga uchrashib chiqdim. Lekin, shu kungacha aniq bir natija chiqmadi. Organ xodimlari “izlayabmiz”, deyishayapti, lekin aniq gap yo‘q. Novqatgayam borib keldim. Yana qayerlarga borib izlashni bilmay qoldim, - deydi Ikromjon Raimjonov.

Odinabonuning yo‘qolishi O‘sh viloyatda busiz ham urchiy boshlagan mish-mishlarni yanada kuchaytirdi.

Yosh bolasi bor oilalar o‘g‘rilar "bolalarning ichki organlarini sotish uchun ularni olib qochayotgan ekan", degan vahimaga tushib qolganini yashimayapti.

Biroq, xuquq-tartibot organi xodimlari bu mish-mishlar qat‘iyan inkor qilmoqda. Qorasuv tumani Ichki ishlar boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Ermekbay O‘murbekov Ozodlik muxbiri bilan suhbatda vahimalarda asos yo‘qligini ta‘kidladi.

- Yosh qizchalarning organlari olingani yoki jasadi topilganiga oid birorta holat qayd etilmagan. Bu so‘zlarning barchasi mish-mish, xolos. Bu mish-mishlarning chiqishiga Kirov qishlog‘idagi 8 yoshli Ikromjon qizi Odinabonuning yo‘qolgani sabab bizngicha. U qiz hozircha topilmadi. Qidiruv ishlari davom etmoqda, - deydi Ermekbay O‘murbekov.

Ikromjon Raimjonovning o‘zi ham qizi borasida qisqa muddatda tarqalib ketgan mish-mishlarning ildizi qayerda ekanini bilolmay, hayron ekani, ammo qizining topilishidan umidini uzmaganini aytadi:

- Ko‘plab odamlardan yosh bolalarni chet davlatlarga donor hisobida olib chiqib ketish yoki hujjat tayyorlab sotib yuborishlar bo‘layapti, degan gaplarni ham eshitayapman. Agar huquq-tartibot xodimlari aeroport, bojxona kabi joylarga qizimning suratini berib, bu holatni nazorat qilsa yaxshi bo‘lardi, - deydi Ikromjon Raimjonov.

Ayni paytda bu kabi mish-mishlarning keng tarqagani sababli mahalla-ko‘y yoki masjidlarda ham bolalarga ehtiyot bo‘lish choralari tushuntirila boshladi. Masalan, Qorasuvdagi Bozor boshi masjidining Oxunboy ismli xodimi xalqqa ogohlantirish berishga majbur bo‘lganini quydagicha tushuntirdi:

- Bu so‘zlarning barchasi mish-mish. Biroq, bu mish-mishlar xalq orasida keng tarqaldi. Shu sababli biz ham yolg‘on yoki haqiqatligiga qaramay, ota-onalardan farzandlarini ehtiyot bo‘lib qo‘riqlashlarini so‘rashga majbur bo‘layapmiz, - deydi masjid xodimi.

Mahalliy aholi arzicha, xalq orasida bunday vahimali so‘zlarning tarqalishiga militsiyaga bo‘lgan ishonchning ozligi, qidiruv ishlarining sustligi ham sabab bo‘lgan.

Rasmiy ma‘lumotlar bo‘yicha, O‘sh viloyatida so‘nggi 7 oy ichida 34 nafar bola bedarak yo‘qolgan, ularning ko‘pchiligi bir hafta ichida topilgan.

22 kundan buyon bedarak qolayotgan Odinabonu Ikromjon qizining yaqinlari qizaloqni ko‘rgan-bilgan yoxud u haqda eshitganlar bo‘lsa, joylardagi huquq-tartibot organiga yoki +996 557 40 72 74 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishini so‘ramoqda.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG