Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:02

“Xalq so‘zi” Hamzani yana toshbo‘ron qildi


Hamza haqidagi bu karikaturani maqola muallifi Shuhrat Bobojon chizgan
Hamza haqidagi bu karikaturani maqola muallifi Shuhrat Bobojon chizgan

Joriy haftada “Xalq so‘zi” gazetasi Toshkentdagi Hamza tumani nomini o‘zgartirish taklif qilingan maqolani chop qildi. Professor Muhammad Quronov qalamiga oid ushbu maqolada adib, ma‘rifatchi va dramaturg Hamza timsolining sho‘ro tarixchilari tomonidan soxta dohiyga aylantirilgani da‘vo qilindi.

Pedagogika fanlar nomzodi, professor Muhammad Quronov yozgan maqola “Tarixiy haqiqatni qaror toptirish – muhim ma‘naviy vazifa”, deb nomlanadi.

Muallifga ko‘ra, sho‘ro davrida nashr qilingan tadqiqotlarda Hamza haqida rost gapdan ko‘ra, yolg‘on va uydirma ko‘p.

Maqolada Muhammad Quronov mustaqillik yillarida Toshkent shahrida sovetlarga oid nomlarning o‘chirilib, yuzlab toponomik nomlar qayta tiklanganini olqishlaydi.

Bu mantiqdan kelib chiqqan Quronov Hamza tumani nomini ham o‘zgartirish vaqti kelganini ta‘kidlaydi:

"Hamza haqida tom-tom kitoblar va fil mlar ishlashning ortida uzoqni ko‘zlagan g‘arazli maqsadlar yotgan. Ya‘ni, bunday siyosat zamirida “Mahalliy xalqlardan chiqqan yozuvchi, ziyoli inson sotsializmga, Kreml yulduzlariga mana shunday sadoqat bilan xizmat qilishi kerak”, degan makkorona bir g‘oya borligini, o‘ylaymizki, tushunish qiyin emas”, deydi Muhammadjon Quronov.

Oliy Majlis hamda Vazirlar Mahkamasi nashri bo‘lgan “Xalq so‘zi” gazetasidagi maqolada Hamza shaxsiyati va uning xizmatlari shubha ostiga olinadi.

Maqolaga ko‘ra, sovet davrida chop etilgan kitoblardan Hamza shaxsi haqida haqiqatdan ko‘ra yolg‘on ko‘proq yozilgan.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin Hamzaga bo‘lgan e‘tibor susaygani kuzatildi. Toshkentdagi akademik teatrdan Hamza nomi olib tashlandi. Madaniyat sohasidagi Hamza mukofoti bekor qilindi. Adabiyotshunoslik asarlaridan ham “Hamza o‘zbek adabiyoti asoschisi" degan jumla badarg‘a qilindi.

Taniqli shoir va yozuvchi, dramaturg va ma‘rifatparvar Hamza Hakimzoda Niyoziy xotirasini unuttirish tashabbusi o‘zbek ziyolilari orasida munozara keltirib chiqardi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a‘zosi, professor Rauf Qo‘ziyevning aytishicha, Hamza merosini unutish mumkin emas:

Hamza obrazi o‘zbek kinosida aks etgan
Hamza obrazi o‘zbek kinosida aks etgan

​- Hamza Hakimzoda Niyoziy hech qanday mubolag‘asiz katta iqtidor egasi va katta ijodkor bulgan. Buni hech kim inkor eta olmaydi. U o‘z davrining ilg‘or fikrlovchi ma‘rifatparvarlari qatorida mustahkam turadi. Jadidlar ichida ham ancha faol edi. Agar u fojeali halok bo‘lmaganida edi, sovetlar uni ham shubhasiz qatl etgan bo‘lardi. "Abdulla Avloniy 1934 yilda o‘z vafoti bilan o‘lib, 37-yillardagi jallodlardan qutulgan", deya sinichniy "hazil" kilgandi manga bir "pogonli". O‘zbek teatrining tug‘ilishi, sayyor truppalar tashkil etilishi, ilk stsenariylar, stsenografiya maktabining dastlabki kurtaklari, raqs san‘atining ommalashtirilishi va hokazolar, Hamzaning jasoratisiz u davrlarda aslo ro‘yobga chiqmas edi, - deb ta‘kidlaydi professor Qo‘ziyev.

Sovet o‘tmishi bilan "po‘m chiqqan" rejim

Sovet davri arboblarini unuttirish tadbirlari O‘zbekistonda Hamza Hakimzoda Niyoziy bilangina cheklanmagani kuzatiladi.

O‘zbekistonda general Sobir Rahimov nomi va haykallaridan voz kechilgani hamda xalqlar do‘stligi ramzi hisoblangan temirchi Shoahmad Shomahmudov oilasi haykali shahar tashqarisiga badarg‘a qilingani buning daliliday tuyuladi.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Mirza Anvar Hamidov sobiq SSSR zamonini qo‘msash hissi paydo bo‘lmasligi maqsadida qilinayotgan bu siyosiy tadbirlarni qoralaydi:

- Hamzaning ham, Sobir Rahimovning ham, Gor kiy, Oxunboboyev, Akmal Ikromovlarning ham nomlarini olib tashlash, birinchidan shart emas edi, ikkinchidan, umuman kerak emas edi. Ularning nomi bizning tariximizdan o‘rnini olib ulgurgan, kerak bo‘lsa, toponomik nomga aylanib ulgurgan edi. Uchinchidan, nomni o‘zgartirish orqasidan moliyaviy sarf-harajatlar kelib chiqishini ham hisobga olish kerak. Qirg‘izistonda haligacha Moskva, Kreml , Krupskaya, Panfilovk kabi nomlar saqlanib turibdi. Hatto, Leninning haykallari ham olib tashlanmagan. Nom o‘zgartirish, haykallarni olib tashlash, u yoqdan bu yoqqa sargardon qilish - bu karimovcha tentakona siyosatning eng xunuk ko‘rinishi, - deb ta‘kidlaydi siyosatshunos.

O‘zbekistonlik jurnalist Xosiyat Bekmirzayeva sobiq sovet davri merosiga munosabatni nemislardan o‘rganish kerak, deb hisoblaydi:

- Berlinda Reyxstagda ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, rus soldatlarining yozuviyam shunday holicha saqlanib turibdi. Har qanday tarix, tarixiy shaxs hadeb zamonga moslanmay boricha saqlanishi kerak, menimcha. Hamza xohlasak-xohlamasak, o‘zbek adabiyotining shakllanishida asosiy rol o‘ynagan. Chunki undan avval "sharq adabiyoti" yoki "turkiy adabiyot" deyilgan bo‘lsa, jadidlardan keyin "o‘zbek adabiyoti" atamasi qo‘llanila boshlagan. O‘sha zamonning eng zo‘r odami men uchun Hamza. Hozirgi maorif sistemasini ham shakllanishida uning xizmati katta. O‘sha paytlarda maorif sistemasi rasvo edi, o‘qitish sistemasining o‘zi yo‘q edi. Lekin Hamzaning adabiy merosi zamonga to‘g‘ri kelmay qolgan bo‘lishi mumkin, - deydi jurnalist Xosiyat Bekmirzayeva.

Hujumkor Hamzaning o‘zi hujumga uchradi

Hamzaning islom diniga qarshi bo‘lgani, ayollar yuzidan chimmatni oldirgani ba‘zi olimlar tarafidan uni bugungi kun nuqtai nazaridan qoralash ichun asos sifatida ko‘riladi.

Yana boshqa manbalar esa Hamzaning chor mustabidi Romanovga bag‘ishlab qasida yozganlikda ayblashadi.

Hamza ijodini chuqur o‘rgangan shoir yodgor Obid esa boshqacha fikrda:

- Hamzaning hayoti ham, ijodi ham hali yetarli darajada o‘rganilgan emas. Lekin qo‘limizda borlarining o‘zi uning tarixiy o‘rni borligiga dalil bo‘la oladi. Shoir sifatida ham... Ba‘zi mutaassiblar aytganday, Hamza kofir emas va kofirlarga xizmat ham qilgan emas. Murakkablashtirib yuborishdi hammasini. Uning nomini o‘chirib yurishlari mumkin. Lekin adabiyotdan ham, tarixdan ham fakt sifatida o‘chirishning imkoni yo‘q, - deydi yodgor Obid.

Shoirning bu gapini mantiqan davom ettirgan professor Rauf Qo‘ziyev ham Hamzani tarixdan o‘chirish imkonsiz, deb biladi:

- Madaniyatparvar, ma‘rifatparvarligi bilan u eski tuzumda rohatda yashab kelganlarning g‘azabini keltirgani uning hayotini xavfga qo‘ygan. U o‘zi bilgan, tanlagan yuli, printsiplariga sadoqatli bo‘lgan, unda mardlik va jasorat ustun bo‘lgan. Uni inqilobga xizmat qilgan deb tamg‘alash, nomini, xizmatlarini, o‘zbek, umuman Turkiston o‘lkasida milliy teatr san‘atini shaklantirish va oyoqqa qo‘yishdagi katta hissasini inkor etish bilan uni tarixdagi o‘chirishning hech iloji yo‘q. U inqilobga emas, qoloqligi tufayli doim kimlargadir malay bo‘lib kelgan xalqini hech kimdan kam bo‘lmagan ziyoli, madaniyatli, bilimli, ilg‘or qilish yo‘liga o‘z umrini bag‘ishladi. "Hamza unaqa edi, bunaqa edi, buzuq edi, shuning uchun uni xalq toshbo‘ron qildi" degan afsonalar yurardi. Shu afsonani eng ashaddiy targ‘ibotchisi bo‘lgan maktabimizdagi bir o‘qituvchimizning o‘zini sakkizinchi sinfdagi qizni homilador qilib qo‘ygani uchun ishdan haydashgan edi. "A sud i sami to kto?" deyishadi ruslar, - deydi suhbatdosh.

Toshbo‘ron bo‘lgan Hamza

Yangi davr o‘zbek adabiyoti yalovbardorlaridan biri, yetuk shoir va bastakor, dramaturg va rejissyor, ma‘rifatchi va matbaachi, publitsist va jamoat arbobi Hamza Hakimzoda Niyoziy 1889 yilning 7 martida Qo‘qon shahrida tabib oilasida tug‘ildi.

Madrasa tolibi bo‘lgan Hamza she‘riyat barobarida jadid g‘oyalari bilan qiziqdi. Haj ibodatini ado qildi.

Hamza 1929 yil 18 mart kuni Shohimardonda olomon tarafidan toshbo‘ron qilib o‘ldirildi.

1926 yilning 27 fevralida unga «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» unvoni berilgan.

Hamza asarlari jahon xalqlari tillariga tarjima bo‘lgan va nashr etilgan.

XS
SM
MD
LG