Линклар

Minskda Bojxona Ittifoqiga a‘zo Rossiya, Belarus, Qozog‘iston hamda Ukraina prezidentlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yevropa Ittifoqi mulozimlari ishtirokida seshanba kuni bo‘lgan uchrashuvda Ukraina sharqidagi vaziyat muhokama qilindi. Kuzatuvchilar Rossiya va Ukraina prezidentlari o‘rtasida bugun ham davom etgan muzokaralar kutilgan natijani berishiga shubha bilan qaramoqda.

26 avgust kuni Belarus poytaxti Minskda Bojxona Ittifoqi — Ukraina-Evropa Ittifoqi ko‘rinishida Ukraina bo‘hronini muhokama qilishga qaratilgan davlat rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko va Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko uchrashdi. Keyin ular o‘z o‘rnida YeIning rasmiy vakili Ketrin Eshton bilan ham muzokaralar olib bordi.

Odatdagidek, Minskning Mustaqillik saroyiga oxirgi bo‘lib Vladimir Putin kirib keldi.

Vladimir Putinning kulib uzatgan qo‘liga javoban jiddiy qiyofada qo‘l cho‘zgan Pyotr Poroshenkoning ko‘rinishi jurnalistlar e‘tiboridan chetda qolmadi.

Uchrashuvga mezbonlik qilayotgan Aleksandr Lukashenko o‘z nutqini Ukraina sharqida nobud bo‘layotgan tinch aholi va qochqinlarning og‘ir ahvolidan boshladi.

- Ukraina sharqidagi harbiy to‘qnashuvda aybsiz tinch odamlar o‘lib ketyapti. Ilgari gullab-yashnagan va boy mamlakat iqtisodiy infratuzilmasi barbod qilinyapti. Yuz minglab qochqinlar o‘z uylarini tark etishga majbur. Butun mintaqa gumanitar falokat yoqasida turibdi va bu tarixiy kadrlar emas. Bu bugungi reallikdir, - dedi bunday vaziyatda shunchaki kuzatuvchi bo‘lib qola olmasligini bildirgan Belarus rahbari.

Pyotr Poroshenko bilan uchrashuv tafsilotlariga to‘xtalgan Aleksandr Lukashenko bu yig‘ilish tashabbusi bilan unga bevosita Ukraina prezidenti murojaat qilganini aytdi.

O‘z o‘rnida, Pyotr Poroshenko Belarus prezidentiga sammit uchun minnatdorchilik bildirib, Ukraina g‘arbda Yevropa Ittifoqi, sharqida esa Bojxona Ittifoqi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikka tayyor ekanini ma‘lum qildi.

- Biz mazkur uchrashuv maqsadi Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo hududini yaratish, Bojxona Ittifoqi bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni tiklash shart-sharoitlarini muhokama qilish ekanini e‘tirof etamiz. Biroq, Ukraina bugungi kunda istayotgani - tinchlik. Donbassda tinchlik o‘rnatilishi odamlarning azob-uqubatlariga chek qo‘yadi. Shu sababli, savdo-iqtisodiy, energetik masalalardan ham ko‘ra Minsk uchrashuvida ko‘rilajak eng muhimi – tinchlik masalasidir, - dedi Minskka tinchlik o‘rnatish aniq rejasi bilan kelganini aytgan Pyotr Poroshenko.

Poroshenko Ukraina va YeI o‘rtasidagi birlashuvdan Bojxona Ittifoqi mamlakatlari ko‘rajak zararlarni hisob-kitobini olib boruvchi birlashgan monitoring guruhini tuzish, bu hisoblar asosida esa bu zararni qoplash va undan himoyalanish masalalari yechimi ustida bosh qotirish zarurligini to‘g‘risida fikr bildirdi.

Evropa komissari Ketrin Eshton G‘arbning Ukraina bo‘hroni masalasida G‘arb pozitsiyasini ochiqlab, bu uchrashuvga katta ishonchlarni bog‘layotganini gapirdi.

- Biz Ukraina tanlagan, Ukraina xalqi borayotgan yo‘lni qo‘llab-quvvatlaymiz, - dedi Ukraina o‘z o‘rnida sharqdagi qo‘shnilari bilan do‘stona munosabatlarni tiklashi zarurligini uqdirgan Eshton xonim.

Qozog‘iston yo‘lboshchisi Nursulton Nazarboyev uchrashuvda mojaroni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflari bilan so‘zga chiqdi.

Nazarboyevga ko‘ra, birinchidan – Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatish, ikkinchidan – harbiy harakatlarni to‘xtatish, uchinchidan – o‘zaro sanktsiyalarni qo‘llashni to‘xtatish va, nihoyat, to‘rtinchi taklif – Ukraina iqtisodiyotini tiklash uchun xalqaro jamg‘arma tuzish.

Biroq, yelbasi Nazarboyev Ukraina sharqida harbiy harakatlarni olib borayotgan va rasman hech kimga bo‘ysunmaydigan qurolli ayirmachilar tuzgan mustaqil hududlarning keyingi taqdiriga to‘xtalmadi.

So‘zga chiqqan Rossiya prezidenti Vladimir Putin yevropaliklarni “Ukraina bozorini osongina qo‘lga kiritgani”da va boshqalarni u yerdan siqib chiqayotganlikda aybladi.

- Ukraina va Bojxona Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni nafaqat saqlab qolish, balki uni taraqqiy ettirish maqsadga muvofiqdir. Ammo savol tug‘ilyapti: Ukraina va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida birlashuv to‘laqonli ishga tushganida buning hammasiga erishib bo‘ladimi? - dedi Vladimir Putin.

Rossiya prezidenti Ukraina Yevropa Ittifoqi bilan shartnoma imzolasa, “Rossiya iqtisodiyotini himoya qilish” maqsadida Ukraina importi uchun mavjud imtiyozlarni bekor qilinishidan ogohlantirdi.

26 august kuni oqshom Putin va Poroshenkoning Minskdagi uchrashuvi qariyb 2 soat davom etdi. Uchrashuv natijalari bo‘yicha matbuot oldida qilgan chiqishida Vladimir Putin Ukraina sharqidagi aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish, gaz masalalari muhokama etilganini bildirdi. Shuningdek, Rossiya rahbari Ukrainadagi qonli to‘qnashuvlarga o‘z mamlakatining aloqasi yo‘qligini yana bir bor ta‘kidlab o‘tdi.

Ikki davlat rahbarining uchrashuvlarining 27 avgust kuni oqshom yakuniga yetdi.

Rossiya davlat rahbari kuni kecha Ukraina hududida qo‘lga tushgan Pskov desantchilari masalasiga ham jamoatchilik e‘tiborini qaratib, ular qo‘shni davlat hududiga “adashib kirib ketgan bo‘lishi mumkinligi”ni aytdi. Vladimir Putin Kiyev, Donetsk va Lugansk jangovar harakatlarni to‘xtatish masalasini o‘zaro kelishib olishi kerak, dedi. “Biz Rossiya, bu haqda biz gapira olmaymiz”, dedi u qo‘shni mamlakat ishlariga Rossiya aralashmasligini bildirib.

Poroshenko tomonlar Ukraina kuchlari va rossiyaparast ayirmachilar o‘rtasidagi jang harakatlari to‘xtatilishi bo‘yicha Kiyev taklifini qo‘llagani hamda bu boradagi “yo‘l xaritasi” qisqa muddatlar ichida hozirlanajagini bildirdi.

Kiyev va G‘arb Rossiyani Ukraina sharqidagi ayirmachilarni dastaklayotganlikda va ularni qurol-aslaha bilan ta‘minlayotganlikda ayblab keladi. Moskva esa bu ayblovlarni rad etib keladi.

XS
SM
MD
LG