Линклар

Xabarovsk politsiyasi markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining ikki guruhi o‘rtasida kelib chiqqan ommaviy mushtlashuvni to‘xtatib qoldi. Janjalga bir ayolning haqoratlangani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Rossiyaning Uzoq Sharqida joylashgan Xabarovsk shahrida mehnat muhojirlari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv bo‘ldi.

Bu xabarni tasdiqlagan Xabarovsk viloyati bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati hodisa 23 avgust kuni tunda Danilovskaya ko‘chasida sodir bo‘lganini tasdiqladi.

- Markaziy Osiyodan kelgan 4 fuqaroga nisbatan bezorilik harakatlarini amalga oshirganlikda ayblanib, O‘zbekistonning 3 fuqarosi hibs etildi. Janjalga Markaziy osiyoliklar o‘rtasida birdan kelib chiqqan kelishmovchilik sabab bo‘lgan, - dedi Anna Gerasimova.

Politsiya tarqatgan ma‘lumotga binoan, Xabarovskning 11 politsiya bo‘limiga mushtlashuv joyidan 11 kishi keltirilgan. Tekshiruv natijasida Xabarovsk viloyati maxsus priyomnigiga 5 nafar hujjati joyida bo‘lmagan o‘zbekistonlik yuborilgan. Huquq-tartibot organlari ular ma‘muriy javobgarlikka tortilishi va Rossiyadan deportatsiya qilinishini gapirmoqda.

Mushtlashuv paytida bitta o‘zbekistonlik va uchta qirg‘izistonlik jarohat olgani aytildi. Politsiya boshqarmasi mushtlashuv millatlararo nizo asosida kelib chiqmagani, ikkala mushtlashgan tarafda ham qirg‘iz, ham o‘zbeklar borligini takidlamoqda.

Mushtlashuvda ishtirok etganlarga ko‘ra, ikki tomonda jami 40-45 kishi mushtlashuvda ishtirok etgan. Janjalga bir kishining boshqa birining rafiqasini haqorat qilgani sabab bo‘lgan. Ikki kishining “razborkasi”ga keyinroq har tarafdan o‘nlab odam qo‘shilib ketgan.

Danilovskaya ko‘chasidagi bezorilik yuzasidan Xabarovsk shahri bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Aytish joizki, migrantlarning Rossiyadagi ommaviy mushtlashuvlari birinchi marotaba bo‘layotgani yo‘q.

Joriy yilning 26 mayida Moskva-Siti qurilishida ishlayotgan muhojirlarning ikki guruhi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ommaviy mushtlashuvda 50-ga yaqin quruvchi ishtirok etgani; 19 may kuni Sankt-Peterburgning Kirov tumanida ham mehnat muhojirlari orasida ommaviy mushtlashuv bo‘lib o‘tgan edi.

Shaharning Komsomolskaya maydonidagi to‘qnashuvda 15 kishigacha odam ishtirok etgani, 29 yoshli o‘zbekistonlik Eldor Bo‘tayev hodisa joyida ko‘kragidan pichoq bilan zarba olib nobud bo‘lgani, boshi yorilgan yana bir kishi - Boturov Sh., og‘ir ahvolda mahalliy klinikaga olib ketilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG