Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:59

Dushanbeda mahalliy taksichini so‘ygani gumon qilingan zobitlar ushlandi


Tojikistondagi Rossiyaning 201-harbiy bazasi askarlari
Tojikistondagi Rossiyaning 201-harbiy bazasi askarlari

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi dushanbelik taksichini vahshiylarcha o‘ldirishda gumon qilingan Rossiyaning Dushanbe shahridagi 201-harbiy bazasi ofitserlari ismlarini ochiqladi. Bu harbiy diviziyaning 2 zobiti ayni paytda qo‘lga olingan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb sahifasida mahalliy taksichi 36 yoshli Rahimjon Teshaboyevni o‘ldirganlikda gumon qilingan Dushanbedagi Rossiyaning 201-harbiy diviziyasi ikki zobiti ism-familiyasi e‘lon qilindi.

Xabarda aytilishicha, Tojikistondagi Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli 201-harbiy bazaning 31691 raqamli harbiy qismida xizmat qilgan bo‘lim komandiri, 24 yoshli Eldar Saxapov va mazkur harbiy qismning vzvod komandiri o‘rinbosari 24 yoshli Fyodor Basimov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Rudakiy tumani ichki ishlar bo‘limidagi Ozodlik manbasining ma‘lum qilishicha, zobitlar 19 avgust kuni Dushanbe yaqinidagi ko‘ldan o‘lik holda topilgan taksichi Rahimjon Teshaboyevni vahshiylarcha o‘ldirganlikda gumon qilinmoqda.

Manbaning aytishcha, gumon qilinganlar 26 avgust kuni hibsga olingan va ular ichki ishlar bo‘limining izolyatorida saqlanmoqda.

Biroq 201-harbiy baza vakillari hanuzgacha mahalliy taksichini o‘ldirganlikda gumon qilingan harbiylar hibsga olinganini rad ham etmadi, tasdiqlamadi ham.

Tergovga yaqin manbaning aytishicha, ikkala zobit Rudakiy tumani prokuraturasi va rossiyalik harbiy tergovchilar tomonidan so‘roq qilingan.

Manbaga ko‘ra, Fyodor ismli zobit taksichi Rahimjon Teshaboyevdan 1500 dollar qarzdor bo‘lgan va u bu muammoni “hal qilish” uchun taksichini 18 avgustda baliq oviga taklif etgan. Ko‘l yaqinida Fyodor haydovchini ushlab turgan, Eldar esa uning tomog‘iga pichoq tortgan.

Militsiya xabariga ko‘ra, bir qancha gematomalar paydr bo‘lgan va bo‘yni kesilgan Teshaboyevning jasadi Rudakiy tumani Chimtepa qishlog‘idagi ko‘ldan 19 avgust kuni topilgan.

O‘ldirilgan haydovchining ukasi Rustamjon Teshaboyevning aytishicha, uning akasi doim 201-harbiy baza yaqinidagi “Giprozemgorodok” stoyankasida taksichilik qilgan va harbiy bazaning askaru zobitlari uning doimiy mijozlari bo‘lgan.

Tergov jarayonida uning “Opel-Astra” avtomobilidan Rossiya fuqarolariga oid bir nechta pasport topilgan. Aftidan, bu nasiyaga taksiga chiqqan mijozlarning pasportlari bo‘lgan. Dastlabki tergov ma‘lumotlariga ko‘ra, taksichi g‘oyib bo‘lishidan bir necha soat oldin rossiyalik harbiylarni shahar chetiga olib chiqqan.

36 yoshli Rahimjon Teshaboyev uch farzandning otasi bo‘lib, asosan o‘zbeklar istiqomat qiladigan Rudakiy tumanining Varzob sovxozida yashagan.

Rossiyaning 201-harbiy bazasi rasmiylari hozircha bu voqeaga izoh bergani yo‘q.

XS
SM
MD
LG