Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:15

Eronda 3G Internet harom mazmunida fatvo berildi


Eronda mutaassib oyatulloh Nosir Mukarram Sheroziy yuqori tezlikdagi mobil Internet aloqasini "shariatga zid" deb qoraladi. Eronda yillar davomida 3G Internet xizmatini taqdim qilib kelgan yagona uyali aloqa operatori yoniga birdaniga 2 tasi qo‘shilgach, oyatulloh shunday bayonot berdi.

Oyatulloh Nosir Mukarram Sheroziy yuqori tezlikdagi mobil Internet va 3G Internet aloqasini "noislomiy" hamda musulmonning "ma‘naviy va insoniy hulqi"ini buzuvchi, deb qoraladi.

Eron rahbariyatini mamlakat xalqiga tezkor Internet xizmatini taqdim etishdan oldin undagi "salbiy ta‘sirga ega axborot"ni cheklovchi choralarni ko‘rib qo‘yishni talab qildi.

Ayni paytda Sheroziy, cheklangan bo‘lsa-da, yuqori tezlikdagi mobil Internet xizmati taqdim etilarkan yoshlar "aksil-islomiy" kinolarni ko‘rish uchun ma‘muriyatga pul berishga hozirligi, natijada korruptsiya kuchayishi mumkinligini urg‘uladi.

O‘z rasmiy saytida chop qilgan bayonotida oyatulloh mamlakat rahbariyatini bu borada Eronda Internet olamini nazorat qiluvchi bosh organ sanalgan Kibermakon Oliy kengashi bilan maslahatlashish shartligini ta‘kiladi.

"Rahbariyatdagilar bundan faqatgina moddiy manfaat qozonish haqida o‘ylashi kerak emas, balki bu dasturga diniy intellekt hamda ta‘lim erkinligi manbai o‘laroq qarashlari lozim" deb yozdi, jumladan, oyatulloh Sheroziy.

Shuningdek, u mamlakat Adliya tizimi mulozimlarini bu "o‘ta muhim masala"ga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

Oyatullohning keskin bayonoti Eronda tanilgan faol dindorlar guruhi tomonidan yo‘llagan murojaatga javoban yangradi. Faollar Sheroziydan mamlakatda 3G Internet xizmatini ko‘rsatayotgan yagona mobil shirkati - Rightel yoniga yana 2 ta shirkat qo‘shilayotgani oqibatlaridan xavotirini bildirdi.

Oyatulloh Nosir Mukarram Sheroziy
Oyatulloh Nosir Mukarram Sheroziy

Etakchi dindorlar xavotiricha, "harom"dan tozalanmagan Internet aloqasi vositasida mamlakat musulmonlari "ahloqsiz kino va fotolar", "oilaviy muhitni buzadigan materiallar"ni olishi hamda "mamlakatga doir ishonchli ma‘lumotlarning sotilishiyu, josuslik rivojlanishi mumkin".

Oyatullohga yetakchi dindorlar yo‘llagan ochiq maktub va unga berilgan keskin javob prezident Hasan Ruhoniyga nisbatan oyatulloh etagini tutgan dindor rahbarlar e‘tirozini yanada kuchaytirdi.

Hasan Ruhoniy prezidentlikka kelganidan buyon Internet tizimi ustidan yillar davomida saqlanib kelayotgan kuchli nazoratni susaytirish va virtual axborot makoniga kirish imkonini erkinlashtirishni va‘da qilmoqda.

Ruhoniy ayni paytda Erondagi Kibermakon Oliy kengashi raisi hamdir va bu kengashdagi qaror faqat rais emas, balki kengashning barcha a‘zolari roziligi bilan qabul qilinadi. Kengashning boshqa a‘zolari esa aynan mutaassib konservativ dindor yetakchilar, jumladan Eron Adliya tizimi rahbari, Inqilob posponlari gvardiyasi qo‘mondonlaridir.

Mazkur kengash 2012 yilda oliy rahnamo Ali Homanaiyning katta tezlikdagi Internet vositasida tarqalayotgan zararli axborotdan eronliklarni himoya qilish maqsadida chiqargan qarori asosida tuzilgan.

Lekin shu yil avvalida Hasan Ruhoniy bu qarorga zid borib, Internetga qo‘rquv manbai emas, balki "imkoniyat manbai" o‘laroq qarash lozimligini aytgan.

Prezidentning: "Biz bunga (Internetga) bir imkoniyat manbai sifatida qarashimiz kerak. Biz fuqarolarimizning global Internet tarmog‘iga qo‘shilish huquqini tan olishimiz shart" degan so‘zlari IRNA axborot agentligi tomonidan chop etilgan edi.

Yuqori tezlikdagi 3G Internet aloqasini qoralashi, oyatulloh Mukarram Sheroziyning virtual axborot olamiga qarshi bergan ilk bayonoti emas. Bundan avval u Internet orqali video-qo‘ng‘iroqqa qarshi chiqqan va buni foydasidan ko‘ra, zarari ko‘p bo‘lgan vosita, deb qorlagan edi.

Oyatulloh Sheroziyning bir-biridan bahsli bo‘layotgan bayonotlariga munosabat bildirgan Internet foydalanuvchilari esa uning rasmiy sayti sharhlar bo‘limini e‘tirozlarga to‘ldirmoqda.

"Internetni shundoq ham g‘alvirdan o‘tkazib berayotgan bo‘lsangiz, yana nimani istayapsiz? Bu naqadar mantiqsiz da‘vo?" deb savol qoldirdi sharhlovchilardan biri.

Yana biri esa: "Internet bugungi kunda suv va havodek zarur" deb sharh qoldirdi.

"Bizning qoloq davlatda hamma narsani faqat salbiy tomonlari ko‘rinadi, xolos. Bunaqada uzumni ham harom, deb e‘lon qiling, chunki undan sharob qilinadiku!" deb e‘tiroz bildirdi oyatulloh Nosir Mukarram Sheroziy rasmiy sahifasida sharh qoldirish imkoniga ega bo‘lgan yana bir mushtariy.

XS
SM
MD
LG