Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:25

Farg‘onada pilla tashkiloti rahbari qo‘shib yozishda ayblanib qamaldi


Surxondaryoda narkokuryerlar 6 million dollarlik geroinni tashlab qochdi. Toshkentda tunda internet kafega borgan bolalarning ota-onasi jarimaga tortildi. Sirdaryoda Humo qushi tasvirlangan ko‘hna shamdon topildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

“Narkokuryerlar 6 million dollarlik geroinni tashlab qochdi”

O‘zbekiston chegarachilari Tojikistondan olib o‘tilayotgan 62 kilogramm geroinni musodara qildi (“Noviy vek”, 28 avgust). Voqea Surxondaryo viloyati Uzun tumanida ro‘y bergan. Chegarachilar Tojikiston tomonidan ikki nafar shaxs chegarani buzib o‘tganini ko‘rib ularni ogohlantirgan. Ikki noma‘lum shaxs chegarachilarni ko‘rgach, qo‘llaridagi to‘rtta qopni tashlab Tojikiston hududiga qochishgan. Qoplarda afg‘on geroini borligi aniqlangan. Qayd etilishicha, umumiy qiymati 6 million dollarlik 62 kilogramm geroin million nafar giyohvandga bir martalik doza sifatida yetadi.

“Pilla tashkiloti rahbari qo‘shib yozish, poraxo‘rlik va ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanib kelgan”

Farg‘ona viloyatidagi “Buvayda-Yangiqo‘rg‘on pilla” korxonasi raisi qo‘shib yozish, poraxo‘rlik kabi jinoyatlarda ayblandi (“Huquq”, 28 avgust). Mansabdor nomi oshkor etilmagan, ammo u 63 yoshli shaxs ekani aytilgan. Tashkilot 2013 yilda 159,9 tonna pilla sotish rejasini bajarmagan. Shundan keyin pilla korxonasi rahbari 126,5 tonna aslida yo‘q pillani soxta hujjatlar tayyorlab, “davlatga sotgan”. Shu tariqa tumandagi yuzdan ziyod fermer xo‘jaliklari nomiga asli mavjud bo‘lmagan pilla qo‘shib yozilgan. Jinoyat ishiga oid boshqa tafsilotlar, shuningdek, mansabdorga tayinlangan jazo ochiqlanmagan.

“O‘zbekistonda soch ektirish qanchaga tushadi?”

O‘zbekistonda bir tola soch o‘tqazishning o‘rtacha narxi 4350 so‘mni tashkil etadi. Umuman, soch o‘tqazish muolajalari soch miqdoriga ko‘ra 435 ming so‘mdan 4,5 million so‘mgacha tushadi (“Oila davrasida”, 28 avgust). Tibbiyot fanlari nomzodi Ilhom Rahimovning aniqlik kiritishicha, to‘kilayotgan sochlarni bir kundayoq o‘stirib yuborib bo‘lmaydi. Muolaja miqdorini shifokor belgilaydi. Aksar hollarda 10 martagacha muolajadan keyin soch to‘kilishi deyarli to‘xtaydi. Muolajalar o‘rtasidagi tanaffus 10-14 kunni tashkil etadi. Bitta muolaja 40 daqiqagacha davom etadi.

“Sirdaryoda Humo qushi tasvirlangan ko‘hna shamdon topildi”

Arxeolog olim Aleksey Gritsin rahbarligidagi ilmiy ekspeditsiya Sirdaryoning Eski Xovos tepaligida Humo qushi tasvirlangan shamdon tutqichini topdi. Bu haqda qator matbuot nashrlari xabar berdi. Olimlar ushbu topilma XI-XII asrlarga taalluqli deb baholamoqda. Eski Xovos Buyuk ipak yo‘lida karvonsaroy vazifasini bajargan. Hozirgacha bu yerdan yana boshqa ko‘plab noyob arxeologik ashyolar topilgan.

“Kontraktga kirgan talabalar bankdan kredit olish imkoniga ega”

O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga to‘lov shartnoma asosida kunduzgi bo‘limga o‘qishga qabul qilingan talabalar tijorat banklaridan ta‘lim krediti olish imkoniga ega (“Adolat ko‘zgusi”, 28 avgust). Ta‘lim krediti o‘qish davri ham hisobga olingan holda bakalavriat bo‘yicha 10 yilgacha, magistratura bo‘yicha 5 yilgacha beriladi. Tartibga ko‘ra, talaba o‘zi yashayotgan hududdagi tijorat bankiga murojaat qilishi mumkin. Yetimlar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va bolalikdan birinchi va ikkinchi guruh nogironlarga foizsiz kredit beriladi. Qolgan talabalarga Markaziy bank belgilagan tartibga ko‘ra o‘zgaruvchan foiz stavkalari belgilanadi, ya‘ni Markaziy bank belgilangan qayta moliyalash stavkasi o‘zgarishi bilan foiz miqdori ham o‘zgaradi. Qonunchilikka muvofiq, kam ta‘minlangan oila farzandlariga kredit bo‘yicha foizning 50 foizi Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan to‘lab beriladi.

“Toshkentda tunda internet kafega borgan bolalarning ota-onasi jarimaga tortildi”

Toshkent shahri Sergeli tumani prokuraturasi kompyuter zallari, internet kafelar va restoranlarda reyd o‘tkazdi. Tuman prokurori Abduqahhor Mullajonovning “Huquq” nashriga ma‘lum qilishicha, bir qator kompyuter klublari va kafelarda tungi 22:00dan keyin Sergeli politexnika; yengil sanoat; turizm va biznes kollejlari talabalari o‘ynab o‘tirgani aniqlangan. Prokurorga ko‘ra, ushbu holatlarga aloqador barcha shaxslarga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Xususan, tunda internet kafeda ushlab olingan talabalarning ota-onalari Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga muvofiq jarimaga tortilgan.

“O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova san‘atdan ketishini ma‘lum qildi”

O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova 40 yoshga to‘lgach san‘atni tark etishini ma‘lum qildi (“Darakchi”, 28 avgust). “Ammo yaqinlarim ayniqsa akam “Ota kasbimizni umrimizning oxirigacha davom ettirishimiz kerak” deb ba‘zan fikrimdan qaytarishadi. San‘at sohasidan ketganimdan so‘ng nima ish bilan shug‘ullanishim haqida o‘ylab ko‘rmaganman” degan taniqli xonanda. Ayni paytda, xonanda Mamazoitova O‘zbekiston mustaqilligiga atab bir nechta yangi qo‘shiq tayyorlagani, bayram dasturida ulardan birini ijro etishini ma‘lum qilgan.

XS
SM
MD
LG