Линклар

Viloyatlardan Toshkentga yo‘lkira ikki baravar qimmatladi


Bayram o‘tib bo‘lguncha Toshkentga qatnaydigan avtobuslar qantarilib turadi.

Bayram o‘tib bo‘lguncha Toshkentga qatnaydigan avtobuslar qantarilib turadi.

Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston viloyatlaridan Toshkentga avtobus qatnovi bekor qilingani bois taksi yo‘lkirasi ikki baravarga qimmatladi. Avtobusda yigirma ming so‘m bilan Navoiydan Toshkentga borishi mumkin bo‘lgan yo‘lovchi endi taksiga 80 ming so‘m to‘lashga majbur bo‘lmoqda.

Joriy yilning 20 avgustidan boshlab viloyatlardan avtobus va mikroavtobuslarda Toshkentga yo‘lovchi tashish to‘xtatilgani sabab, taksilarning narxi ko‘tarilib ketdi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan navoiylik manbaning aytishicha, taksi narxlari ikki baravarga qimmatlagan:

“Navoiy-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha avtobuslar qatnamayapti. Faqat taksi yuryapti. Avval taksida Toshkentga borish bir kishiga 40 ming so‘m edi, hozir esa 80 ming so‘mdan olib ketishyapti. Oddiy odamlar uchun avtobus qulay edi, 20 ming so‘mga olib borib qo‘yardi”, dedi manba.

Ismi sir qolishini so‘ragan jizzaxlik tadbirkor ham yo‘lkira ikki barvarga ko‘tarilganini aytdi:

- Men o‘zim bir oy oldin Toshkentga taksida 15 ming so‘mga borgandim. Kecha qo‘shnilarim borib keldi. Ularning aytishicha, taksi 25-30 ming so‘mga olib ketyapti ekan, dedi jizzaxlik tadbirkor.

Ozodlik manbalari bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridan Toshkentga keladigan taksilarning yo‘lkirasi ham 1,5-2 baravarga ko‘tarilgan.

Bundan bir hafta oldin Sirdaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi Avaz Anorqulov Ozodlik bilan suhbatda avtobuslar qatnovi Ichki ishlar vazirligi buyrug‘i asosida to‘xtatilganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG