Линклар

logo-print

Rossiya G‘arb mahsulotlari uchun o‘z eshiklarini yopishi ortidan O‘zbekiston uchun ochilgan iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish masalasi shu kunlarda Rosiyaning Tyumen viloyatida muhokama qilinmoqda. Joriy haftada O‘zbekiston qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanadigan “Uzinterimpeks” davlat shirkati mutasaddilari Tyumen savdo palatasi vakillari bilan uchrashishdi. Uchrashuv paytida O‘zbekistonda yetishtirilgan poliz maxsulotlarini Tyumen bozorlariga yetkazib berishning yangi ko‘lami muhokama qilindi.

“Uzinterimpeks” davlat shirkati pilot loyihalar departamenti vakili Mirsaid Mirxodjayevning Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekistondan Rossiyaga yetkaziladigan meva va sabzovot eksporti hajmi yana oshadi.

Rasmiy Kreml Rossiyaga qarshi sanksiya joriy qilgan G‘arb mamlakatlaridan qishloq xo‘jalik mahsulotlari importini taqiqlovchi farmonni imzolaganidan keyingi vaziyat O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochgani ta‘kidlanmoqda.

Endilikda sanksiyalar bois bo‘shagan Rossiya bozorlarini O‘zbekistondan olib kelinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bilan to‘ldirish imkoni paydo bo‘ldi.

“Uzinterimpeks” davlat shirkati pilot loyihalar departamenti vakili Mirsaid Mirxodjayevga ko‘ra¸ bu imkondan unumli foydalanish istiqbollarini o‘zbek mulozimlari Rossiya mintaqalari gubernatorlari bilan muhokama qilmoqda:

- Bunday uchrashuvlar juda samarali bo‘lmoqda. Biz O‘zbekistonda yetishtirilgan qovun-tarvuzlar namunalarini Tyumendagi hamkorlarimizga taqdim qildik. Samara kutganimizdan ko‘ra a‘lo. O‘zbek qovun-tarvuzlari¸ oshqovoq va meva maxsulotlariga xaridor ko‘p¸- deydi suhbatdosh.

O‘zbek “torpedalari” Rossiyaliklar oshqozonini nishonga olmoqda

“Uzinterimpeks” davlat shirkati mulozimi Mirsaid Mirxodjayev Rossiya bozorlarida talab katta bo‘lgan mahsulotlar orasida “torpeda” navli qovunlar eng xaridorgiri bo‘lib qolmoqda, deydi.

- Shaklan torpedaga o‘xshaydigan bu qovunlarning mazasi ispan qovunlaridan ancha baland. Shirasi tilni yoradi. Hozir Rosssiya bozorida bu qovunlar savdosi chaqqon¸- deydi suhbatdosh.

O‘zbek qovunlari Rossiyada haridorgir

O‘zbek qovunlari Rossiyada haridorgir

Ozodlik suhbatlashgan ba‘zi mutaxassislar o‘zbek dehqonlarining Rossiya bozoriga meva yetkazib berish imkoni xayrli ekanini ta‘kidlagan bo‘lsa¸ fermerlar buning oqibatida O‘zbekiston bozorlarida narx ko‘tarilishi oqibatlaridan gapirishdi.

Ozodlik suhbatlashgan xorazmlik fermer Shuxrat Ikromov O‘zbekiston qishloq ho‘jaligi uchun ochilgan yangi istqibollar haqida gapirar ekan, bu asnoda mamlakat bozorlarida go‘sht va poliz mahsulotlarining qimmatlashi ehtimoliga ham to‘xtaldi:

- Rossiya o‘z kunini o‘zi ko‘rsin. Hozir 150 million kishilik Rossiya bozori O‘zbekistondagi meva-chevalarni birdaniga sotib ola boshlasa, narx ko‘tariladi. Bu tijoratdan fermerning kosasi oqarishiga ham ishonmayman. Ulgurji savdoni monopoliya qilgan bir xovuch odamgina buning hayrini ko‘radi holos¸- deydi xorazmlik fermer.

O‘zbekiston Qishloq va suv ho‘jaligi vazirligidagi Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ O‘zbekiston 2016 yil oxiriga qadar Rossiyaga meva va sabzovot eksporti hajmini ikki baravar oshirishi mumkin.

Ayni manbaga ko‘ra¸ O‘zbekiston o‘tgan yili Rossiyaga 200 ming tonna meva-sabzavot eksport qilgan. Bundan mamlakat 300 million AQSh dollari miqdorida foyda ko‘rgan.

Bu yil O‘zbekiston Rossiyaga 250 ming tonna meva-sabzavot yetkazib berishni rejalamoqda.

Hozir O‘zbekiston chetga eksport qiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 80 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG