Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:11

Hokimiyatlar paxta terimchilarining pasport nusxalarini talab qilmoqda


Hademay O‘zbekistonda paxta terimiga ommaviy safarbarlik boshlanadi
Hademay O‘zbekistonda paxta terimiga ommaviy safarbarlik boshlanadi

O‘zbekiston viloyatlarida paxta terimi mavsumi boshlanishi oldidan hasharga safarbar etiladigan byudjet tashkilotlari xodimlari va mahallada yashovchi ishsizlarning pasport nusxalari olinib, hokimiyatga topshirilyapti. Tumanlarda o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarda mahalliy hokimlar har bir tashkilot va mahalladan terimga qancha odam chiqishi haqida aniq ma‘lumot talab qilyapti.

O‘zbekistonda paxta terimi mavsumiga sanoqli kunlar qolayotgani bois mahalliy hokimiyatlar terimga imkoni boricha ko‘proq hasharchini jalb qilish maqsadida turli choralarni ko‘rmoqda.

Mustaqillik bayrami arafasida tumanlarda o‘tkazilgan yig‘ilishlar ham asosan paxta terimiga tayyorgarlikka bag‘ishlanyapti.

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi Ozodlik manbasining aytishicha, byudjetdan maosh olib ishlaydigan har bir tashkilot bu yil paxtaga chiqadigan xodimlar pasportlarining nusxasini hokimiyatga topshirishi talab qilinmoqda:

- Kuni-kecha tuman hokimi majlis o‘tkazdi. Keyin tashkilotlar o‘zlari ham yig‘ilish qilib paxtaga chiqishni muhokama qilyapti. Paxta terimiga chiqadiganlarning pasportlari kserokopiyalarini yig‘ib hokimiyatga olib borib topshirishdi. Bu shuncha odam paxtaga chiqadi deb kafolat berish ekan,- deydi manba.

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida istiqomat qiladigan Haydarjon esa, mahalliy hokimlar paxta mavsumida to‘y va maraka o‘tkazishni butunlay man qilganini aytadi:

- Paxta paytida to‘y qilganlar jarimaga tortilar ekan. Endi bo‘lajak kelin-kuyovlar qarab o‘tirishadi-da, qachon paxta tugarkin deb. Axir bir oila qurilyapti, jamiyatning bir bo‘lagi. Osmondan tosh yog‘adimi, yer yoriladimi, bunga to‘siq bo‘lishi kerak emasku. Lekin bizda paxta odamlarning shaxsiy hayotiga ham aralashyapti,- deydi Haydarjon.

Jizzax viloyati hokimligi vakili Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, hasharchilarning pasport nusxalarini yig‘ishtirib olish ularning mas‘uliyatini kuchaytiradi, deya ta‘kidladi:

"To‘g‘ri hokimlar shunday qilishmoqda. Tashkilotda ishlab turgan hasharchi pasportining kserokopiyasi olinsa, unda mas‘uliyat kuchayadi, ko‘proq paxta teradi", dedi hokimlining o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

Paxta terimiga jalb qilinadigan hasharchilarning pasport nusxalari majburan olinib, hokimiyatga topshirish holatlari O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham kuzatilmoqda.

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanidagi kollejlardan birining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchisiga ko‘ra, mahalladagi ishga yaroqli odamlarning pasport nusxalari olinyapti:

- Ayniqsa, uyda o‘tirgan xotinlarning hammasini pasport nusxalarini olishyapti. Mahalla faollari uyma-uy yurib “men paxta terimiga chiqaman” degan kafolat xatlarini pasport nusxalariga qo‘shib hokimiyatga topshiryapti. Chiqmayman deganlarga “bolalar nafaqasini kesamiz” deb tahdid qilinyapti,- dedi bag‘dodlik o‘qituvchi.

Ayni shunday holat Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida bo‘layotgani haqida Ozodlik manbalari xabar bermoqda.

Ohangaron shahridagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchi ham Ozodlikka bergan intervyusida, ular mehnat ta‘tili paytida uyma-uy yurib, paxta terimiga odam yig‘ishga majburlanayotganini gapirgan edi:

- Bizda o‘qituvchilarning birinchi, ikkinchi potokka kim borishi ro‘yxati allaqachon tayyor. Endi direktorimiz, har bir o‘qituvchiga o‘zining mahallasidan paxtaga kim chiqishini yozib kelishni buyurdi. Har bir uyga kirib, paxtaga kim borishini, pasportini kserokopiyasini olib kelishimiz kerak. Mana hozir yozib keldim,- degan edi o‘qituvchi.

So‘ngi yillarda O‘zbekistonda maktab, bog‘cha, kollej, institut, universitet, shifoxona, zavod-fabrika va boshqa davlat idoralari ishchi-xizmatchilarini yilning to‘rt faslida turli ishlarga majburiy tarzda jalb qilish holatlari ko‘paëtgani kuzatilayapti.

O‘zbekiston maktab o‘quvchilarini paxta terimiga majburiy chiqarishni to‘xtatganidan so‘ng, asosiy og‘irlik byudjetdan maosh olib ishlaydigan idoralarning ishchi-xizmatchilari bo‘yniga tushmoqda.

XS
SM
MD
LG