Линклар

31 avgust - Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunida Toshkentdagi "Shahidlar xiyoboni"ga borgan prezident Karimov ulamolardan aholini "Islomiy davlat" xavfidan ogohlantirishni "iltimos qildi". Bir yoniga muftiy Usmonxon Alimov, bir yoniga esa Toshkent imom-xatibi Anvar qori Tursunovni olgan prezident Iroqdagi "bemaza, notanish oqim" vakillarini O‘zbekiston ostonasiga yaqinlashtirmaslik lozimligini urg‘uladi.

O‘zbekistonda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan 31 avgust kuni tongda “Shahidlar xotirasi” xiyoboniga borgan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi rahbarlarini diniy terror xavfidan jiddiy ravishda ogohlantirdi.

Odatdagidek avvaliga sobiq sovet zamonidagi qatag‘on qurbonlarini xotirlagan va ularning ruhi tilovat qildirgan Islom Karimov ikki yonida oppoq kiyimda o‘tirgan ulamolarni suhbatga tortdi.

"O‘zbekiston" televideniyesi orqali namoyish qilingan nutqi avvalida mamlakatining tinch-osoyishta ekani, xalqining esa bundan rozi ekani va bu hol, O‘zbekistonni tashlab qochgan ichki dushmanlar, ayni paytda chetdan g‘ayirlik qilayotgan tashqi dushmanlarning "hasadini qo‘zg‘ayotgani"ni urg‘ulagan prezident Iroqdagi vaziyatdan so‘z ochdi:

“Qarang, Iroqda nimalar bo‘layapti?!. Bir bemaza, mutlaqo avval bilinmagan oqimlarning vakillari nimalar qilayapti?! Shia bo‘ladimi, sunna bo‘ladimi, boshqasi bo‘ladimi - hammasi Makkayu Madinani yagona markazimiz, o‘zimiz e‘tiqod qiladigan joy, deb hisoblaymiz, to‘g‘rimi? Ular bo‘lsa, Makkayu Madinani pisand qilmasa, hech aqlga sig‘maydigan tashviqotlarni tashkil qilsa, musulmonlarni dunyosi, olami nima bo‘ladi?! Agar kimki bu oqimlarga o‘z vaqtida zarba bermasa, nima bo‘ladi?! Bizning diniy idoramiz bu masalada qanday ishlarni qilayapti?" - deya savol bilan yuzlandi chap yonida o‘tirgan muftiy Usmonxon Alimovga qarata prezident Islom Karimov.

O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi rahbari Usmonxon Alimov esa darhol javob berdi:

"Bular din dushmani, islom dushmani. Bizning idora ham ularni insoniyat dushmani, islom dushmani ekanini ochiq-oydin ko‘rsatayapti!"

Islom Karimov esa, aftidan, Iroq va Shomdan turib, O‘zbekistonga tahdid qilayotgan "Islomiy davlat" safidagi o‘zbekistonlik janggari-jihodchilarni nazarda tutgan holda, ulamolarni yana ogohlantirdi:

"Biz yoshlarga qanday tushuntirib berishimiz kerak, bu balo qayerdan paydo bo‘ldiyu kimga qanday ta‘sir o‘tkazishi mumkin? Bularning ta‘siri kuchayib, ko‘p musulmonlarni noto‘g‘ri yo‘llarga boshaqarayapti-ku! Musulmonlar idorasi imom-xatiblari joylarda, avvalombor o‘zi xabardor bo‘lishi kerak va joylarda tushuntirish ishlari olib borishi kerak. Men o‘ylaymanki, balkim Samarqandga borib, Imom Buxoriy xalqaro musulmonlar markazida majlis o‘tkazib, dunyoda bo‘ladigan ishlar haqida maslahatlashib olish kerak. E‘tibor bering, maslahatlashib, deyapman. Buyruq degan narsa musulmonlar olamida bo‘lmasligi kerak. Buyruq bu — fatvo. Har qanday majlisda buyruq berish noto‘g‘ri", dedi bot-bot ikki yonidagi ulamoga ma‘noli qarash qilib gapirgan prezident.

O‘zbekiston televideniyesi orqali namoyish qilingan qariyb 15 daqiqalik nutqi davomida prezident o‘z vaqtida bu yot oqimlarga qarshi chora ko‘rilmasa, bu oqimlarni boshqarayotganlar O‘zbekistondagi "musulmonlarning miyasini zaharlab", O‘zbekistondagi hukumatga "qarshi qilib qo‘yishi mumkin"ligini ta‘kidladi.

"Buning oqibati nimaga olib kelishini hech kim aytolmayapti. Menga tashvish solayotgan tomoni shuki, ertangi kunimiz qanday bo‘lishidan xabardor bo‘lmasdan, ertangi kunimizni ko‘rolmaymiz. Biz bunaqa bemaza, avval ko‘rilmagan oqimlardan qanday ehtiyot bo‘lishimiz kerak?! Bularga nisbatan o‘z fikrimizni bildirishimiz kerak. Ostonamizga yaqinlashtirmasligimiz kerak. Chunki hozir musulmon dunyosida qarama-qarshilik paydo bo‘lgan. Men hozir buning oqibatini bilolmasam, qanday tinch bo‘laman?!" deb yana yonidagi oppoq sallali ulamolarga savol tashladi prezident Karimov.

So‘ngra esa prezident har bir gapini qayta-qayta bosh silkitib, ma‘qullab turgan ulamolarga iltimos shaklida ta‘riflagani tavsiya-topshiriqni berdi:

"Musulmonlar bilan ochiqchasiga gaplashib olish, o‘ylaymanki, Mustaqillik arafasida zarur. Hammaning qulog‘i bitgan, ko‘zi ko‘r bo‘lmasligi kerak. Agar idorangiz zamon bilan hamnafas bo‘lmasa, musulmonlar boshqa oqimlarga kirib ketishi men uchun katta muammo. Kimdir uni qayoqqadir yetaklab olib borib, uning miyasini o‘zgartirib, bizga qarshi qilib qo‘ysa?! Qarang, osmonimiz musaffo. Shu osmonimizni ko‘rib, unga rozi bo‘lib, shukronalik bilan yashayotgan xalqimizni har tomonlama asrash kerak! Asrash kerak, deganim o‘z vaqtida balo-qazolardan ogohlantirish, ikkinchidan, dunyodagi noaniq voqealardan xabardor qilish kerak. Ko‘zi ochiq, qulog‘i eshitib tursa, xalqimizning o‘zi oqdan qorani ajratishga qurbi yetadi. Men bunga ishonaman!" deb gapiga xulosa yasadi O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov.

Shu kuni prezident Karimov Mustaqillik maydoniga ham bordi va u yerdagi Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.

Unga hamroxlik qilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va jamoatchilik nomidan ham yodgorlik poyiga gullar qo‘yildi.

XS
SM
MD
LG