Линклар

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri so‘nggi oylarda Suriya va Iroq hududining katta qismini egallab olgan “Islomiy Davlat” guruhiga qarshi kurashda “global koalitsiya” tuzishga chaqirdi. "New York Times" gazetasida chop etilgan maqolasida Jon Kerri jihodchilarning “genotsid rejalari”ga qarshi imkon qadar ko‘p davlat ishtirokida koalitsiya tuzish kerakligini ta‘kidlagan. Ayni paytda Yevropa Ittifoqi davlatlari ham “Islomiy Davlat” guruhiga qarshi kurash yo‘lidagi urinish ikki hissaga kuchaytirilishini e‘lon qildi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining maqolasi “qutblashgan mintaqa va murakkab dunyoda Iroq va Shom Islomiy Davlati (IShID) qator mamlakatlar, jumladan, Qo‘shma Shtatlarga mushtarak tahdiddir”, degan so‘zlar bilan boshlangan.

Maqolada Jon Kerri terrorchilarning har qanday qonun va me‘yorlarni inkor etuvchi nigilistik qarashlari va genotsid kun tartibiga global koalitsiya qarshi tura olishi ta‘kidlangan.

Al-Qoidadan ajralib chiqqani aytiladigan “Islomiy Davlat” guruhi so‘nggi haftalar mobaynida Suriya va Iroq shimolidagi katta hududlarni, jumladan, Mo‘sul va Tikrit shaharlarini ham bosib oldi.

Avgust oyi o‘rtasida “Islomiy Davlat” guruhi Tikrit shahrida harbiy havo kuchlariga yangi qabul qilingan 1700 nafar shia askarini o‘ldirdi va qatliom aks etgan suratlarni Internet tarmog‘iga joylashtirdi.

16 avgust kuni qarorgohi Londonda joylashgan Suriyadagi inson huquqlari tashkiloti “Islomiy Davlat” janggarilarini ikki hafta davomida Suriyaning Dayr al-Zor viloyatida yashaydigan qabilaning qariyb 700 a‘zosini qatl etganini bildirdi.

Terrorchilar amalga oshirgan qatliomlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralandi.

30 avgust kuni Milan shahrida Italiya tashqi ishlar vaziri Federika Mogerini bilan matbuot konferentsiyasi o‘tkazgan Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha mutasaddisi Ketrin Eshton “Islomiy Davlat” Yevropa mamlakatlariga ham jiddiy tahdid ekanini ta‘kidlab, ular tahdidiga qarshi kurash choralari kuchaytirilishini bayon qildi.

- YeI vazirlari “Islomiy Davlat” janggarilarining qabul qilib bo‘lmas xatti-harakatlarini qoraladi va biz ularning tahdidiga qarshi kurash yo‘lidagi urinishimizni, mintaqa davlatlari bilan yaqin hamkorlikda, ikki hissaga kuchaytirishga kelishib oldik. Ularning tahdidi faqat mintaqaga taalluqli emas. Bu tahdidning Yevropaga ham bevosita ta‘siri bor, - deya bayonot berdi Ketrin Eshton.

Jon Kerri maqolasida terrorchilik tahdidini bartaraf qilish uchun imkon qadar ko‘p davlat ishtirokida koalitsiya tuzilishi va janggarilarga qarshi kurash olib borayotgan kuchlarga yordam ko‘rsatilishi kerakligini ta‘kidlagan.

“Faqat havodan uyushtirilgan hujumlar bilan dushmanni yengib bo‘lmaydi. Bu dunyo jamoatchiligidan jiddiy yondoshuvni talab qiladi. Biz “Islomiy Davlat” janggarilari bilan front chiziqlarida yuzma-yuz jang qilayotgan Iroq kuchlari va mo‘‘tadil qarashdagi Suriya muxolifatini qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Biz “Islomiy Davlat” janggarilari qudratiga putur yetkazishimiz va axborot vositalaridagi ekstremistik mujdalariga qarshi turishimiz kerak. Biz o‘z xalqimizni himoya qilish uchun o‘z mudofaamiz va hamkorligimizni kuchaytirishimiz kerak”, deya ta‘kidlagan Jon Kerri.

AQSh Davlat kotibining bu chaqirig‘i 4-5 sentabr kunlari Uelsda NATO sammiti bo‘lib o‘tishi arafasida yangradi.

Jon Kerriga ko‘ra, AQSh Mudofaa vaziri Chak Heygel NATO sammitidan tashqari jihodchi-terrorchi guruhlarga qarshi kurashayotganlarga ko‘rsatiladigan yordam ro‘yxatini taqdim etadi.

AQSh Prezidenti Barak Obama “Islomiy Davlat” guruhiga qarshi keng qamrovli dastur ishlab chiqayotganini ma‘lum qilgan.

Jon Kerri NATO sammitidan keyin o‘zi va AQSh mudofaa vaziri Yaqin Sharq mintaqasiga safar qilishini bildirdi. Tashrifdan maqsad terrorchi guruh bevosita tahdid solayotgan davlatlar rasmiylari bilan ularga yordam ko‘rsatish masalasini muhokama qilishdan iborat.

Jon Kerri o‘z maqolasini “Koalitsiya tuzish og‘ir vazifa, ammo u dushmanni mag‘lub etishning eng yaxshi yo‘lidir”, degan so‘zlar bilan yakunlagan.

XS
SM
MD
LG