Линклар

logo-print

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi shoshilinch tibbiy yordam markazining bir guruh feldsherlari OzodMikrofonga murojaat qilib, narkotik va psixotropik dorilar g‘ayriqonuniy ravishda sotilayotgani va ishlatilgan ampulalar feldsherlar nomiga rasmiylashtirayotganini iddao qildi. Dehqonobod tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i esa bu iddaolarni keskin rad qilmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan Dehqonobod tumanidagi shoshilinch tibbiy yordam markazida ishlaydigan bir guruh feldsher markazda yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzarliklar haqida shikoyat qildi:

- Tez yordam markazida ishlaymiz. feldsherlar bo‘limi boshlig‘i O‘ktam Ramazonov narkotik moddalarni g‘ayriqonuniy sotyaptiyu, bizning nomimizga chiqim qilyapti. Biz buni sezib qoldik. O‘zimiz tekshirib ko‘rsak, imzomizni soxtalashtiryapti ekan. Biz bu haqda bosh vrach o‘rinbosariga ham, bosh vrachga ham murojaat qildik, lekin natija bo‘lmadi. Bizning qo‘limizda qaysi narkotik dorilar bizning nomimizga rasmiylashtirilgani, ularning seriya va nomerlari haqida dalil va hujjat, fotosuratlar ham bor, - deydi dehqonobodlik feldsher.

Suhbatdoshning aytishicha, ular yetti nafar tibbiyot xodimi nomidan bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga, O‘zbekiston Bosh prokuroriga va Qashqadaryo viloyati tibbiyot birlashmasiga shikoyat xati yozgan:

- Bir yarim oy bo‘ldi xat yozganimizga, lekin hech qanday chora ko‘rilmadi. Narkotik dorilarni bizning nomimizga rasmiylashtirib, pullash davom etyapti. Dorilar narkomanlarga sotib yuborilyapti. Bundan tashqari, markazda millatchilik qilish avj olgan, - dedi feldsher.

Dehqonobod tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Valisher Umrzoqov Ozodlik bilan suhbatda narkotik dorilarni g‘ayriqonuniy boshqalarga sotilayotgani to‘g‘risidagi feldsherlarning iddaolarini keskin rad qildi:

- Bunaqa bo‘lishi mumkin emas. Narkotik dorini kim ukol qilgani, qanday qilganining har biri joyida rasmiylashtiriladi. Uning ampulasi qaytadan topshiriladi. Komissiya esa uni ko‘rib chiqadi. Albatta buni boshqatdan yana bir tekshirib ko‘ramizu, lekin Ramazonov O‘ktam uni bittasini chiqim qilishga ham haqqi yo‘q. U bizda starshiy, vizovga bormasa, qanday chiqim qiladi? feldsherlar menga bu haqda biror marta ham murojaat qilgani yo‘q. Mana kelishsin, aytishsin - o‘zimiz o‘rganib, tekshirib chiqamiz, - dedi tuman bosh vrachi Valisher Umrzoqov.

******************************************************************************
Muhtaram mushtariy, agar sizni ham tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz, bizga qo‘ng‘iroq qiling ëki Skypeda biz bilan muloqotga chiqing.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilaëtgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas!

XS
SM
MD
LG